TOSHKENT, 2 yanv - Sputnik. Oʻzbekistonda 1 yanvardan nimalar oʻzgardi. Adliya vazirligining Huquqiy-axborot kanali shu haqda maʼlumot berdi.
Yanvar oyining birinchi sanasidan quyidagi oʻzgarishlar roʻy beradi:
- OTMga kirish test sinovlari mazmuni maktab dasturlariga moslashtiriladi;
- Olis hududlarga ishlashga kelgan mutaxassislarga boshlangʻich yordam puli va har oylik kompensatsiya beriladi;
- Maktablarda Ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimi joriy etiladi;
- Tizimli ravishda skrining tekshiruvlari oʻtkaziladi;
- Har yili tumanlar (shaharlar) hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida umumtaʼlim muassasalarining reytingi tuziladi;
- Tibbiyot xodimlari bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi;
- Aholi punktlari bosh rejalarining jamoat ekspertizasini amalga oshirish mexanizmi joriy etiladi;
- Har bir tuman markazi va shaharlarda piyoda va velosipedda yurish uchun “Salomatlik yoʻlaklari”ni qurish ishlari boshlanadi;
- Davlat ishtirokidagi 9 ta korxonada tajriba tariqasida monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etiladi;
- Shifokorlar uchun har 5 yilda malaka toifasini olish boʻyicha majburiy attestatsiyadan oʻtish tartibi joriy etiladi;
- Favqulodda vaziyatlar oqibatida yoʻqotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan hujjatlarni tiklashda davlat boji va yigʻimlar undirilmaydi;
- Elektr energiyasi toʻlovlarini oʻz vaqtida va toʻliq undirishni taʼminlash ishlari tizimli yoʻlga qoʻyiladi;
- Sud majlislari ish boʻyicha taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib boriladi;
- Tabiatga zarar yetkazganlik haqida xabar bergan shaxslarga pul mukofoti beriladi;
- Yer balansi va uning hisoboti, tuman (shahar) yer kadastri daftari faqat Milliy geoaxborot tizimida yuritiladi;
- Kam taʼminlangan oila aʼzolariga vaqtinchalik ishlash uchun xorijga chiqayotganda mikroqarzlar berish tartibi joriy qilinadi;
- Barcha auktsion savdolari natijalari QR-kodni qoʻllash orqali rasmiylashtiriladi;
- Fuqaro oʻziga qulay tuman (shahar) ichki ishlar organlari yoki DXMga murojaat qilib vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatda turishi mumkin boʻladi.