01:07 25 Fevral 2021
Efir
  • RUB141.09
  • EUR12773.52
  • USD10549.65
Yangiliklar
Havola olish
46901

Ishlab chiqilayotgan reja asosida jamoatchilik fikri oʻrganiladi va yangi tizim joriy yilning 1 sentyabrigacha tayyorlanadi

TOSHKENT, 5 fev - Sputnik. Samarqand viloyat qurilish bosh boshqarmasida shahar transport tizimini raqamlashtirish bosh rejasining muhokamasi boʻlib oʻtdi. Unda Rossiyaning "SIMETRA" kompaniyasi tomonidan Samarqand shahri koʻchalarining yangi, raqamlashtirilgan kontseptsiyasi loyihasining taqdimoti oʻtkazildi, deb xabar bermoqda "Zarafshon" nashri.

Rossiyaning Sankt Peterburg shahrida faoliyat olib boruvchi mazkur kompaniya Moskva, Chelyabinsk, Olma ota, Kishinyov, Krasnodar kabi shaharlarda transport sohasida ishlab tajriba orttirgan.

Ayni kunlarda mazkur kompaniya mutaxassislari shahar koʻchalaridagi holatni oʻrganib, tahlil qilmoqda. Samarqand shahri va uning atrofidagi 40 kilometr hududda jamoat transporti harakatini tartibga keltirish boʻyicha reja ustida ish olib bormoqda.

"Samarqand tarixiy shahar boʻlgani uchun ham tuzilayotgan loyihalarimiz boshqalardan butunlay farq qiladi, - deydi "SIMETRA" kompaniyasining yetakchi mutaxassisi Kristian Byottger. – Qadim shaharning jamoat transporti tubdan oʻzgarishi kerak. Turli davlatlardan kelayotgan sayyohlarga zamonaviy xizmat turlari tashkil etilmoqda. Jumladan, yoʻlovchi tashish xizmati ham shunga mos boʻlishi kerak. Ishlab chiqayotgan rejamiz asosida jamoatchilik fikrini oʻrganamiz va yangi tizimni joriy yilning 1 sentyabrigacha tayyorlaymiz".

Samarqandda YUNESKO nazoratidagi madaniy-meros obʼyektlari juda koʻp. Bu esa xorijlik mutaxassislar uchun yanada koʻproq masʼuliyat yuklaydi.

"Samarqand shahriga kuniga tumanlardan 114 ming yoʻlovchi keladi, - deydi Transport vazirligi qoshidagi transport muammolarini oʻrganish markazi direktori Murod Obidov. - Shaharda harakatlanayotgan 500 dan ortiq jamoat transporti yordamida 140 mingdan koʻproq yoʻlovchiga xizmat koʻrsatilmoqda. Ishlab chiqiladigan loyihada aynan mana shu omillar inobatga olinadi".

Toʻplangan maʼlumotlar asosida bir nechta zamonaviy loyihalar ishlab chiqilib, keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyiladigan boʻldi.

Asosiy mavzular