16:28 15 Avgust 2020
Efir
  • RUB138.65
  • EUR12059.09
  • USD10231.71
Siyosat
Havola olish
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻistonga davlat tashrifi bilan keldi (15)
58561

22-23 mart kunlari Ostona shahriga amalga oshiradigan davlat tashrifi arafasida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Kazinform" xalqaro axborot agentligi muxbiri savollariga javob berishga rozi boʻldi

TOSHKENT, 22 mar — Sputnik. Intervyu davomida Oʻzbekiston rahbari Qozogʻistonga qanday hissiyotlar bilan uchayotgani, bugungi kundagi qozoq-oʻzbek munosabatlari va boshqa savollarga javob bergan, deb xabar qildi Oʻzbekiston TIV matbuot-xizmati.

– Hurmatli Shavkat Miromonovich, bu sizning Qozogʻistonga Oʻzbekiston prezidenti sifatida amalga oshiradigan ilk tashrifingiz. Ostonaga qanday hissiyotlar bilan uchmoqdasiz?

Darhaqiqat, Qozogʻistonga davlat tashrifi bizning tarixiy rivojlanishdagi umumiylik, madaniy, urf-odatlar va yagona din tufayli alohida xarakterga ega ikki tomonlama munosabatlarimizdagi muhim siyosiy voqeadir.

Abadiy doʻstlik, Strategik hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim esa Oʻzbekiston va Qozogʻiston munosabatlari darajasi qanchalar yuqoriligini koʻrsatadi. Bir qator mintaqaviy va xalqaro masalalarda davlatlarimizning pozitsiyalari umumiy. Oʻzbekiston va Qozogʻiston bu mintaqadagi xavfsizlik va tinchlik mustahkamlanishida oʻzini birdek masʼul his etadigan ikki davlatdir.

Xalqaro doirada Qozogʻistonning nufuzi ortayotgani bizni quvontiradi. Bu davlat BMT Xavfsizlik kengashining doimiy boʻlmagan aʼzosi, bu esa mamlakatning xalqaro hamjamiyatda tutgan muhim oʻrnini koʻrsatadi.

Oʻzbekistonda Nursulton Abishevich Nazarboyevni birodar Qozogʻistonning rahbari sifatida yaxshi bilishadi va hurmat qilishadi. Bu insonning shaxsiy fazilatlarini yuqori baholashadi. Bu fazilatlar u oʻtgan yilning sentyabrida Oʻzbekistonning birinchi prezidenti, oʻz doʻsti Islom Karimovni xotirlash uchun yurtimizga kelganida namoyon boʻlgan edi.

Ishonchim komilki, Qozogʻistonga tashrif oʻzaro munosabatlarimiz rivojida yangi qadam qoʻyishga imkon beradi. Biz davlatlarimiz xalqlari bu uchrashuvdan koʻp narsa kutayotganini yaxshi bilamiz va umid qilamanki, bu ishonchlar oqlanadi.

— Sizning rahbarligingizda qabul qilingan muhim hujjatlardan biri 2017−2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha harakatlar strategiyasi boʻldi. Hujjatda asosiy eʼtibor xalq bilan muloqot va inson manfaatlariga qaratilgan. Mamlakatni rivojlantirishda nima uchun aynan shu jihatlar birinchi galdagi maqsadlar sifatida tanlangan?

Maʼlumki, birinchi prezidentimiz rahbarligida mustaqil Oʻzbekiston bozor iqtisodiyoti qurilishini boshladi va koʻplab yutuqlarga erishildi.

Hayot davom etmoqda, mamlakatning istiqboldagi va muqarrar rivojlanishini taʼminlanish uchun koʻp ishlarni amalga oshirish talab etiladi. Harakatlar strategiyasi esa Oʻzbekiston yaqin 5 yilda qay tarzda taraqqiy etishini belgilab beradi.

