15:26 24 Avgust 2019
Efir
  • RUB138.47
  • EUR10092.14
  • USD9061.00
Planshet s otkrыtыm v internete saytom

Ijtimoiy tarmoqda reklama joylayotgan blogerlar soliq toʻlashi shart - Soliq qoʻmitasi

Jeshu John
Yangiliklar
Havola olish
17310

Blogerlarning ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar, personal sahifalarda reklama joylashi va shu yoʻl bilan daromad orttirishiga "noqonuniy faoliyat" deya taʼrif berilgan.

TOSHKENT, 12 iyun - Sputnik. Oʻzbekiston Davlat soliq qoʻmitasi mutasaddilari internetdagi maxsus sahifalar va instagram, telegram, feysbuk kabi ijtimoiy tarmoqlarda reklama eʼlonlarini joylashtirish orqali daromad olayotganlar soliq toʻlashlari kerakmi degan savolga javob berdi.

Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi telegram kanalida xabar berildi.

Xususan, Davlat soliq qoʻmitasi Matbuot xizmati vakili Muzaffar-Yusuf Nazarov "daromad olishga yoʻnaltirilgan har qanday faoliyat turi tadbirkorlik hisoblanadi", deya taʼkidlagan.

"Qanday yoʻl bilan daromad topishingizning ahamiyati yoʻq. Davlat roʻyxatidan oʻtishingiz shart. Agar siz daromad topish faoliyati bilan shugʻullanayotgan boʻlsangiz, yo yakka tartibdagi tadbirkor sifatida yo yuridik shaxs sifatida albatta davlat roʻyxatidan oʻtgan boʻlishingiz kerak".

Shuningdek, blogerlarning ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar, personal sahifalarda reklama joylashi va shu yoʻl bilan daromad orttirishiga "noqonuniy faoliyat" deya taʼrif berilgan.

Davlat soliq qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Aydos Qoshanovga koʻra, qonunda blogerlik tushunchasi boʻlmasa-da, lekin kishi kimdandir pul olib, xizmat koʻrsatar ekan, bu xizmat koʻrsatish evaziga haq olish hisoblanadi va xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq holat sifatida qayd etiladi. "Qonunda blogerlik tushunchasi mavjud boʻlmasa-da, xizmat koʻrsatish degan tushuncha bor", - degan u.

Davlat soliq qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Ahmadjon Suyunov ijtimoiy tarmoqda reklama joylab pul topayotgan blogerlar patent, yaʼni yakka tartibdagi tadbirkorni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida guvohnoma olishi kerakligini taʼkidladi.

Agar ijtimoiy tarmoqlarda reklama orqali daromad koʻrayotgan shaxs davlatga soliq toʻlamasa, undan texnika vositasi (telefon, noutbuk, planshet, kompyuter) olib qoʻyilish mumkinligi aytildi.

"Agar kimda-kim noqonuniy ravishda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan boʻlsa, biz undan tadbirkorlikni qanday vosita orqali amalga oshirayotgan boʻlsa, oʻsha vositasini, jihozini olib qoʻyishga toʻlaqonli haqqimiz bor. Bu qonun doirasida kafolatlangan. Olib qoʻyilgan jihoz 30 kungacha ushlab turilishi mumkin", - deb aytgan Qoshanov.

Taʼkidlanishicha, shaxs yoki bloger 30 kun ichida davlat roʻyxatidan oʻtsa, olib qoʻyilgan jihozlari qaytarib beriladi.

Muloqotda qayd etilishicha, yangi tahrirdagi Soliq kodeksida elektron tijorat sohasida soliqlarning joriy etilishi koʻzda tutilgan va u yaqin kunlarda jamoatchilik muhokamasiga qoʻyiladi.

Asosiy mavzular