04:23 28 Yanvar 2020
Efir
  • RUB153.89
  • EUR10541.66
  • USD9563.33
Siyosat
Havola olish
Shavkat Mirziyoyevning birinchi rasmiy safari (11)
2805141

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻzining xorijga ilk rasmiy safarini taxmin qilganimizdek Rossiyaga yoki Qozogʻistonga ham emas, balki Turkmanistonga uyushtiradigan boʻldi. Nega aynan Turkmaniston degan savolga esa quyida javob olasiz

TOSHKENT, 4 mar — Sputnik. Yaqin kunlarda Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sifatidagi birinchi xorijiy safari boshlanadi. Yana shunisi ham eʼtiborli va hatto ramziy maʼnoga ega-ki, Mirziyoyevu oʻtgan oyda yangi saylangan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning birinchi oliy martabali mehmoni boʻladi.

"Oʻzbekiston rahbari fevral oyida yoʻllagan tabriknomasida Gurbanguli Berdimuhamedovni saylovda erishgan ishonchli gʻalabasi munosabati bilan qutlar ekan, boʻlajak tashrif ikki tomonlama munosabatlarda tom maʼnodagi tarixiy voqea boʻlajagiga ishonch izhor etgan edi. Qolaversa, keyingi yarim yil davomida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi turli darajalardagi aloqalarning jadal tus olgani hamda konstruktiv hamkorlikning shu paytga qadar qoʻyilgan mustahkam zamini ham bundan dalolat beradi", — deb yozgan "Jahon" AA.

Nashr shuningdek, turkman va oʻzbek xalqi asrlar davomida maʼnaviy qadriyatlar, til din, tarix, urf-odat va anʼanalar mushtarakligiga asoslangan doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari oʻzaro bogʻlab kelgani haqida eslatib oʻtgan.

"Mustaqillik yillari davomida yoʻlga qoʻyilgan samimiy munosabatlar oʻzbek xalqi uchun ogʻir boʻlgan kunlarda — Birinchi Prezident Islom Karimov bevaqt vafot etgan damlarda yana bir bor oʻz tasdigʻini topdi. Milliy yoʻlboshchimiz bilan vidolashuv marosimida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov faol ishtirok etdi. Oʻshanda doʻst mamlakat rahbari ikki davlat oʻrtasidagi izchil hamkorlikning rivojlanishiga katta hissa qoʻshgan buyuk davlat arbobi, dono siyosatchini Turkmaniston xalqi chuqur hurmat qilishini bayon etgan edi", — deyilgan nashrda.

Ana shunday ehtiromning ramzi sifatida Turkmanobod shahrida Oʻzbekistonning birinchi rahbari nomi bilan ataladigan markaziy koʻchadagi Islom Karimov nomli xiyobonda Oʻzbekiston Birinchi Prezidentining xotira majmui barpo etilmoqda. Turkmaniston rahbari oʻtgan yil 4-noyabr kuni Ashxobodda Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasini qabul qilgan chogʻdayoq bu haqda bayonot bergan.

Turkmaniston Prezidentining Oʻzbekiston hukumati aʼzolari bilan boʻlgan yana bir uchrashuvi ikki tomonlama munosabatlarning oʻsuvchan ekanligidan dalolat beradi. Gurbanguli Berdimuhamedov oʻtgan yilning 26 – 27-noyabri kunlari Ashxobodda boʻlib oʻtgan BMTning Barqaror Transport boʻyicha birinchi Global konferentsiyasi doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasini qabul qildi. Samimiy suhbat chogʻida ikki tomonlama hamkorlikning, shu jumladan, transport-kommunikatsiya sohasidagi oʻzaro aloqalarning istiqbollari muhokama etildi.

Shu oʻrinda yana bir jihatni qayd etish joiz: mamlakatlar koʻp tomonlama muzokaralar doirasida ham bir-biri uchun ishonchli tayanchdir. Oʻzbekiston Turkmaniston rahbarining Xalqaro neytralitet kunini taʼsis etish toʻgʻrisidagi tashabbusini qoʻllab-quvvatlagani bu fikrning yaqqol tasdigʻi hisoblanadi. Buning natijasida joriy yil 2-fevral kuni BMT Bosh Assambleyasining 71-sessiyasida 12-dekabrni Xalqaro neytralitet kuni, deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi rezolyutsiya Oʻzbekiston hammuallifligida qabul qilindi.

1996-yil 16-yanvardagi Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston oʻrtasida doʻstlik, hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisidagi Shartnomada koʻzda tutilganidek, bir-birini qoʻllab-quvvatlash oʻzaro munosabatlardagi asosiy jihatlardan biri hisoblanadi. Mazkur Shartnomani bugungi kunga qadar imzolangan qariyb 190 ta ikki tomonlama bitimlardan iborat salmoqli hujjatlar toʻplamining "toji" deyish mumkin.

Oʻz-oʻzidan ayonki, yuqorida qayd etilgan shartnomalarning aksariyat qismi Toshkent ham, Ashxobod ham ustuvor darajada eʼtibor qaratadigan savdo-iqtisodiy hamkorlikka aloqadordir.

