16:48 15 Iyul 2020
Efir
  • RUB143.88
  • EUR11518.27
  • USD10194.96
Yangiliklar
Havola olish
45510

Avtobus saloniga faqatgina tibbiy niqobdagi yoʻlovchilar kiritiladi. Haydovchilar tibbiy niqob va qoʻlqoplar bilan taʼminlanadi

TOSHKENT, 5 iyun - Sputnik. Joriy yilning 8 iyunidan — "sariq" va "yashil" hududlarda jamoat transportida shahar (tuman) va shahar atrofi yoʻnalishlari boʻyicha avtobus harakatlariga ruxsat berildi. Bu haqda Respublika maxsus komissiyasi bayonoti eʼlon qilindi.

Damas, mikroavtobus va metropoliten faoliyati bundan mustasno.

Jamoat transporti faoliyatini qayta tiklashda quyidagi talablarga qatʼiy rioya qilish talab etiladi:

* avtokorxona tomonidan transport vositasini har bir qatnov oldidan va oxirgi bekatda, shuningdek, avtoshohbekatlarda toʻliq dezinfektsiya qilish;

* haydovchilarni tibbiy niqob va qoʻlqoplar bilan taʼminlash hamda ularning muntazam ravishda oʻz vaqtida almashtirib borish choralarini koʻrish;

* avtobus saloniga faqatgina tibbiy niqobdagi yoʻlovchilarni kiritish.

Transport vazirligining hududiy va tarkibiy tuzilmalari masʼul xodimlari tomonidan tegishli tashkilotlar bilan birgalikda ushbu talablarga rioya etilishi nazoratga olinadi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda karantin choralari yumshatilayotgani bilan, vaziyat murakkabligicha qolmoqda.

Bosh sanitar vrach Nurmat Otabekov soʻzlariga koʻra, kuni kecha roʻyxatga olingan 96 bemorning 81 nafari karantin muassasalariga joylashtirilgan shaxslar orasidan aniqlangan boʻlsa, 13 nafari aholi orasida qayd etilgan. 2 nafari esa xalqaro yuk tashuvchi shaxslar orasida aniqlangan.

Shu holatni inobatga olgan holda jamoat transportida harakatlanish vaqtida yoʻlovchilardan karantin talablariga qatʼiy amal qilish va ijtimoiy masofani saqlashga eʼtibor qaratish soʻrab qolinadi.

Oʻz navbatida jamoat transportida karantin talablarini buzish tegishli maʼmuriy javobgarlikka sabab boʻladi.

Asosiy mavzular