19:23 28 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Yangiliklar
Havola olish
508 0 0

Akademik Saidovga koʻra, Tribunal hozirgi zamon xalqaro sudlari tizimini barpo etish uchun namunaviy model vazifasini oʻtadi. Xalqaro jinoyat sudi shu negizda tashkil etilgani xalqaro gumanitar huquq va xalqaro jinoyat huquqi rivojiga turtki berdi.

TOSHKENT, 21 noya - Sputnik. Moskvada kuni kecha va bugun oʻtkazilayotgan "Nyurnberg tribunalining 75 yilligi: tarixiy haqiqatlar va yangi davr daʼvatlari" xalqaro ilmiy-amaliy forumining ertalabki onlayn sessiyasida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etdi va "Nyurnberg merosining xalqaro va milliy huquq tizimlariga taʼsiri" mavzusida maʼruza qildi.

Tadbir Rossiya Federatsiyasining Gʻalaba muzeyi tomonidan prezident grantlari fondi koʻmagida va Bosh prokuratura, Tergov qoʻmitasi, Tashqi ishlar vazirligi, Adliya vazirligi kabi oʻndan ortiq davlat tashkiloti, nodavlat tashkilotlar hamda ilmiy muassasalar hamkorligida tashkil etildi.

Xalqaro ilmiy-amaliy forumda dunyoning 30 mamlakati va Rossiya Federatsiyasining 85 subʼyektidan vakillar qatnashdi. Xalqaro anjuman doirasida ikkita yalpi majlis, toʻqqizta shoʻʼba bahs-munozaralari va madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etildi. 

Maʼlumki, 1945 yil 20 noyabrda Germaniyaning Nyurnberg shahrida Uchinchi reyxning yuqori martabali rahbarlari ustidan sud jarayoni boshlangandi.  Unda jahon urushini qoʻzgʻagan va oʻn millionlab odamlarning umriga zomin boʻlgan siyosiy rejimning jinoiy qilmishlari koʻrib chiqilgan.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda, "Bugun fashizmga qarshi kurashda halok boʻlgan minglab vatandoshlarimizning soʻnmas xotiralarini yod etib, ularning ruhi poklariga hurmat bajo keltirish – biz uchun ham qarz, ham farzdir. Qonli jang maydonlarida mardlik koʻrsatgan, front ortida mehnat qilib, bugun hayotimizga fayz bagʻishlab yurgan muhtaram faxriylarimiz oldida barchamiz bosh egib taʼzim qilamiz".

Akademik Saidov Ikkinchi jahon urushi davrida oʻn millionlab kishilar qurbon boʻlganligi bilan bogʻliq insoniyat boshiga tushgan bunday ulkan fojeani hamisha yodda saqlash kerak, deya taʼkidladi. Bashariyat XX asrda inson zotiga nisbatan sodir etilgan bu qadar shafqatsizliklarga jahon tarixi davomida sira duch kelmagandi.

Birgina misol: shu vaqtga qadar Oʻzbekiston respublikasi hududida oʻsha davrda yashagan 6 million 551 ming kishidan salkam 1 million 500 ming nafari urushda ishtirok etgan deb hisoblanardi. Soʻnggi maʼlumotlar esa, Oʻzbekistondan frontga qariyb 1 million 951 ming kishi safarbar etilganidan dalolat bermoqda. Bu oʻzbekistonliklarning har uchtasidan bittasi qoʻliga qurol olib, fashizmga qarshi jangga otlangan, deganidir.

Shu maʼnoda, Nyurnberg protsessi – nafaqat harbiy jinoyatchilarga nisbatan odil sudlov, balki insoniyatga shaxsni, uning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida ulkan tarixiy saboq chiqarish imkonini bergan "tarixiy sud" hamdir. Nyurnberg tribunali oʻz ishini boshlagan sanadan 75 yillik masofada turib, u tarixiy, huquqiy va ijtimoiy-siyosiy sohalar rivojida naqadar ulkan rol oʻynaganligini yaqqol koʻrish mumkin.

XX asrning ikkinchi yarmida xalqaro hamjamiyat  insonning asosiy huquqlari va erkinliklarini himoya qilish boʻyicha qatʼiy normalar nafaqat davlatlarning milliy huquqida, balki xalqaro huquqda ham mustahkamlab qoʻyilishi zarur, degan xulosaga keldi. Boshqacha aytganda, Nyurnberg jarayoni dunyoda yangicha huquqiy tartib-taomillar qaror topishiga muayyan darajada koʻmaklashdi.

Xalqaro harbiy tribunal Nizomiga muvofiq, inson huquqlari sohasiga doir bir qancha xalqaro-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi. Bu hujjatlarda davlatlarning inson huquqlarini hurmat qilish va ularni taʼminlash borasidagi umumiy majburiyatlari mustahkamlandi. Shuningdek, xalqaro jinoyatlarga yoʻl qoʻymaslik yoki ularning oldini olish boʻyicha aniq normalarni oʻzida aks ettirgan qator xalqaro konventsiyalar tasdiqlandi.

