05:45 26 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB133.19
  • EUR12153.63
  • USD10371.76
Siyosat
Havola olish
Oʻzbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev: islohotlar va tayinlovlar (72)
40130

Oʻzbekiston Respublikasining yangi saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyev, Emomali Rahmon, Vladimir Putin, Toyib Erdoʻgʻon hamda Gurbanguli Berdimuhammedovlar bilan telefon orqali muloqotlar oʻtkazdi

TOSHKENT, 6 dek — Sputnik. Rossiya, Qozogʻiston, Turkiya, Turkmaniston va Tojikiston prezidentlari Shavkat Mirziyoyevni Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti saylovida muvaffaqiyat qozongani munosabati bilan chin qalbdan tabriklashdi, deb xabar qilmoqda "Jahon" AA.

Jumladan, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan oʻtkazilgan telefon orqali muloqot davomida davlat rahbarlari hozirgi kunda koʻp qirrali Oʻzbekiston-Rossiya munosabatlari yuksak darajada ekanini mamnuniyat bilan taʼkidlab, Samarqand shahrida oʻtgan oliy maqomdagi ikki tomonlama uchrashuv chogʻida erishilgan kelishuvlar rejali va tizimli asosda hayotga tatbiq etilayotganini ijobiy baholaganlar.

Tomonlar strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, shuningdek, ikki tomonlama aloqalarga doir barcha sohalarda hamda dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar boʻyicha ishonchli, ochiq va konstruktiv davlatlararo muloqotni izchil davom ettirish va jadal rivojlantirishga qatʼiy tayyor ekanliklarini bildirganlar.

Shavkat Mirziyoyev bilan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon oʻrtasida 5-dekabr kuni oʻtkazilgan telefon muloqoti davomida davlat rahbarlari Oʻzbekiston-Tojikiston munosabatlarni mustahkamlash masalalari boʻyicha fikr almashganlar.Shuningdek, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi dolzarb vazifalarning amaliy roʻyobga chiqarishdan har ikki tomon ham manfaatdor ekanligini taʼkidlaganlar.

Oʻzbekiston va Tojikiston rahbarlari oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha aniq qarorlarga kelish maqsadida davlat va jamoat tuzilmalari, xoʻjalik subektlarining ikki tomonlama muloqotlarini qoʻllab-quvvatlashga kelishib olganlar.

Shavkat Mirziyoyev bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdoʻgʻon oʻrtasida Turkiya tomonining tashabbusi bilan 6-dekabr kuni oʻtkazilgan telefon orqali muloqot davomida Davlat rahbarlari davlatlararo munosabatlarning dolzarb masalalarini muhokama etgan va 18-noyabrda Samarqandda oliy darajada oʻtgan Oʻzbekiston – Turkiya oʻrtasidagi serqirra muloqot va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirishga tayyor ekanini taʼkidlaganlar.

Tomonlar bugungi ikki tomonlama munosabatlar oʻzbek va turk xalqlarining tarixi hamda maʼnaviyati mushtarakligining mustahkam asosiga tayanishi va oʻzaro manfaatlarga javob beradigan amaliy natijalarga erishishni maqsad qilganini alohida taʼkidlaganlar.

Oʻzbekiston bilan Turkiya sheriklik munosabatlarini iqtisodiy, investitsion-texnologik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ulkan salohiyat inobatga olingan holda, yangi mazmun bilan boyitish tarafdori ekani qayd etilgan.
Oʻzbekiston va Turkiya rahbarlari oʻzaro rasmiy tashrif almashishga kelishib olganlar va shu munosabat bilan manfaatdor vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berilgan.

Qozogʻiston prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot chogʻida tomonlar Oʻzbekiston – Qozogʻiston munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari haqida fikr almashganlar. Ikki mamlakatning turli vazirlik va idoralari oʻrtasidagi aloqalarga, xoʻjalik subektlarining samarali hamkorligi, shuningdek, mintaqalararo aloqalar jadal rivojlanib borayotganiga alohida eʼtibor qaratilgan. Davlat rahbarlari oʻzaro munosabatlarning barcha jihatlari va mintaqaviy hamda xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib olganlar.

Turkmaniston Prezidenti esa Shavkat Mirziyoyevni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidagi ishonchli gʻalabasi bilan samimiy tabriklagan va suhbat chogʻida oʻzbek va turkman xalqlarining tarixi mushtarakligi, maʼnaviy va madaniy qadriyatlari yaqinligi taʼkidlangan. Mamlakat rahbarlari Oʻzbekiston bilan Turkmaniston oʻrtasidagi serqirra hamkorlikning bugungi holati va istiqbolli yoʻnalishlarini muhokama etib, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashganlar.

Davlat rahbarlari doʻstlik, yaqin qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli hamkorlik printsiplariga asoslangan yuksak darajadagi davlatlararo munosabatlarni mamnuniyat bilan qayd etib, bundan buyon ham siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda amaliy va ochiq muloqotlarni faol davom ettirishga qatʼiy ishonch bildirganlar.

Gurbanguli Berdimuhamedov Shavkat Mirziyoyevga oʻzi uchun qulay boʻlgan vaqtda Turkmanistonga rasmiy tashrif bilan kelishini taklif etgan. Taklif mamnuniyat bilan qabul qilingan.

Mavzu:
Oʻzbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev: islohotlar va tayinlovlar (72)
Teglar:
davlat rahbarlari, qutlov, tabrik, telefon orqali muloqot, Emomali Rahmon, Nursulton Nazarboyev, Vladimir Putin, Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston, Turkiya, Qozogʻiston, Oʻzbekiston

Asosiy mavzular