19:02 30 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Yangiliklar
Havola olish
806 0 0

Bugun boʻlib oʻtgan Senat yalpi majlisida samarqandlik senator ham elektr muammosidan nolidi. "Elektr oʻchmaydi, yetadi, kommunizm boʻladi deyishgandi. Hozir uyimda ham bir necha marta oʻchayapti", dedi senator Farmon Toshev.

TOSHKENT, 20 noya - Sputnik. Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari orasida gaz va svet muammosidan norozilik ohanglari kuchaydi. Senatning bugungi yalpi majlisida ham ushbu masalaga alohida eʼtibor qaratildi.

Xususan, Samarqand viloyati Bulungʻur tumanida 3 kundan buyon svetsiz va suvsiz qolgan oilalar bor. Ularning muammosini yechish hozircha mutasaddilar kuchi yetadigan ishmasdek koʻrinmoqda.

Energetika vazirligi ushbu muammo chindan mavjudligini, vazir oʻrinbosari bugun viloyatning ikkita hududiga shaxsan borib, muammolarni oʻrganishini maʼlum qilgan edi. Ammo muammo hal boʻlgan emas.

Bugun videokonferentsaloqa tarzida oʻtgan Oʻzbekiston Oliy Majlis Senatining toʻqqizinchi yalpi majlisida Samarqand viloyatidan boʻlgan senator Farmon Toshev ham Tanzila Norboyevaga qilgan murojaatida elektr muammosini koʻtargan.

"Internetni ochib qarasang, hammayoqda bitta shikoyat — "elektr yoʻq, elektr oʻchgan". Samarqandda ham shu ahvol. Biz hozir Senatning yigʻilishida shunga eʼtibor qilmasak, hozir gapirmasak, u idoraning odamlari gapiradiganga oʻxshamaydi. Shuning uchun ularning idorasiga iltimosim bor edi — nima uchun koʻp gaplarni xalqqa oldinroq aytish mumkin emas, grafigini ishlab chiqish mumkin emas, nima uchun oʻzining odamlari orqali joylarga borib tushuntirish mumkin emas? Axir, oʻzingiz oʻylab koʻring, hozir sizning Telegram’ingizga ham savol tushsa, ular orqali javob beryapsiz-ku! Xalqqa nima deymiz biz har kuni? Agar joʻnataversak, joʻnataversak, bu ham, menimcha, yaxshilikka olib bormaydi. U odamlarning vakillari bizga kelganda hammaning oldida soʻz bergan, "Yoʻq, bizda svet oʻchmaydi, yetarli hamma narsa, hamma narsa kommunizm boʻladi", degandi. Kechirasiz-u, hozir shaharning oʻzida, mening uyimda ham necha martalab oʻchyapti svet. Bu narsalarni qandaydir tartibga olish kerak. Saylov okrugiga borganda qiynalib qolyapman", - deb aytgan Farmon Toshev.

Senator elektr taʼminoti bilan bogʻliq, aholining keskin noroziligiga sabab boʻlayotgan vaziyatni "qandaydir tartib"ga olish kerakligini qoʻshimcha qilgan.

OAV ham bong urmoqda

Gaz va elektr muammosi xalqni qiynayotgan masalalardan biri ekanligi bugun mahalliy internet nashrlarida, blogerlarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ham alohida taʼkidlab yozilmoqda.

Xususan, Kun.uz nashri Senat 9-yalpi majlisining YouTube’dagi jonli efiri foydalanuvchilarning elektr va gaz taʼminotidagi muammolar haqidagi murojaatlariga toʻlib ketganligiga urgʻu berdi.

"Senatorlar tomonidan yalpi majlis kun tartibidagi masalalar koʻrilayotgan vaqtida minglab foydalanuvchilar xalqimizni qiynab kelayotgan gaz va elektr energiyasi muammosiga eʼtibor qilishni talab qilib izoh yozmoqda.

Masalan, foydalanuvchilardan biri senatorlarga «Blogerlar va xalqning tanqidlariga ham eʼtibor berasizlarmi?» – deya savol berdi.

Yana bir foydalanuvchi esa, davlat kambagʻallikni qisqartira olmayotgani, balki oshib ketganini yozgan.

Shuningdek, yuzlab yurtdoshlarimiz "Elektr yoʻq, gaz yoʻq" – deya yuzlab izoh yozishgan va amaldorlarni shunga eʼtibor qilishga chaqirmoqda. Yana bir foydalanuvchi shunday yozadi: ​Hurmatli senatorlar elektr masalasini ham koʻrib chiqinglar. Urgut tumanida juda koʻp elektr oʻchmoqda, nahot uchinchi renessans davrida aholiga elektr berilmasa?", - deya keltiradi nashr.

Senat raisi nima deb vaʼda berdi?

Senat raisi Tanzila Norboyeva oʻz chiqishida "minglab internet foydalanuvchilari gaz va elektr muammosini qachon hal qilasizlar, degan savol bilan bizga murojaat qilishyapti", - deya aytgan.

"Sizlar oʻzi gaz-chiroq yoʻqligini eshitasizlarmi? Jurnalist, blogerlarni, aholining gaplarini kuzatasizlarmi oʻzi?" degan savollarni berishmoqda. Albatta kuzatamiz. Mana, shu yerda oʻtirib ham, yuzlab-minglab izohlarni oʻqib oʻtiribmiz.

Hurmatli hamyurtlar, men sizlarga ommaviy axborot vositalari orqali vaʼda beraman — bu muammo albatta oʻrganiladi. Bizda byudjet masalalari va tadbirkorlikni rivojlantirish bilan shugʻullanadigan qoʻmitamiz bor, gaz-svet boʻyicha shugʻullanadigan alohida qoʻmita yoʻq. Ana shu qoʻmitadan iltimos qilamiz — mana, hozir minglab aholining murojaatini eʼtiborga olib, energiya taʼminoti masalasini maxsus oʻrganib chiqishingizni soʻraymiz", - degan Norboyeva.

Tanzila Norboyeva mablagʻdan muammo yoʻq boʻlgan bir vaqtda nega hududlarga gaz-svet yetib bormayotgani va xalqning eʼtirozlariga sabab boʻlayotgani masala tez kunlarda oʻrganilishi va navbatdagi yigʻilishda xalqqa bu haqda axborot berilishini maʼlum qilgan.

Asosiy mavzular