Nyurnberg jarayoni saboqlari xalqaro-institutlashgan odil sudlov organlari uchun zamin boʻlib xizmat qildi. Nyurnberg jarayoniga qadar xalqaro huquqda faqat davlatlarning  javobgarligigina koʻzda tutilgan boʻlib, bu ham koʻp jihatdan jamoaviy javobgarlik hisoblanardi. Nyurnberg jarayoni - dastlabki xalqaro odil sudlov timsolida - ana shu vaziyatni tubdan oʻzgartirdi.

Tribunal hozirgi zamon xalqaro sudlari tizimini barpo etish uchun namunaviy model vazifasini ham oʻtadi. Xalqaro jinoyat sudi shu negizda tashkil etilgani ushbu fikrimizni tasdiqlaydi. Bu, oʻz navbatida, xalqaro gumanitar huquq va xalqaro jinoyat huquqi rivojiga turtki berdi.

Nyurnberg jarayoni saboqlari insoniyat faqat birdamlikdagi saʼy-harakatlari bilan zulmga bas kelishi mumkinligini oʻrgatdi. Aynan Nyurnberg tribunali Nizomidagi printsiplar keyinchalik BMT Bosh Assambleyasi tomonidan xalqaro huquqning insoniyatga qarshi jinoyatlar bilan kurashish sohasidagi umumeʼtirof etilgan printsiplari sifatida tasdiqlangan.

Nyurnberg jarayoni inson huquqlarini himoya qilishning taʼlim va axborot-maʼrifatga doir asoslarini yaratdi. Xalqaro hamjamiyat tinchlik madaniyati, inson huquqlari boʻyicha taʼlim sohasida BMT oʻn yilligi, tinchlik va zoʻravonlikka yoʻl qoʻymaslik madaniyati gʻoyalarini ham aynan Nyurnberg printsiplari asosida eʼlon qilgani eʼtiborlidir.

Nyurnberg jarayoni inson huquqlarini rivojlantirish yoʻnalishlarini belgilab olishga oʻz taʼsirini koʻrsatgani juda muhimdir. Avvalambor, Nyurnberg jarayoni xalqaro jinoyatlarning yangi turlarini belgilab berdi. Keyinchalik bu yangiliklar xalqaro huquq va aksariyat davlatlar milliy qonunchiligidan mustahkam oʻrin oldi.

Nyurnberg jarayoni zamonaviy xalqaro huquqni hamda uning tinchlik va asosiy inson huquqlariga rioya etishga taalluqli printsiplarini izchil rivojlantirishda yetakchi rol oʻynadi. BMT Bosh Assambleyasi 1946 yilning dekabrida Nyurnberg odil sudlovi printsiplari amaldagi xalqaro huquqning tarkibiy qismi hisoblanishini eʼlon qildi.

Ayni chogʻda, Nyurnberg jarayoni bergan saboqlar bugungi kunda ham biz uchun ulkan ahamiyat kasb etadi. Xalqaro huquqning eng muhim printsiplari ishlab chiqilgani va qabul qilingani, shu printsiplarning amalda tatbiq etilishi tufayli insoniyat tinchlik va xavfsizlikni, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari himoyasini imkon qadar taʼminlab kelayotgani buning yaqqol dalolatidir.

Akmal Saidov qayd etganidek, Nyurnberg tribunali insoniyatning barcha muammolariga yechim topib bera olgani yoʻq, albatta. Ammo, uning qatʼiy qarorlari boʻlmaganida, hozirgi dunyo odamzod koʻziga bu qadar jozibador koʻrinmagan boʻlur edi.

Koronavirus pandemiyasi, bir tomondan, butun insoniyatning bunday global tahdidlar qarshisida ojizligini koʻrsatgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, Yer yuzidagi barcha davlatlar va dunyo xalqlari bir-birlari bilan oʻzaro bogʻliq ekanini yana bir bor tasdiqladi. Binobarin, jahon hamjamiyati aʼzolari oʻrtasidagi muntazam muloqotlar, ishonch va yaqin hamkorlik alohida ahamiyatga ega.

Insoniyat bir yaqqol haqiqatni yana eʼtirof etdi. Bu ham boʻlsa,  hukumatlar, parlamentlar, fuqarolik jamiyati saʼy-harakatlarini birlashtirish, yalpi javobgarlik, xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va oʻzaro muvofiqlashtirish printsiplarini mustahkamlash zaruratidir.

Nyurnberg tribunali inson huquqlari boʻyicha xalqaro huquqni mustahkamlash borasida ulkan rol oʻynagani, eng muhimi, jahon hamjamiyatiga oʻzaro yaqin qoʻshni, doʻst va hamkor boʻlib tinch-osoyishta yashash mumkinligini koʻrsatib bergani shubhasiz, deya oʻz chiqishini yakunladi akademik Saidov.

 

Asosiy mavzular