14:43 24 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Yangiliklar
Havola olish
207 0 0

IIV fuqarolarga mamlakatning amaldagi qonunchiligida yigʻilish, miting va namoyishlar tushunchalari, ularni tashkil etish va oʻtkazish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligini eslatib oʻtgan

TOSHKENT, 21 avg - Sputnik. Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi 18 avgust kuni Normativ-huquqiy hujjatlarni muhokama qilish portaliga joylashtirilgan "miting va namoyishlar toʻgʻrisidagi" yangi qonun loyihasi va Belarusdagi tartibsizliklar oʻrtasida bogʻliqlik yoʻqligi haqida bayonot berdi.

Eslatib oʻtamiz, IIV tomonidan ushbu hujjat matni eʼlon qilingach, ijtimoiy tarmoqlarda Belarusda oʻtkazilayotgan ommaviy norozilik namoyishlari ushbu qonunni qabul qilish zaruratini tugʻdirgani haqida turli fikrlar bildirila boshlagan edi. Oʻzbekiston IIV bu mazmundagi izohlarni "nooʻrin", deya qayd etib oʻtgan.

IIV fuqarolarga mamlakatning amaldagi qonunchiligida yigʻilish, miting va namoyishlar tushunchalari, ularni tashkil etish va oʻtkazish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligini eslatib oʻtgan.

Vazirlik taʼkidiga koʻra, mazkur huquqiy boʻshliq hanuzgacha, Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 33-moddasi (Fuqarolar oʻz ijtimoiy faolliklarini Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yigʻilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga egadirlar. Hokimiyat organlari faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina bunday tadbirlar oʻtkazilishini toʻxtatish yoki taqiqlash huquqiga ega)da koʻrsatilgan qoidalarni  toʻliq roʻyobga chiqarishga imkon bermasdan kelmoqda. 

Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti qoshidagi Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining 2019 yil 22 dekabrda Oʻzbekistonda oʻtkazilgan parlament saylovlari boʻyicha yakuniy hisobotidagi ham kamchilik sifatida respublikada fuqarolarning ijtimoiy faolliklarini tartibga soluvchi birorta normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi koʻrsatilgan.

"Shunga asosan, vazirlik tomonidan mazkur yoʻnalishdagi xalqaro (RF, AQSH, Germaniya, Frantsiya, Estoniya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Tojikiston Qirgʻiziston, Qozogʻiston) tajribani chuqur oʻrgangan holda yuqorida koʻrsatilgan qonun loyihasi ishlab chiqilgan", - deya aniqlik kiritgan Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi. 

Taʼkidlanishicha, mazkur qonunni qabul qilishdan asosiy maqsad, fuqarolarning oʻz ijtimoiy faolliklarini miting, yigʻilish va namoyishlar koʻrinishida amalga oshirishga qaratilgan konstitutsiyaviy huquqlarini roʻyobga chiqarish, shuningdek ularning ushbu sohadagi huquqiy savodxonligini oshirishdan iborat.

Asosiy mavzular