Bu hujjat dasturi davlat qurilish sohalari, sud-huquq tizimidagi islohotlarni, iqtisodiy oʻsish barqarorligini taʼminlovchi takliflar, ijtimoiy sohalar rivoji, mamlakat xavfsizligini taʼminlash va tashqi aloqalar rivojini taʼminlash choralarini qamrab olgan.

Eʼtiboringizni shunga qaratishni istardimki, Strategiya — bu kabinetdagi fikrlar mahsuli emas. Bu hujjat loyihasi xalq tomonidan maʼqullandi, dastavval jamoatchilik muhokamasidan oʻtdi, bu muhokamalar davomida minglab takliflar va yangi tashabbuslar berildi va ularning aksariyati yakuniy tahrirda oʻz aksini topdi.

Strategiyaning muhim qismi — 2017 yil mamlakatimizda "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" deb eʼlon qilinganidir. Bu bilan hukumat va aholi oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot oʻrnatish nafadar dolzarbligiga izoh berilgan. Hammasi oʻtgan yil oxirida xalq va davlat oʻrtasidagi oʻzaro muloqotning yangi mexanizmi boʻlmish — virtual qabulxona ochilishidan boshlandi. Bugungi kungacha qabulxonaga yarim milliondan ziyod insonlar murojaat qildi va ularning barchasi koʻrib chiqilib, ularning har biriga u yoki bu shaklda javob qaytarildi.

Aminmanki, bugungi kunda xalq bilan muloqot qilmasdan, muvaffaqiyatli rivojlanishni taʼminlay olmaymiz. Buning intihodagi maʼnosini oddiy formula bilan izohlash mumkin: xalq davlatga emas, davlat xalqqa xizmat qilishi lozim va oʻylaymanki, buni Oʻzbekistonda ayni kunda amalga oshirilayotgan ishlarda koʻrish mumkin.

–  Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi koʻp jihatdan mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik darajasi va sifatiga bogʻliq. Qozogʻiston va Oʻzbekistonning bugungi kundagi munosabatlari holatini qanday baholaysiz?

– Oʻzbekiston va Qozogʻiston munosabatlari Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanida muhim ahamiyat kasb etadi. Oʻz vaqtida davlatlarimiz oʻrtasida Strategik hamkorlik haqida bitim imzolangani bejiz emas. Mintaqamizning yangi tarixida boʻlib oʻtgan eng murakkab davrlarda, boshqalardan farqli oʻlaroq, biz davlatlararo jiddiy nizolardan xoli boʻldik hamda tinchlik va barqarorlikni saqlab qoldik.

Markaziy Osiyo taraqqiyoti haqida gapirar ekanmiz, biz yaxshi tushunamizki, istalgan yirik mintaqaviy loyihalar, transport-kommunikatsiya yoki energetik xarakterdagi loyihalarni davlatlar oʻrtasidagi faol hamkorlik va faol integrallashuvsiz amalga oshirib boʻlmaydi. Bugungi kunda Markaziy Osiyo xalqaro miqyosdagi energetik va transport loyihalaridagi muhim oʻyinchiga aylangani — bu mintaqa davlatlari yuritgan faol tashqi siyosat natijasidir.

Markaziy Osiyo davlatlarining oʻzaro hamkorligi evaziga mintaqa Gʻarbni Sharq bilan, Shimolni Janub bilan bogʻlaydigan muhim transport yoʻlaklari chorrahasiga aylandi. Obrazli qilib aytadigan boʻlsak, Buyuk Ipak yoʻli tiklanmoqda va biz koʻp asrlar avval boʻlgani kabi Yevroosiyo transport arteriyasining yuragida joylashganmiz.

Mamnuniyat bilan qayd etishni istardimki, Qozogʻiston Oʻzbekistonning muhim iqtisodiy sheriklaridan hisoblanadi.

