00:04 26 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Yangiliklar
Havola olish
852 0 0

Mamlakat voqealar oʻta noxush rivojining oldini olishga muvaffaq boʻldi va COVID-19dan oʻlim holatlari boʻyicha dunyoda eng past koʻrsatkichni taʼminladi. Oʻzbekiston hukumati tomonidan 11 ta xorijiy davlatga yirik hajmda insonparvarlik yordami ham koʻrsatildi

TOSHKENT, 16 sen - Sputnik. Oʻzbekiston COVID-19dan oʻlim holatlari boʻyicha dunyoda eng past koʻrsatkichni taʼminladi. Bu haqda "Pandemiyaning Markaziy Osiyoga taʼsiri: ilk saboqlar, koronainqiroz va oʻzgarish istiqbollari" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferentsiya davomida taʼkidlab oʻtildi.

Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati tomonidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti va BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur nufuzli forumda dunyoning 20ga yaqin davlatidan 210dan ziyod taniqli parlament aʼzolari, ilmiy doiralari vakillari, nodavlat tashkilotlar hamda tadqiqot markazlari rahbarlari va mutaxassislari, Oʻzbekistonda akkreditatsiya qilingan diplomatik korpus vakillari, ekspertlar ishtirok etmoqda.

Forum ochilishida Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva, Senat raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev, Oʻzbekiston prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvaxitov, BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, Markaziy Osiyo va Kavkaz Instituti asoschisi va raisi Frederik Starr (AQSH) soʻzga chiqishdi.

Xalqaro aloqalar, geosiyosat, iqtisodiyot, huquq sohalarini qamrab olgan anjumanda hozirda davom etayotgan pandemiyaning ilk saboqlari, yuzaga kelgan inqirozdan chiqish yoʻllari va bu kabi favqulodda vaziyatlarga tayyorlik darajasini oshirish masalalari tahlil qilinmoqda.

Tadbir qatnashchilari tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlarining tajribasidan kelib chiqib, pandemiyadan olingan saboqlar va kelajak uchun tavsiyalar, undan keyingi davrda pandemiya salbiy oqibatlarini kamaytirish, koronavirusni yengib oʻtishda mintaqaviy hamkorlikning strategik istiqbollari, favqulodda sharoitlarda koʻp tomonlama sheriklik hamda xalqaro tashkilotlarning oʻrni va ahamiyati kabi dolzarb masalalar ham keng  muhokama qilinmoqda.

Bu boradagi Oʻzbekiston tajribasi va xalqaro tashabbuslari haqida soʻz yuritilarkan, Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning: "Hozirgi murakkab vaziyatda biz uchun gʻoyat muhim ikkita vazifani samarali hal etish – eng dolzarb zaruratga aylanmoqda. Yaʼni, biz aholimizning sogʻligʻi va hayotini asrash, shu bilan birga, iqtisodiyotimizni tiklash, odamlarga ishlab daromad topishi uchun sharoit yaratib berish muammosini bir paytning oʻzida hal etmoqdamiz", degan soʻzlari mamlakatning ushbu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlari mazmunini toʻliq aks ettirganligi taʼkidlandi.

Xususan, pandemiya davrida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan Milliy harakatlar dasturi mavjud barcha resurslarni safarbar etish, hukumat va fuqarolik jamiyatining kuchlarini birlashtirish imkonini berdi. Bunda ayniqsa pandemiyaning iqtisodiyotga taʼsirini yumshatishga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, biznesga koʻmak tariqasida umumiy hajmi 4,8 milliard dollardan ortiq yordam choralari amalga oshirildi.

Mamlakat voqealar oʻta noxush rivojining oldini olishga muvaffaq boʻldi va COVID-19dan oʻlim holatlari boʻyicha dunyoda eng past koʻrsatkichni taʼminladi. Oʻzbekiston hukumati tomonidan 11 ta xorijiy davlatga yirik hajmda insonparvarlik yordami ham koʻrsatildi. Jahon banki, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi kabi nufuzli moliya tashkilotlari dunyodagi sanoqli mamlakatlar qatorida Oʻzbekistonda iqtisodiyotning pasayishiga yoʻl qoʻyilmaganini taʼkidlab, kelgusida sezilarli oʻsish kutilayotgannini qayd etmoqda.

Inqiroz sharoitida har bir davlat duch kelayotgan muammolarni hal etishda, jumladan, fuqarolarni oʻz yurtlariga qaytarish, transport yoʻlaklarini tiklash, gumanitar yordam koʻrsatishda Markaziy Osiyo mamlakatlarining bir-birlariga amaliy koʻmaklari haqida ham soʻz yuritildi.

Pandemiya oqibatida yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklarni yengib oʻtishda davlatlar oʻrtasida oʻzaro tajriba almashish va hamkorlik yoʻlga qoʻyilganligiga alohida urugʻ berilmoqda.

Shuningdek forumda koronavirusni yengish masalalarida mintaqaviy hamkorlikning strategik istiqbollari atroflicha koʻrib chiqilmoqda.  Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida ijtimoiy-iqtisodiy masalalarda koʻptomonlama aloqalarni kuchaytirish, davlatlar milliy manfaatlariga toʻliq rioya qilinishini taʼminlash, hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini rivojlantirish masalalari shular jumlasidandir.

Forum yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar uning natijalari boʻyicha qabul qilingan rezolyutsiyada umumlashtirilishi koʻzda tutilgan.

Asosiy mavzular