01:54 25 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Siyosat
Havola olish
Oʻzbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev: islohotlar va tayinlovlar (72)
117860

"Bizning asosiy maqsadimiz – "Xalq qabulxonalari"ga qilingan hech bir murojaat eʼtiborsiz qolmaydigan tizim yaratishdan iborat, - dedi Mirziyoyev

TOSHKENT, 10 dek — Sputnik. Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Konstitutsiya qabul qilinganining 24 yilligiga bagʻishlangan maʼruzasida "yagona darcha" printsipi asosida faoliyat yuritadigan "xalq qabulxonalari"ni ochishni taklif qildi.

Shavkat Mirziyoyevning taʼkidiga koʻra, bugun hayotning oʻzi Oʻzbekiston Konstitutsiyasida oʻz ifodasini topgan eng asosiy maqsad – inson manfaatlarini har tomonlama taʼminlash masalasini dolzarb vazifa qilib qoʻymoqda. Inson manfaatlarini taʼminlash uchun esa avvalo odamlar bilan, xalq bilan muloqot qilish, ularning dardu tashvishlari, orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaxshi bilish kerak.

"Aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizmlari va samarali usullarini joriy etishimiz darkor. Biz aholi eng koʻp murojaat qiladigan davlat idoralari faoliyatida odamlar bilan ishlash boʻyicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizimga oʻtish haqida oʻylayapmiz. Xususan, 2017-yildan boshlab barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining aholi oldida hisobot berish tizimi joriy etiladi. Shu bilan birga, har bir tuman va shaharda "Xalq qabulxonalari"ni tashkil etish va ularning toʻlaqonli faoliyat koʻrsatishini taʼminlashimiz zarur", — deb taʼkidladi oʻz nutqi davomida Mirziyoyev.

Oʻzbekiston prezidenti bunday qabulxonalar siyosiy partiyalar, jumladan, Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi tizimida faoliyat koʻrsatishi maqsadga muvofiqligini taʼkidlab oʻtdi. Chunki siyosiy partiya fuqarolarning maqsad va manfaatlarini roʻyobga chiqaradigan kuch sifatida odamlar hayotidagi muammolardan doimo xabardor boʻlishi kerak.

Mirziyoyevga koʻra, bu qabulxonalarning huquqiy maqomini, ularning vakolat va majburiyatlarini ham aniq belgilab qoʻyish maqsadga muvofiqdir.

"Bizning asosiy maqsadimiz – "Xalq qabulxonalari"ga qilingan hech bir murojaat eʼtiborsiz qolmaydigan tizim yaratishdan iborat. Muxtasar aytganda, odamlarning dardini eshitish, ular bilan ochiq muloqotda boʻlish, ogʻirini yengil qilish – aholining davlat va jamiyatga ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu maqsadda aholiga kundalik va eng zarur boʻlgan davlat xizmatlarini "yagona darcha" printsipi boʻyicha bir idora orqali koʻrsatish tizimini takomillashtirishimiz kerak", — deb bayonot qildi Mirziyoyev.

Oʻzbekiston prezidenti, shuningdek, har bir hududdagi vaziyatni, avvalo, farmon va qarorlar ijrosini, ularning samaradorligini doimiy ravishda oʻrganib, bu borada davlat organlari masʼuliyatini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadigan tizimni shakllantirish kerakligini eslatib oʻtdi.

Mavzu:
Oʻzbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev: islohotlar va tayinlovlar (72)
Teglar:
xalq qabulxonalari, yagona darcha, prezident farmoni, qaror, maʼruza, Oʻzbekiston, farmon, Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston

Asosiy mavzular