Albatta, global inqiroz tovar aylanmasi jadalligiga taʼsir koʻrsatmasdan qolmagan. Ammo shu bilan bir qatorda mamlakatlarimiz oʻrtasida foydalanilmay qolayotgan imkoniyatlar koʻpligini tan olish darkor.

Oʻzbekistonda Qozogʻiston kapitali ishtirokidagi 230ga yaqin korxona faoliyat koʻrsatmoqda, oʻz navbatida Qozogʻistonda Oʻzbekiston rezidenti ishtirokidagi 130dan ortiq korxona ishlamoqda. Bu koʻrsatkichlarni bir necha barobar oshirish mumkin. Shuningdek, tovar ayirboshlash hajmini ham. Bu davlatlarimizning ishbilarmon doiralari tomonidan taklif etilgan va bugungi kunda bir qismi hayotga tatbiq etilayotgan yangi tashabbuslarda aks etgan.

— Prezidentlik faoliyatingizning ilk kunlaridanoq siz Markaziy Osiyo mintaqasidagi aloqalarni mustahkamlashni tashqi siyosatdagi ustuvor yoʻnalish sifatida belgiladingiz. Sizningcha Markaziy Osiyodagi hududiy hamkorlikni mustahkamlashning eng muhim yoʻnalishlari nimalardan iborat?

– Bizning mamlakatimiz tashqi siyosatidagi asosiy yoʻnalishlardan biri bu yaqin qoʻshnilar bilan aloqalarni mustahkamlash hisoblanadi. Bu tabiiy intilish va bu Oʻzbekistonning barqaror rivojlanishi biz mintaqaviy siyosatni qanchalar toʻgʻri olib borishimizga bogʻliqligini tushunganlikdan kelib chiqadi.

Hammamiz yaxshi tushunamizki, Markaziy Osiyo — bu asrlar davomida geografik, iqtisodiy va madaniy kengliklarda umumiylikka ega boʻlib kelgan yagona organizmdir.

Mintaqaning barcha aholisini tashvishlantiradigan muammolarni bir davlatning oʻzi alohida hal qila olmaydi. Deylik, davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, transport-kommunikatsiya, ekologiya, suv resurslaridan oqilona va odillik bilan foydalanish kabi masalalar. Markaziy Osiyo hamisha suv zaxiralariga jiddiy ehtiyoj sezgan. Hozirgi global iqlim isishi va suvga talab kuchayayotgan bir paytda muammo tobora mushkullashmoqda. Agar bugun biz suvning har tomchisini tejash haqida oʻylamasak, avlodlar oldida jinoyat qilgan boʻlamiz.

Yana qaytaraman, hatto suv tejovchi eng yaxshi texnologiyalarni qoʻllab ham bir davlat muammoni alohida holda hal eta olmaydi.

Bu masalada Qozogʻiston bilan yakdil fikrga egamiz va bu yoʻnalishda yagona strategiyani qoʻllash tarafdorimiz. Alohida davlat jahon bozoriga oʻz energiya resurslarini qoʻshni davlatlarni chetlab oʻtgan holda yetkaza olmaydi. Shuning uchun transport yoʻllarini tartibga soladigan va yangi transport yoʻlaklarini ishga tushiradigan hammamiz uchun manfaatli yagona integratsiyalashgan tizim yaratishimiz kerak. Biz barchamiz bundan faqatgina yutamiz.

Hududiy hamkorlik masalasiga qaytadigan boʻlsak, Oʻzbekistonning bugungi kundagi siyosatini shunday belgilayman: keskin savollardan qochmaslik va aql bilan murosaga kelish yoʻlini izlash.

Qozogʻistondagi muzokaralar chogʻida ham hududiy rivojlanish masalalariga shunday yondashamiz. Bu mavjud muammolarni hal qilish yoʻlini qidirish va ulkan mintaqaviy loyihalarni birgalikda amalga oshirishdir. Bularning barchasi biz uchun birinchi darajali ahamiyatga egadir.

