08:50 22 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB133.19
  • EUR12153.63
  • USD10371.76
Yangiliklar
Havola olish
135 0 0

Firibgarlarning yonidan "Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi" degan soxta guvohnoma topilgan

TOSHKENT, 16 iyul - Sputnik. Buxoro viloyatining Olot tumanida oʻzlarini Oʻzbekiston prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining vakillari va "Yurt salohiyati" gazetasi muxbirlari deb tanishtirgan shaxslar qoʻlga olindi. Bu haqda AOKA matbuot-xizmati xabar bermoqda.

Aniqlanishicha, mazkur shaxslar Olot tumanidagi dehqon bozori, savdo doʻkonlari, kafe va restoranlar faoliyatiga noqonuniy aralashib, karantin qoidalariga rioya qilinishi yuzasidan tekshiruvlar oʻtkazib, salbiy maqola chiqarish orqali savdo obʼyektini yoptirish, jarimaga tortish va tashkilot rahbarini ishdan olish boʻyicha taklif kiritish bilan qoʻrqitgan.

Tadbirkorlarning tuman IIBga qilgan murojaatidan soʻng ularning shaxsiga oydinlik kiritildi. Ular — 1975 yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan X.SH.SH, 1976 yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan M.U.M. va 1984 yilda Andijon viloyatida tugʻilgan K.E.M. ekanligi aniqlandi.

Tekshiruv davomida ularning yonidan "Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi" degan soxta yozuv kiritilgan, davlat gerbi va bayrogʻi tushirilgan xizmat guvoxnomalari, bozor va savdo doʻkonlarini tasvirga olgan qoʻl telefonlari va boshqa ayrim tegishli xujjatlar xolislar ishtirokida tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi. Ayni paytda ushbu shaxslarning harakatlariga qonuniy baho berish maqsadida Olot tuman IIB tomonidan dastlabki tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

"Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi shuni maʼlum qiladiki, "Yurt salohiyati" gazetasi 2019 yil 19 sentyabrda Agentlikning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositasi sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Muassis — OLTIN ASR SERVIS MCHJ. Ushbu nashr va muassis Agentlikka daxldor emas va xizmat guvohnomasida Agentlik nomi soxtalashtirilgan va noqonuniy ravishda kiritilgan", - deyiladi xabarda.

Mazkur masala yuzasidan Agentlik huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tegishli ravishda murojaat qildi va masala tez orada qonuniy yechim topishi qoʻshimcha qilingan, oʻzbekistonliklar esa yanada hushyor va ogoh boʻlishga chorlangan.

Asosiy mavzular