09:48 25 Fevral 2021
Efir
  • RUB141.09
  • EUR12773.52
  • USD10549.65
Yangiliklar
Havola olish
179 0 0

Jinoyat-protsessual kodeksga kiritilgan oʻzgartirishlarga muvofiq, ushlab turish muddati amalda ushlangan paytdan eʼtiboran koʻpi bilan 48 soatni tashkil etadi.

TOSHKENT, 20 fev - Sputnik. Shavkat Mirziyoyev "Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida"gi qonunni imzoladi.

Hujjatga koʻra, himoyachi ishtirok etishi shart boʻlgan jinoyat ishlari qatoriga quyidagilar kiritildi:

sud tomonidan dastlabki eshituv oʻtkazilayotgan ishlar;

oʻta ogʻir jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarga oid ishlar;

shaxsga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash masalasi koʻrib chiqilayotganda;

aybiga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv tuzilgan ishlar.

Ayni paytda voyaga yetmaganlarning ishi boʻyicha, sudlov ishi olib borilayotgan tilni bilmaydiganlar, jismoniy nuqsoni yoki ruhiy holati buzilganligi sababli oʻzini oʻzi himoya qilish huquqini amalga oshirishga qiynaladigan shaxslar, jazo chorasi sifatida umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin boʻlgan jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan va boshqa shaxslarning ishi boʻyicha himoyachi ishtirok etishi shartligi belgilangan.

Bundan tashqari, Jinoyat-protsessual kodeksga kiritilgan oʻzgartirishlarga muvofiq, shaxs amalda ushlangan yoki uni jinoyat joyida ushlash bilan bogʻliq tezkor-qidiruv tadbiri amalda yakunlangan paytdan boshlab u bilan bogʻliq protsessual harakatlar amalga oshirilgunga qadar uning himoyachi bilan xoli uchrashishi taʼminlanadi.

Kiritilgan tuzatishlarga koʻra, tezkor-qidiruv faoliyatini olib boruvchi organlar mansabdor shaxslarining gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchidan ariza, tushuntirish xati yoki koʻrsatmalar olishi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudyaning yozma ruxsati asosida va faqat himoyachi ishtirokida (himoyachining rad etish hollari bundan mustasno) olishi mumkin.

Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksga kiritilgan oʻzgartirishlarga muvofiq, ushlab turish muddati amalda ushlangan paytdan eʼtiboran koʻpi bilan 48 soatni tashkil etadi. Ilgari bu muddat ushlangan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilgan paytdan boshlab hisoblangan.

Asosiy mavzular