— Sizning Nursulton Nazarboyev bilan uchrashuvingiz kun tartibidagi mavzu mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash mavzusi boʻladi. Siz Ostona va Toshkentning bu sohadagi hamkorligi istiqbolini qanday koʻrmoqdasiz?

— Taʼkidlab oʻtishni istardimki, Oʻzbekiston va Qozogʻiston xalqaro miqyosdagi asosiy muammolarga aksariyat hollarda birdek yondashgan. Biz xalqaro sahnalarda bir-birimizning tashabbuslarimizni qoʻllab-quvvatlab kelganmiz va ishonamanki, bundan keyin ham shunday davom etadi.

Bizning mamlakatlarimizni xalqaro va regional xavfsizlik masalalari jiddiy tashvishga soladi. Shu oʻrinda mintaqada tinchlik va barqarorlik oʻrnatishda ulkan yaratuvchanlik ishlarini amalga oshirayotgan Qozogʻiston rolini biz yuqori baholaymiz. Shu oʻrinda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning tuzilishida hamda boshqa yoʻnalishlarda koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda Qozogʻiston tashabbuskor boʻlganini qayd etishning oʻzi yetarli.

Dunyodagi tinchlik va barqarorlikka mavjud transmilliy tahdid haqida gapiradigan boʻlsak, bunga javob chorasi xolis va xalqaro miqyosda boʻlishi kerak. Oʻylaymanki, SHHTning iyun oyida Ostonada oʻtkaziladigan sammiti transmilliy tahdidlarga qarshi kurash, mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash masalasida muhim ahamiyatga ega boʻladi.

Xavfsizlik masalalarida Oʻzbekiston va Qozogʻiston hamisha SHHTda, boshqa forumlar va tashkilotlarda real harakatlar amalga oshirilishi tarafdori boʻlib kelgan. Biz hamisha xavfsizlik sohasidagi muammolar iqtisodiy rivojlanish bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliqligini yaxshi tushunganmiz.

Shu tufayli, terrorizm va radikallashuvga qarshi kurash faqat xavfsizlik choralarinigina emas, balki barqaror iqtisodiy rivojlanish, tadbirkorlik va odamlarning ehtiyojlarini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ham oʻz ichiga olishi zarur.

Bu xavfsizlikni taʼminlash va barqaror rivojlanish yoʻlidagi ilk qadam boʻladi. Qachonki biz mamlakatimizning hududiy siyosati haqida gapirar ekanmiz, hamisha Oʻzbekiston bilan umumiy chegaralarga ega Afgʻonistonni hisobga olamiz. Biz barchamiz tushunamizki, Afgʻonistondagi vaziyat Markaziy Osiyo oldida muayyan vazifalarni qoʻyadi.

Shuning uchun Oʻzbekiston ham, Qozogʻiston ham Afgʻoniston muammosi tezroq hal qilinishidan manfaatdor hisoblanadi. Afgʻonistonda tinchlikka erishish uchun avvalo barqaror iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash zarur. Biz esa bu jarayonda ishtirok etishimiz kerak. Albatta, bu oʻrinda Afgʻonistondagi qoʻshma infratuzilmaviy loyihalar muhim rolni bajaradi. Xususan, Transafgʻon transport yoʻlagi mintaqa mamlakatlarini Janubiy Osiyo, Fors boʻgʻozi va Yaqin Sharqdagi portlarga olib chiqishi mumkin. Menimcha, Afgʻonistonda energetika va transport kommunikatsiyalari sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish mamlakatda tinchlikka erishish jarayonida muhim omilga aylanadi.

Intervyu yakunida Oʻzbekiston prezidenti Qozogʻiston xalqini Navroʻz bayrami bilan tabriklagan va qozogʻistonliklarga farovonlik tilagan.

Mavzu:
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻistonga davlat tashrifi bilan keldi (15)
Teglar:
intervyu, Oʻzbekiston, Mirziyoyev, Qozogʻiston

Asosiy mavzular