21:08 29 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB136.11
  • EUR12285.78
  • USD10359.88
Yangiliklar
Havola olish
39610

Virus yuqtirganlar soni Toshkentda 4 mingdan oshgan, Toshkent viloyatida 1,5 mingga yaqinlashgan. Bu butun mamlakat boʻyicha kasallarning 40 %i deganidir. Toshkent shahrida koronavirusdan oʻlim soni ham keskin koʻpayib, 45 taga yetgan.

TOSHKENT, 16 iyul - Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 iyul kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida koronavirus tarqalishining oldini olish va davolash boʻyicha Toshkent shahridagi ishlarni talab darajasida tashkil etmagani, epidemiologik vaziyatning salbiy oʻzgarishlariga tayyor boʻlishni taʼminlamagani, bu kasallik bilan "pastga tushib" mukammal shugʻullanmagani uchun Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayevga hayfsan eʼlon qildi.

Eslatib oʻtamiz, virus yuqtirganlar soni poytaxtda 4 ming 92 tani va Toshkent viloyatida 1 ming 498 tani tashkil etmoqda. Bu butun mamlakat boʻyicha kasallarning 40 foizi deganidir. Toshkent shahrida koronavirusdan oʻlim soni ham keskin koʻpayib, 45 taga yetgan.

Mirziyoyevning taʼkidlashicha, birinchi rahbarlar tushunishni xohlamayapti, ular oʻzlarining hududlaridagi tibbiyot muassasalariga biron marta kirmasdan, ular bilan uchrashmasdan real vaziyatni oʻrganmagan va koʻrmagan.

"Toshkent shahri va poytaxt viloyatida hokimlar va sektorlar rahbarlari ishonib topshirilgan hududlardagi haqiqiy ahvolni oʻrganmagan. Tibbiyot muassasalaridagi real vaziyatni bilmaydi. Aholini virusdan ogohlantirish va saqlash, kasallarni oʻz vaqtida va toʻgʻri davolash uchun masʼuliyatni his qilmagan", - dedi prezident.

Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ham, keyingi bir oyda koronavirusni davolash strategiyasi va taktikasi keskin buzilgan, real holatdan kelib chiqib, davolash amaliyoti oʻzgartirilmagan.

Toshkent shahrida kasallikni aniqlaydigan testlar va zarur tibbiyot vositalari yetishmayapti. Dorixonalarda virus va isitmaga qarshi preparatlar narxi asossiz, bir necha barobar oshirib yuborilgan, bu esa aholi orasida koʻplab eʼtirozlarga sabab boʻlmoqda.

Ayni paytda Toshkent shahri shifoxonalarida 418 ta, Toshkent viloyatida esa 816 ta shtat birliklari boʻsh turgani vazirlik va hokimiyat tomonidan joriy vaziyat oʻz holiga tashlab qoʻyilganidan dalolat beradi.

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, aholi koronavirus va boshqa kasalliklar boʻyicha qayerga borib murojaat qilishni va davolanishni bilmay, sarson boʻlmoqda. Shoshilinch tibbiy yordamga qoʻngʻiroq qilib tushish qiyinlashib ketgan.

Prezident bunday achinarli holatlar aholining haqli shikoyat va eʼtirozlariga sabab boʻlayotganini taʼkidladi.

Respublika maxsus komissiyasiga bu ikki hududda koronavirus tarqalishiga qarshi kurash va aholini davolash ishlariga aloqador barcha vazirlik va idoralar, yirik tibbiyot muassasalari rahbarlaridan iborat 24 soat ishlaydigan shtablar tashkil qilish koʻrsatmasi berildi. Ushbu shtablar vaziyatni real vaqt rejimida nazorat qilib, yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etish choralarini koʻradi.

Shuningdek, Toshkent shahri va poytaxt viloyatidagi poliklinikalar huzuridagi mobil guruhlar sonini uch barobar koʻpaytirish vazifasi yuklatildi.

Zangiota tumanida yaqinda ish boshlagan shifoxonadagi joy sonini yana 1000 oʻringa koʻpaytirish topshirigʻi berildi.

Poytaxtda dori-darmon yetkazilishi va narxi barqarorligini taʼminlash, shoshilinch tibbiy yordam xizmati va koll-tsentrlar ishini samarali tashkil etish, COVID-19 bilan ishlayotgan tibbiyot xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish, kasallar uchun qoʻshimcha oʻrinlar tashkil etish, shuningdek, karantin hududlaridagi shaxslarni uy karantiniga bosqichma-bosqich oʻtkazish masalalari koʻrib chiqildi, zarur choralar belgilandi.

Aholidan murojaatlar soni keskin ortib borayotganini hisobga olib, koll-tsentrlar aloqa vositalari va operatorlari sonini kamida ikki barobarga oshirish lozimligi taʼkidlandi.

Toshkent shahar hokimligiga kamida 3 oylik dori-darmon va himoya vositalari zaxirasini shakllantirish vazifasi qoʻyildi.

Hozirgi sinovli vaziyatda kundalik ehtiyoj mollari va zaruriy oziq-ovqat mahsulotlarining yetarli boʻlishi, narxlari asossiz oshib ketmasligi juda muhim. Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga bu masalani qatʼiy nazorat qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Pandemiyaga qarshi kurashish, karantin qoidalariga amal qilish, ijtimoiy masofani saqlashning ahamiyatini aholi oʻrtasida keng targʻib qilish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda bu borada qilinayotgan kundalik ishlarni xolis va tezkor yoritish muhimligi taʼkidlandi.

Koronavirus kasalligini davolash bilan bogʻliq barcha jarayonlarga, jumladan, Toshkent shahridagi ishlarga masʼullar biriktirildi.  

"Yana bir bor taʼkidlayman. Ayni paytda butun dunyo, shu jumladan, biz ham koʻrinmas dushman bilan chin maʼnoda urush olib boryapmiz. Bu virusning barcha xavf va xatarini toʻgʻri baholab, har tomonlama tayyorgarlik koʻrib kurashsak, uni albatta yengamiz", – deya ishonch bildirdi Mirziyoyev.

Asosiy mavzular