TOSHKENT, 30 yanv - Sputnik. Oʻzbekiston Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va Janubiy Afrika Respublikasi davlatlari bilan xalqaro aviareyslar(kirish, chiqish va tranzit reyslar orqali mamlakatga kirish)ga taqiqlarni 1 mart sanasiga qadar uzaytirdi.
"Hozirda yuzaga kelgan holatlarni tahlili hamda yuqorida qayd etilgan mamlakatlardagi epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda, 2021 yilning 1 fevraliga qadar kiritilgan cheklov muddati Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan joriy yilning 1 martiga qadar uzaytirildi", - deyiladi Sogʻliqni saqlash vazirligi xabarida.
Eslatib oʻtamiz: Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va Janubiy Afrika Respublikasi davlatlarida soʻnggi 14 kun davomida boʻlgan shaxslar yuqoridagi cheklov amal qilgan davr mobaynida Oʻzbekiston Respublikasiga kiritilmasligi;
soʻnggi 14 kun davomida ushbu davlatlarda boʻlgan holda uchinchi davlatlar orqali kelayotgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar 14 kun davomida vaqtinchalik karantinda saqlash majmuasi yoki tegishli mehmonxonada karantinga olinishi tartibi davom etiriladi.