TOSHKENT, 21 yanv - Sputnik. Hokimlik xodimi 15 ming dollar pora bilan qoʻlga tushdi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura matubot-xizmati.
Urgut tuman hokimligi xodimi fuqarolarning biridan Urgut erkin iqtisodiy zonasi hududidan yer ajratib berish evaziga 30 ming dollar soʻrab, undan 15 ming dollarni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Eslatib oʻtamiz, Bosh prokuratura maʼlumotlariga koʻra, 2020 yil davomida respublika boʻyicha jami 1148 ta jinoyat ishi boʻyicha 1723 nafar mansabdor shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslarning 9 nafari respublika, 45 nafari viloyat va 1669 nafari tuman-shahar miqyosidagi vazirlik, idora va tashkilotlarda faoliyat yuritgan.
Jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslarning 835 nafari oʻzganing mulkini oʻzlashtirish va rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish, 227 nafari firibgarlik, 132 nafari pora olish (berish) va pora olish-berishda vositachilik qilish, 58 nafari mansab mavqeini suiisteʼmol qilish, 31 nafari mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, 25 nafari mansabga sovuqqonlik bilan qarash, 16 nafari mansab soxtakorligi va 399 nafari boshqa jinoyatlarni sodir etishgan.
Mansabdor shaxslarning jinoyatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 500,1 mlrd. soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazilgan. Tergov jarayonida ushbu zararning 355,7 mlrd. soʻmi undirilgan.