23:02 28 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB136.11
  • EUR12285.78
  • USD10359.88
Siyosat
Havola olish
777765

Mahallalar oʻz zimmasidagi vazifalarni samarali bajarishi uchun huquqiy asoslar bilan birga, yetarli shart-sharoitlarga ham ega boʻlmogʻi lozim, dedi Mirziyoyev

TOSHKENT, 13 apr — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Chilonzor tumanidagi "Katta Xirmontepa" va "Yakkatut" mahalla fuqarolar yigʻinlarida boʻldi, deb xabar berdi Oʻzbekiston IIV matbuot-xizmati.

"Katta Xirmontepa" mahallasida asosan koʻp qavatli uylar joylashgan. Davlat rahbari mahalla hududi bilan tanishdi. Koʻp qavatli uylar, maktabgacha taʼlim muassasalari, maktablar atrofini obodonlashtirish, yoʻlaklarni taʼmirlash boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi, deyiladi xabarda.

Oʻzbekiston rahbari maktab – taʼlim-tarbiya maskani ekanini, bu joydagi obodonlashtirish ishlariga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidlagan. "Taʼlim muassasalari oldida doimo gul ekilgan, saronjom-sarishta boʻlishi kerak", — deb qoʻshimcha qilgan u.

"Yakkatut" mahallasida ikkita maktabgacha taʼlim muassasasi, ikkita maktab, ikkita kollej faoliyat yuritmoqda. Prezident mazkur mahalla hayoti bilan tanishdi, xalq bilan muloqot qilgan. Shu yerda Mirziyoyevga Toshkent shahrida qurilishi rejalashtirilgan namunaviy mahalla markazlari loyihalari haqida axborot berilgan.

Joriy yilning mart oyida Mirziyoyev Yunusobod tumanidagi Uvaysiy nomidagi mahallada boʻlib, bu yerda fuqarolar yigʻini xodimlari, profilaktika inspektori va aholi uchun yaratilgan qulay sharoitlar bilan tanishar ekan, poytaxt, qolaversa, mamlakatning barcha hududlarida mana shunday mahalla markazlarini bunyod etish haqida koʻrsatmalar bergan edi.

"Mahallalar oʻz zimmasidagi vazifalarni samarali bajarishi uchun huquqiy asoslar bilan birga, yetarli shart-sharoitlarga ham ega boʻlmogʻi lozim", degan Mirziyoyev.

Taklif etilayotgan yangi mahalla markazlari loyihasida mahalla raisi, kotib va maslahatchilar, profilaktika inspektori uchun alohida xonalar boʻlishi koʻzda tutilgan. Bu xalqqa xos hamjihatlik, mehr-oqibat fazilatlarini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi, deya qayd etilgan xabarda.

Davlat rahbarining tavsiyasiga koʻra, profilaktika inspektori oʻzi ishlaydigan mahalla hududida yashashi lozim. Bu profilaktika inspektori mahalladagi har bir xonadon bilan yaqin muloqot oʻrnatishi, koʻchalar va jamoat joylarini qatʼiy nazoratga olishida muhim ahamiyatga ega.

Profilaktika inspektorlarini xizmat uylari, imtiyozli kreditlar hisobiga mashinalar bilan taʼminlash, ularning yashashi va samarali ishlashi uchun barcha sharoitlarni yaratish boʻyicha zarur topshiriqlar berilgan.

Mahalla markazlarida choyxona, novvoyxona, "Goʻzallik salonlari", doʻkonlar, sport va bolalar maydonchalari boʻlishi odamlarning zarur ehtiyojlarini qondirish bilan birga, hududdagi maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlashga ham xizmat qiladi.

"Mahalla xalq bilan davlat oʻrtasidagi koʻprik boʻlishi kerak. Odamlarning quvonchu tashvishidan doimo xabardor boʻlish mahallaning asosiy vazifasidir", — deb qayd etgan Mirziyoyev.

Teglar:
mahalla, Shavkat Mirziyoyev

Asosiy mavzular