Bu yoʻnalishdagi hamkorlik koʻlami va unga beriladigan ahamiyat koʻlami katta ekanligini tasdiqlash uchun birgina misolni keltirishning oʻzi kifoya: soʻnggi olti oy mobaynida Oʻzbekiston — Turkmaniston savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyasining ikkita majlisi boʻlib oʻtdi.

Soʻnggi majlis yakunlari boʻyicha tomonlar boshqa yoʻnalishlarda ham boʻlgani kabi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, suv-xoʻjalik obʼyektlaridan birgalikda foydalanish, qishloq xoʻjalik texnikasi va neft mahsulotlari yetkazib berish, oʻzaro milliy koʻrgazmalarni tashkil etish yuzasidan kelishuvlarga erishdilar.

Mazkur hukumatlararo komissiyaning nomlanishidan ham ayonki, tomonlar madaniy-gumanitar hamkorlik masalalarini muntazam ravishda muhokama etishadi. Chunki oʻzaro hamkorlikning bu yoʻnalishi ham xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarining mustahkamlanishida katta ahamiyat kasb etadi. Buning samaralari ham kaftdagidek ravshan: Oʻzbekiston va Turkmaniston vakillari har ikki mamlakatda oʻtkaziladigan turli kontsertlar, festival va tanlovlarda muntazam qatnashmoqda. Shu bilan birga, har yili oʻzbek va turkman sanʼat dargʼalarining iqtidori va yuqori mahoratini ochib beradigan tadbirlar tashkil etiladi. Oʻtgan yil 26-28-sentyabr kunlari Ashxobodda boʻlib oʻtgan "Oʻzbek kinosi kunlari" doirasida oʻzbek kino sanʼati ustalari tomonidan suratga olingan 8 ta badiiy film namoyish etildi.

Oʻsha yilning 7-11-noyabri kunlari Oʻzbekistonda boʻlib oʻtgan "Turkmaniston madaniyati kunlari" tadbiri doirasida Oʻzbekiston ahli qardosh turkman xalqining boy anʼana va urf-odatlari bilan yaqindan tanishdi. Toshkent va Buxoro shaharlarida doʻst mamlakat xonandalari va sanʼat ustalari ishtirokida koʻrgazmalar, yozuvchi va shoirlar bilan ijodiy uchrashuvlar, kontsertlar va film namoyishlari boʻlib oʻtdi.

Joriy yil 4-5-fevral kunlari Oʻzbekistonning Buxoro va Xorazm viloyati delegatsiyalari Turkmanistonning Lebap va Toshhovuz viloyatlariga tashriflari ham uchrashuv hamda nomi tilga olingan mintaqalar maʼmuriyatlari rahbarlari, ishbilarmon va jamoatchilik doiralarining vakillari ishtirokidagi muzokaralarga boy boʻldi. Tashrif qatnashchilari qardosh mamlakat va xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonch hamda hurmatga asoslangan bunday munosabatlarning yuqori darajasidan alohida qoniqish bildirdilar.

Shuningdek, mintaqalararo darajadagi toʻgʻridan-toʻgʻri va yaqin sheriklik aloqalarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlarni rivojlantirishning muhim ekanligi qayd etildi. Tashriflar chogʼida Oʻzbekiston delegatsiyasi uchun Turkmanistonning respublikamizga chegaradosh boʻlgan viloyatlaridagi sanoat korxonalari va madaniy muassasalari bilan tanishuv tadbirlari tashkil etildi.

Ikki mamlakatda istiqomat qiladigan oʻzbek va turkman etnik guruhlarining vakillari ikki tomonlama hamkorlikning rivojlanishida salmoqli oʻrin tutadi. Maʼlumki, Oʻzbekistonda yashaydigan millat va elatlarning har tomonlama rivojlanishiga Oʻzbekistonda alohida eʼtibor qaratiladi. Shuni qayd etish joizki, bugungi kunda respublikaning turli viloyatlarida qariyb 189 ming nafar turkman qardoshlar istiqomat qiladi. Bu millat farzandlari turkman tili oʻqitiladigan 47 ta maktabda tahsil olishmoqda.

Bundan tashqari, Oʻzbekistonda Turkman milliy madaniy markazlari ham muvaffaqiyat bilan faoliyat koʻrsatmoqda. Ular Oʻzbekiston farovonligiga hamda millatlararo hamjihatlikning mustahkamlanishiga oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshmoqda.
Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi munosabatlarning ana shunday doʻstona va yaqin qardoshlik mohiyatiga ega ekanligi, qolaversa, boʻlajak tashrif kun tartibining uchrashuv va muzokaralarga juda boyligi ham Mirziyoyevning oldinda turgan davlat tashrifi ikki xalq tarixida tom maʼnodagi unutilmas voqea boʻlib qolishidan darak beradi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev hamda Gurbanguli Berdimuhamedov oʻrtasida allaqachon yoʻlga qoʻyilgan ishonchli va konstruktiv muloqot tufayli endi ikki tomonlama hamkorlik sifat jihatdan yangi, strategik sheriklik darajasiga olib chiqilishi uchun keng imkoniyatlarning eshiklari ochilmoqda, deb yozgan nashr.

Mavzu:
Shavkat Mirziyoyevning birinchi rasmiy safari (11)
Teglar:
birinchi rasmiy safar, Mirziyoyev

Asosiy mavzular