21:18 31 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB136.11
  • EUR12285.78
  • USD10359.88
Siyosat
Havola olish
Oʻzbekistonda prezident saylovi (124)
37651

4-dekabr Oʻzbekiston tarixida alohida ahamiyat kasb etadigan kun: bugun Oʻzbekiston fuqarolari yangi prezidentni saylash uchun ovoz berishmoqda. Sputnik Oʻzbekiston muxbiri ham Moskvadagi Oʻzbekiston Elchixonasida boʻldi va oʻzi tanlagan nomzod uchun ovoz berdi. Moskvadagi saylov uchastkasida ovoz berish jarayoni qanday oʻtayotgani haqida reportajda oʻqing

TOSHKENT, 4 dek — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Bugun dam olish kunim. Ammo, erta tongdanoq koʻtarinki ruhda uygʻondim. Axir bugun oʻzgacha kun — bugun biz, Oʻzbekiston fuqarolari, yangi Prezidentni saylaymiz.

Ovoz berish jarayoni ertalabki 06.00dan boshlangani xayolimga keldi-yu, iloji boricha ertaroq oʻz fuqarolik burchimni bajaray, degan maqsadda Moskva shahrining Polyanka metro stantsiyasi yaqinida  joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi Elchixonasi tomon yoʻl oldim.

…Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomi bilan atalgan xiyobondan Elchixona tomon odimlar ekanman, marhum yurtboshimizning "Harakatlar deymiz, tashvishlar deymiz, qancha-qancha qiyinchiliklar boshimizdan oʻtdi. Hammasi nima uchun? Kim uchun? Inson uchun, millat uchun, kelajagimiz uchun!!!" degan gaplari yodimga tushdi.

…Darhaqiqat, 2016-yil qanday sinovlarni boshdan oʻtkazmadik. Xayolimizga kelmagan ishlar boʻlib ketdi. Katta yutuqlar bilan bir qatorda buyuk yoʻqotishlarni boshdan kechirdik. Ammo hayot davom etmoqda… Yangi yil ostonasida buyuk oʻzgarishlar oldida turibmiz. Qayerda boʻlmaylik, oʻz fuqarolik burchimizni ado etish — har birimizning muqaddas burchimiz.

Bugun Moskva koʻchalari va jamoat transportlarida Oʻzbekiston fuqarolari har qachongidan-da koʻp. Metroda va metrodan Elchixonagacha boʻlgan masofada oʻzbekistonliklar bir-biridan "saylov qayerda boʻlyapti ekan" deb soʻragan… Hamma bir-biriga yoʻl koʻrsatgan…

Elchixona oldidagi uzun navbatni koʻrib, faxr tuygʻusi ikki karra ortdi.

Men ham yurtdoshlarim ketidan navbatda turdim. Bir vaqt posbonlardan biri (rus politsiyachisi, muallif) "Hoy qiz, siz navbatsiz oʻtishingiz mumkin" deb qoldi. Naqadar ajoyib! Pasportimni koʻrsatib, xavfsizlik tekshiruvidan oʻtib, ichkari tomon yoʻl oldim. U yerda ham ovoz berishga kelgan fuqarolarimizdan iborat katta navbat. Ammo ayollarni, boya aytganimdek navbatsiz oʻtkazishmoqda. "Assalomu alaykum", deya salom berib, ichkariga oʻtaverdim. Salomingizga bir emas, oʻnlab alik eshitsangiz, yana sof oʻzbek tilida, boshqacha zavq olar ekansiz.

Meni hayratga solgan narsa — Rossiyadagi fuqarolarimizning hamjihatikda saylovga kelganliklari ham emas, balki ularning bu jarayonga oʻzgacha tayyorgarlik koʻrib kelishganlari: deyarli koʻpchilik kostyum-shim va galstukda kelgan. Odamlarning kayfiyati aʼlo, bayramona deyish mumkin.

Elchixonadagi saylov jarayonidan faqatgina ijobiy taassurot qoldi. Hammasi yuqori saviyada tashkil etilgan: diplomatik korpus vakillari yuzlarida tabassum ila kelganlarni qarshi olishmoqda. Nimaiki savolingiz boʻlsa, ular javob berishga va tushunmaganingizni tushuntirishga shay.

Roʻyxatdan oʻtib, oʻzim tanlagan nomzod uchun ovoz berdim, kelganlarni bir oz kuzatib, ortga, ishxonaga shoshildim. Axir koʻrganlarimni siz bilan boʻlishishim kerak.

Aziz yurtdoshim, agar siz ham Moskva shahrida boʻlsangiz, tezroq Elchixona tomon yoʻl oling. Bu kun unutilmas, oʻzgacha shukuh ila esga olishga arziydigan kun boʻladi, ishoning.

Mavzu:
Oʻzbekistonda prezident saylovi (124)
Teglar:
jurnalist, Sputnik Oʻzbekiston, Rossiyadagi elchixona, Moskva, Sputnik nashri, saylov, saylov, Dilshoda Rahmatova, Shavkat Mirziyoyev, Rossiya, Oʻzbekiston

Asosiy mavzular