00:58 25 Fevral 2021
Efir
  • RUB141.09
  • EUR12773.52
  • USD10549.65
Yangiliklar
Havola olish
198 0 0

Oliy Majlis Senatining oʻn ikkinchi yalpi majlisida “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

TOSHKENT, 5 fev - Sputnik. "Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida"gi Qonun maʼqullandi.

Mamlakatda soʻnggi yillarda Oʻzbekiston prezidenti saylovi hamda davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni ochiq, shaffof va mustaqillik printsiplari asosida oʻtkazishda xalq hokimiyati va siyosiy plyuralizmning huquqiy asoslarini mustahkamlash va saylov tizimini bosqichma-bosqich modernizatsiyalash boʻyicha bir qator amaliy choralar koʻrildi.

Ammo 2019 yilda boʻlib oʻtgan parlament saylovlarida yuzaga kelgan bir qator kamchilik va muammolarni bartaraf etish, xalqaro tashkilotlarning ayrim maqbul tavsiyalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish orqali mamlakatimizda ushbu sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar mohiyatini xalqaro hamjamiyatga yetkazish zarurati tugʻildi.

Ushbu Qonun saylov jarayoniga nisbatan yagona shaffof va samarali yondashuvlarni nazarda tutgan holda ishlab chiqilgan boʻlib, u bilan bir qator oʻzgartishlar kiritilyapti.  

Jumladan, milliy ekspertlar tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan takliflari asosida xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari instituti tugatilmoqda va ularning vakolatlari tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklanmoqda. Shuningdek, xorijda istiqomat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar saylovchilar roʻyxatiga kiritish tartibi, chet davlatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida koʻchma qutilarda ovoz berishning huquqiy asoslari yaratilmoqda.

Bundan tashqari, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida, harbiy qismlarda tashkil etilgan saylov uchastkalarini kuzatuvchilar oʻz tashrifi haqida kamida 3 kun oldin xabardor qilish tartibi belgilanmoqda.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining tavsiyalari asosida bir qator oʻzgartishlar kiritilmoqda. Yaʼni:

saylov komissiyalarining nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga oid vazifasi chiqarib tashlanmoqda;

saylovoldi tashviqoti davrida davlat resurslaridan foydalanish taqiqlanmoqda;

saylov natijalarini eʼlon qilish muddatlarining asossiz choʻzilishining oldini olish maqsadida saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyat muddati 10 kundan 5 kunga qadar qisqartirilmoqda;

siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti uchun ajratilgan mablagʻlardan foydalanishning shaffofligini taʼminlash maqsadida ular tomonidan saylovdan oldin oraliq va saylovdan soʻng yakuniy moliyaviy hisobotlarni, shuningdek Hisob palatasining partiyalar faoliyatini tekshirish natijalarini eʼlon qilish tartibi joriy etilmoqda.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq prezidentlik saylovi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hamda mahalliy vakillik organlariga saylovlar tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – dekabr oyi uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasida oʻtkaziladi.

Kiritilayotgan oʻzgartishlar bilan saylovlarni oktyabr oyida oʻtkazish taklif qilindi.

Senatorlarning fikricha, Qonunning qabul qilinishi umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlari asosida saylov qonunchiligini yanada takomillashtiradi, saylov jarayonlarining yanada ochiq va oshkora oʻtishi, Oʻzbekistonning jahon mamlakatlari demokratiya indeksidagi koʻrsatkichlari yaxshilanishiga erishiladi. Shuningdek, saylovlardan keyin oliy davlat organlarini oʻz vaqtida shakllantirish va muhim siyosiy qarorlarni qabul qilish uchun zamin yaratadi. Ushbu hujjat bilan fuqarolarning saylovlarda faol ishtirok etishiga erishiladi hamda kuzatuvchilar va saylovchilar uchun qulay sharoitlar yaratiladi.

Mazkur oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim ahamiyat kasb etadi va oshkoralik, shaffoflik, haqqoniylik, xolislik kabi demokratik printsiplarni oʻzida aks ettiradi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Asosiy mavzular