23:48 19 Sentyabr 2019
Efir
  • RUB146.51
  • EUR10421.13
  • USD9411.30
Prezident Uzbekistana Shavkat Mirziyeyev

Mirziyoyev oʻqituvchilar maoshi va nufuzini yanada oshirmoqda

© Sputnik / Aleksey Drujinin
Yangiliklar
Havola olish
1093 0 0

Mirziyoyev oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida pedagogiga oliygohlari faoliyati tanqid qilindi, maktablarga ulugʻ allomalar berilishi kerakligi aytildi va ayrim fanlarning jamlanmasi - tarbiya fanini joriy etish taklifi ilgari surildi

TOSHKENT, 23 avg - Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-avgust kuni xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishini oʻtkazdi.

Eng ulugʻ imorat

Prezident yigʻilishda maktab taʼlimi tizimini isloh qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada oldinda turgan dolzarb vazifalar haqida gapirar ekan, maʼrifatparvar Mahmudxoʻja Behbudiyning "Dunyo imoratlari ichida eng ulugʻi maktabdir" degan fikrini alohida taʼkidlagan.

"Hurmatli muallimlarimiz, jonkuyar maktab direktorlarini, soha faxriylarini el-yurtimizning tayanchi va suyanchi, deb bilamiz. Maktablar tizimini rivojlantirish uchun bundan buyon ham mablagʻni, imkoniyatni aslo ayamaymiz. Kelajak avlodimiz taqdiri, butun millatimiz, xalqimiz, davlatimiz taqdiri muhtaram muallimlarga bogʻliq", - degan Mirziyoyev.

Bilim chetniki, tarbiya oʻzimizniki 

Yigʻilishda maktablarning moddiy-texnik bazasi, ayrim pedagog xodimlarning bilim va malakasi zamon talablariga javob bermasligi tanqid qilingan.

Taʼlim-tarbiya sohasida zamonaviy va oqilona tizim yaratish, oʻqitish metodlari, taʼlim standartlari, darslik va oʻquv qoʻllanmalarini yangilash zarurligi, bilim berishda chet eldagi ilgʻor tajribalardan foydalanish, tarbiyada esa milliy anʼana va qadriyatlarga suyanish muhimligi qayd etilgan. "Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari" degan tamoyilga asoslangan holda, yosh avlodni bolalikdan milliy gʻurur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash dolzarb ahamiyatga ega ekani taʼkidlangan. 

Maktablardagi kamchiliklarni tuzatish, taʼlim sifatini nazorat qilish uchun ota-onalar, keng jamoatchilikning ishtiroki zarurligiga alohida eʼtibor qaratilgan. "Maktab bu hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi. Uni davlat, hukumat va hokimlarning oʻzi hal qilolmaydi. Bu butun jamiyatning ishi, burchiga aylanishi kerak", degan davlat rahbari.

Katta marralar

Videoselektorda shuningdek kelgusidagi vazifalar muhokama etilgan. 

Xalq taʼlimi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasi tasdiqlangan, unda 48 ta maqsadli koʻrsatkichlarga erishish boʻyicha aniq mexanizmlar belgilangan.

Xususan, 2030 yilga borib oʻquvchilar bilimini baholash boʻyicha PISA xalqaro dasturi reytingida Oʻzbekistonning jahondagi yetakchi 30 ta mamlakat qatoridan joy egallashi maqsad qilib qoʻyilgan.

Oʻqituvchiga ham mashina, ham obroʻ

Mirziyoyev oʻqituvchining maqomi va nufuzini oshirish, huquqlari va imtiyozlarini kengaytirish masalalariga eʼtibor qaratgan. 

"Maktab oʻqituvchisini moddiy ragʻbatlantirmasak, uning hayot sifati darajasini oshirmasak, islohot, natija haqida gapira olmaymiz", deb aytgan davlat rahbari. 

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi, Moliya va Xalq taʼlimi vazirliklariga 2020 yilda xalq taʼlimi xodimlari oylik ish haqini oshirish yuzasidan koʻrsatmalar berilgan. Uzoq qishloqlardagi maktablarga oʻqituvchilarni jalb etishni yanada ragʻbatlantirish uchun ularga uy-joylar, avtotransport uchun kreditlar berish ham koʻzda tutilgan.

Qars ikki qoʻldan chiqadi

Oʻqituvchilarni qoʻllab-quvvatlash davlat tomonidan izchil davom ettiriladi, biroq masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Yigʻilishda oʻqituvchi va murabbiylarning oʻzi ham bilim va saviyasini oshirish, jamoat ishlarida faol ishtirok etish, halol mehnati va tashabbuskorligi bilan bu kasbning obroʻsini oshirishi kerakligiga urgʻu berildi. 

Xususan, Nizomiy nomidagi universitet, hududlardagi pedagogika institutlari, respublika taʼlim markazi, Abdulla Avloniy nomidagi xalq taʼlimi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, viloyatlardagi shunday institutlar borligi, lekin oʻquv-tarbiya jarayonini takomillashtirish, oʻqituvchilarning bilim va saviyasini yuksaltirishda, ularning oʻrni sezilmayotgani aytilgan.

Yigʻilishda pedagogika yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlari faoliyatini tanqidiy oʻrganib, takomillashtirish, ularni eng nufuzli taʼlim muassasalariga aylantirish, pedagoglikka moyilligi boʻlgan yoshlarni maqsadli tarbiyalab borish boʻyicha vazifalar belgilangan.

Tarbiya fani va olimlar nomini olgan maktablar

Maktablardagi maʼnaviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha asosda tashkil etish, "Milliy gʻoya", "Odobnoma", "Dinlar tarixi", "Vatan tuygʻusi" kabi fanlarni birlashtirgan holda, yagona "Tarbiya" fanini joriy qilish zarurligi qayd etilgan. Maktablarga buyuk allomalar, davlat va siyosat arboblari, mashhur sarkardalarning nomlarini berish muhimligi taʼkidlangan.

Oʻqituvchi haqida film

Selektor yigʻilishida oiladagi taʼlim-tarbiya muhiti, ota-onalarning masʼuliyati va oʻqituvchilar bilan hamkorligi masalalariga ham eʼtibor qaratilgan. Maktab hayoti, fidoyi oʻqituvchilar haqida badiiy va hujjatli filmlar, spektakl va videoroliklar yaratish boʻyicha tavsiyalar berildi. 

"Moddiy va maʼnaviy hayotni uygʻun rivojlantirishimiz kerak. Maktab bu borada asosiy boʻgʻin boʻlishi lozim. Maktab taʼlimini rivojlantirish biz uchun buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanishi zarur", deb uqtirgan Mirziyoyev.

Asosiy mavzular