04:19 17 Oktyabr 2018
Efir
  • RUB123.85
  • EUR9490.14
  • USD8208.04
Papka s dokumentami

Oʻzbekistonda harbiy pensionerlar ishga jalb qilinadi

Sputnik / Vladimir Fedorenko
Yangiliklar
Havola olish
107701

Mudofaa vaziri oʻrinbosari Ikromovga boy amaliy tajribaga ega boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar orasidan eng munosib shaxslarni oʻqituvchilik faoliyati uchun tanlab olish boʻyicha samarali tizimni joriy etish topshirildi

TOSHKENT, 11 yanv — Sputnik. Yosh avlodimizda qatʼiy hayotiy pozitsiya va Vatanimiz taqdiri uchun yuksak masʼuliyat tuygʻusini shakllantirish alohida muhim ahamiyatga ega. Shuni hisobga olib, mamlakatimizda oʻrta maktabdan boshlab oliy oʻquv yurtlarigacha qamrab oladigan uzluksiz harbiy taʼlim va vatanparvarlik tarbiyasi boʻyicha oʻziga xos noyob va yaxlit tizim yaratilmoqda, deb bayonot qildi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida prezident Shavkat Mirziyoyev.

Ushbu tizim mutlaqo yangi Qurolli Kuchlar akademiyasini shakllantirishni, harbiy bilim yurtlari, litsey va kollejlar faoliyatini takomillashtirishni, "Temurbeklar maktabi" harbiy akademik litseylari tashkil etishni koʻzda tutadi.

Prezident ayrim mansabdor shaxslar yuqoridagi masalaning mohiyati va ahamiyatini yetarli darajada tushunmaganini taʼkidlar ekan, Akademiyada oʻquv jarayonini tashkil qilishda eskicha yondashuvlar hali ham bartaraf etilmaganini aytdi.

"Bunday holat bilan murosa qilib boʻlmaydi. Biz bu masalada doimo zamon bilan birga qadam tashlashimiz, kerak boʻlsa, undan oldinda yurishimiz zarur. Akademiyada va boshqa harbiy oʻquv yurtlarida zamonaviy shart-sharoitlarni xoʻjakoʻrsinga yaratganimiz yoʻq. Aksincha, kursantlarimiz va tinglovchilarimiz taʼlim sohasida eng ilgʻor, innovatsion bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishi zarur. Mana, bizning asosiy maqsadimiz", — dedi Mirziyoyev.

Bundan tashqari, harbiy qoʻshinlarni zamonaviy texnika va qurol-yarogʻ bilan taʼminlash masalasining dolzarb ahamiyatga ega ekanini hisobga olib, yuqori malakali ofitser kadrlarni tayyorlashda xorijiy tillar, jumladan, rus tilini oʻrganishga alohida ahamiyat berish darkorligi aytildi.

Mirziyoyev avlodlar oʻrtasida uzviylik va ustozlik anʼanalari yoʻqolgani singari oʻtkir muammoni koʻtardi.

"Buning sababi, birinchi navbatda, ayrim rahbarlarning oʻziga oʻrinbosarlar tayyorlash, oʻzining "issiq joyi"ni yoshlarga boʻshatib berishni xohlamasligi bilan bogʻliq. Ular yoshlarning malakasini oshirish va xizmat pillapoyalaridan koʻtarilishiga ongli ravishda toʻsiq boʻlmoqda, desak, buyam haqiqat.

Men eʼtibor qaratmoqchi boʻlgan yana bir masala, bu — kadrlarimizni xorijiy davlatlarda tayyorlash bilan bogʻliq. Maʼlumki, biz oshib-toshib ketgan boy davlat emasmiz. Shuning uchun bu masalaga chuqur oʻylamasdan yondashishga haqqimiz yoʻq. Bu borada nomzodlarni har tomonlama puxta saralashimiz va tayyorlashimiz kerak. Toki, ular olgan bilim va tajribalarini keyinchalik amalda qoʻllash va joriy etishga qodir boʻlsin. Shu bilan birga, yangi bilim va gʻoyalarni yanada keng yoyish maqsadida harbiy oʻqituvchilarimizni chet ellarda tayyorlash masalasiga katta eʼtibor qaratish zarur", — dedi prezident.

Bosh vazir Aripov, Davlat maslahatchisi Qosimov, mudofaa vaziri Azizov Akademiya faoliyatini takomillashtirish boʻyicha ishlarning birinchi bosqichini oʻz vaqtida va sifatli yakuniga yetkazishni, navbatdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish, jumladan, tegishli infratuzilmalarni yaratishni taʼminlash topshirildi.

Milliy gvardiya qoʻmondoni Toshmatovga Harbiy-texnika instituti faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qabul qilingan chora-tadbirlarni sifatli va toʻliq amalga oshirishni taʼminlash topshirildi.

"Bu jarayonda oʻzi shaxsan ishtirok etib, mazkur institutni mamlakatimizning eng yaxshi oliy oʻquv yurtlaridan biriga aylantirishi lozim. Kelgusida armiyamiz uchun yuksak malakali tayyor kadrlar, kerak boʻlsa, Qurolli Kuchlar qoʻmondonlari darajasidagi nomzodlar zaxirasi aynan mana shu oʻquv yurtidan yetishib chiqishi zarur", — dedi prezident.

Mudofaa vaziri oʻrinbosari A.Ikromovga yuqorida aytib oʻtilgan muammolarni hisobga olgan holda, kadrlar bilan ishlash, ularni tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha samarali tizim faoliyatini taʼminlasin, oliy harbiy taʼlim muassasalarimiz bilan mamlakatimizdagi va xorijdagi yetakchi oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;

— boy amaliy tajribaga ega boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar orasidan eng munosib shaxslarni oʻqituvchilik faoliyati uchun tanlab olish boʻyicha samarali tizimni joriy etish topshirildi.

Mirziyoyev biz baʼzi harbiy pensionerlarni oʻqituvchilik faoliyatiga jalb etish boʻyicha qaror qabul qilinganini aytdi.

Milliy gvardiya qoʻmondoni B.Toshmatovga Milliy gvardiya oʻquv yurtlarida ham xuddi shunday tizimni joriy etish topshirigʻi berildi.

Shu munosabat bilan Qurolli Kuchlar akademiyasi qoshida mamlakatdagi barcha harbiy taʼlim yoʻnalishidagi oliy va oʻrta maxsus bilim yurtlari faoliyatini oʻquv jarayoni va ilmiy nuqtai nazardan muvofiqlashtiradigan Ilmiy-metodik kengash tashkil etish topshirildi.

Ushbu kengashga raislik qilish Xavfsizlik kengashi kotibi V.Mahmudovga, kengash raisining oʻrinbosari vazifasi esa Davlat maslahatchisi R.Qosimov zimmasiga yuklatildi.

Asosiy mavzular