08:06 21 Avgust 2019
Efir
  • RUB138.47
  • EUR10092.14
  • USD9061.00

Deputatlar avtomobil oynalarini parda bilan toʻsishga ruxsat berish boʻyicha taklif kiritdi

© Sputnik / Ruslan Krivobok
Yangiliklar
Havola olish
412 0 0

Ayni kunlarda jazirama issiq tufayli avtomobilda harakatlanayotgan yoʻlovchi va haydovchilarning quyosh nurlaridan himoyalanishga ehtiyoji ortib borayotganligi barchaga maʼlum. Shuni inobatga olgan bir guruh deputatlar avtomobil oynalarini parda bilan toʻsishga ruxsat berish tashabbusi bilan chiqishdi.

TOSHKENT, 16 iyul — Sputnik. Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Abdurashid Abduqodirov, Rasul Kusherboyev, Bekzod Ortiqov, Jamshid Pirmatov avtomobillar oynalarini parda bilan toʻsishga ruxsat berish boʻyicha taklif kiritdi. Bu haqda deputat Rasul Kusherbayev telegramdagi kanalida maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi 370-son qarori qarori bilan tasdiqlangan “Yoʻl harakati qoidalari”da Transport vositalaridan foydalanishni taqiqlovchi shartlardan bir sifatida barcha transport vositasining old, yon va orqa oynalarining yorugʻlik oʻtkazuvchanligi 70 foizdan kam boʻlishi belgilangan.

“Shu bilan birga, masalaning qonuniy yechimi sifatida jismoniy shaxslar uchun eng kam oylik ish haqining toʻqson baravari, yuridik shaxslar uchun eng kam oylik ish haqining bir yuz yigirma baravari, Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun eng kam oylik ish haqining bir yuz qirq baravari miqdoridagi toʻlov evaziga ichki ishlar organlari ruxsatnomasi asosida oynalarining tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtotransport vositalaridan foydalanishga ruxsat berilgan.

Mazkur tartibga rioya etilmagan holatlarda esa Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 126-moddasiga asosan eng kam ish haqining yigirma besh baravaridan qirq baravari miqdorigacha jarima toʻlash belgilangan.

Aholi va jamoatchilikning fikri asosida xulosa qilinsa, bunday tartib va qoidalarning amalga tatbiq etilishida bir qator oʻziga xos xususiyatlar inobatga olinmagan. Jumladan:

  • mamlakatimiz nisbatan issiq ob-havo kuzatiladigan iqlim mintaqasida joylashganligi;
  • issiq va quyoshli kunlarda avtomobil egalari va undagi yoʻlovchilarning issiqdan va quyosh nurlaridan himoyalanishi huquqi uchun pul toʻlashga toʻgʻri kelayotganligi, bunga imkoniyati boʻlmaganlarga esa issiqdan va quyosh nurlaridan himoyalanishi uchun qonuniy tartiblar mavjud emasligi;
  • oynalarining tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtotransport vositalaridan foydalanishga ruxsat olish uchun belgilangan toʻlov miqdori ayrim yangi avtomobil qiymatining 30 foizidan, hattoki baʼzi avtomobillarning ikkilamchi bozordagi narxining 50 foizidan ham koʻpni tashkil etayotganligi;
  • aholi oʻrtasida jamiyatimizda aholining boy va kambagʻal qatlamga ajratib qoʻyilmoqda, degan tushuncha paydo boʻlayotganligi;
  • qonun hujjatlarida “haydovchining oʻrnidan tevarak-atrofni koʻrish” tushunchasiga tushuntirish mavjud emasligi inobatga olinmagan.

Shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan toʻlov evaziga oynasining tusini oʻzgartirishga ruxsat olib oʻzgartirgan yengil avtotransport vositalarini tekshirish uchun tez-tez toʻxtatilayotganligi va ularning qimmatli vaqtlari yoʻqotilayotganligi ham fuqarolarning noroziligiga sabab boʻlmoqda.

Mazkur masalada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga ham saylovchilar tomonidan shu mazmundagi murojaatlar koʻpayganligi muammoning dolzarbligini anglatadi.

Ushbu murojaatlar boʻyicha qonun hujjatlari va yigirmaga yaqin (Buyuk Britaniya, Polsha, Shvetsiya, Frantsiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va h.k.) xorijiy davlatlar tajribalarini oʻrganib chiqildi.

Natijada, avvalo xavfsizlik masalalarini inobatga olgan holda yoʻlovchilarni tashish uchun foydalaniladigan va haydovchining oʻrindigʻidan tashqari oʻrindiqlar soni 8 tadan oshmaydigan avtotransport vositalari uchun avtotransport vositalarining ikki yoniga oʻrnatilgan orqa tomon koʻrinishini taʼminlaydigan tashqi koʻzguni haydovchining oʻrnidan koʻrishga xalaqit bermagan holda orqa va yon oynalariga chiy parda yoki darparda oʻrnatilishiga hech qanday toʻlovlarsiz ruxsat berilishi maqsadga muvofiq, degan xulosaga kelindi.

Shundan kelib chiqib, bir guruh deputatlar tomonidan vakolatli davlat organlariga amaldagi “Yoʻl harakati qoidalari”ning tegishli bandiga haydovchining oʻrindigʻidan tashqari oʻrindiqlar soni 8 tadan oshmaydigan avtotransport vositalari uchun ikki yoniga oʻrnatilgan orqa tomon koʻrinishini taʼminlaydigan tashqi koʻzguni haydovchining oʻrnidan koʻrishga xalaqit bermagan holda orqa va yon oynalariga chiy parda yoki darparda oʻrnatishga bepul asosda ruxsat berishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritish haqidagi takliflar taqdim etildi”, - deya yozadi Rasul Kusherbayev.

Oʻzbekistonda chet el avtomashinalaridan “tonirovka” uchun yigʻimni undirish tartibi tasdiqlandi

Xabarda taʼkidlanishicha, deputatlar koʻp ming sonli fuqarolarning murojaatlari asosida taqdim etilgan ushbu taklif yuzasidan masʼullarning munosabati natijalari haqida tez kunlarda albatta maʼlum qilinadi.

Asosiy mavzular