06:42 24 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Yangiliklar
Havola olish
274 0 0

Transport vositalaridan chiqayotgan zararli is-gazlar, sanoat chiqindilari va ekotizimning buzilishi yildan-yilga havoning ifloslanishiga olib kelyapti. Oqibatda, onkologik, nafas respirator va yurak-qon tomir kasalliklarining koʻlami ortib bormoqda.

TOSHKENT, 22 okt - Sputnik. BMTning Atrof-muhit dasturi (YUNEP), BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, BMTning Taraqqiyot dasturi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha davlat qoʻmitasi va boshqalar ishtirokida oʻtkazilgan davra suhbatida havo sifati, uning monitoringi hamda holatiga oid maʼlumotlar ochiq-oshkoraligi masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda "Zamin" fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva ishtirok etib, ushbu masalalar yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi, deyiladi fond matbuot-xizmati tarqatgan xabarda.

Taʼkidlanishicha, transport vositalaridan chiqayotgan zararli is-gazlar, sanoat chiqindilari va ekotizimning buzilishi yildan-yilga havoning ifloslanishiga olib kelyapti. Oqibatda, onkologik, nafas respirator va yurak-qon tomir kasalliklarining koʻlami ortib bormoqda.

Ushbu muammolarni bartaraf etish uchun, avvalo havoning sifat monitoringini oʻtkazish, yaʼni turli moddalardan ifloslanish darajasini oʻlchash zarur. Ushbu tahlil natijalari boʻlganidagina havoning ifloslanishi va buning inson salomatligiga salbiy taʼsirini kamaytirish choralarini koʻrish mumkin.

"Havoning ifloslanishi chegara bilmaydi. Bu barchamizga taʼsir qiladi va biz ushbu muammoni hal qilish uchun kuchlarni – hukumatlar, nodavlat tashkilotlar, fuqarolik jamiyati, ilmiy doiralar, biznes va sanoat sohasini birlashtirishimiz kerak. Har bir inson toza havodan nafas olishga haqlidir. Hozir, global sogʻliqni saqlash inqiroziga duch kelgan paytimizda, bu ayniqsa muhim", — deya taʼkidlab oʻtgan BMT Atrof-muhit dasturining Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Bruno Pozzi.

"Zamin" fondi hamda YUNEP koʻmagida Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan «Atmosfera havosi ifloslanishining monitoringini avtomatlashtirish» loyihasi uch bosqichda amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.

Bugungi kunda loyihaning birinchi bosqichi yakunlanib, 63 ta kuzatuv punkti yagona tahliliy markazga birlashtirildi. Monitoring natijalari monitoring.meteo.uz  ochiq onlayn platformasi va AirUz mobil ilovasida eʼlon qilib boriladi.

Ikkinchi bosqichda butun respublika boʻylab avtomatik havo monitoringi stantsiyalarini oʻrnatish va havo monitoringi uchun xalqaro standartlarni joriy etish koʻzda tutilgan.

Uchinchi bosqichda monitoring natijalari respublikadagi Yagona geoinformatsion maʼlumotlar bazasiga kiritilib, xalqaro axborot tizimlariga integratsiyalanadi.

Grant mablagʻlari asosida oʻrnatiladigan ushbu stantsiyalar toʻliq ishga tushishi natijasida, havo sifati monitoringi xalqaro standartlarga muvofiq har soatda olib boriladi. Fuqarolar oʻzi istiqomat qiladigan joyining havosini ifloslanganlik darajasini va uning sabablarini aniq bilish imkoniga ega boʻladi.

Asosiy mavzular