02:22 14 Iyul 2020
Efir
  • RUB142.48
  • EUR11455.78
  • USD10184.73
Siyosat
Havola olish
850 0 0

Oʻtgan davr mobaynida Mirziyoyevning topshirigʻi yuzasidan olib borilgan ishlar, tizimda kutilayotgan oʻzgarishlar va ularning natijasi xususidagi savollarga Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov javob beradi

TOSHKENT, 29 iyun — Sputnik. Tibbiyot sohasini zamonaviy fikrlaydigan, chuqur bilimli, masʼuliyatni his etadigan, har jihatdan yetuk kadrlar bilan taʼminlash masalasiga bugun davlat darajasida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekiston prezidenti sogʻliqni saqlash sohasi mutaxassislari bilan oʻtkazgan uchrashuvlarida ham bu masalaga alohida toʻxtalib oʻtgan edi. Xususan, xalqaro tajribani oʻrgangan holda, tibbiy taʼlim tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash lozimligini taʼkidlagandi.

Oʻtgan davr mobaynida Mirziyoyevning mazkur topshirigʻi yuzasidan olib borilgan ishlar, tizimda kutilayotgan oʻzgarishlar va ularning natijasi xususidagi savollarga Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov javob beradi.

— Har qanday soha rivoji shu yoʻnalishda tayyorlanayotgan kadrlar salohiyatiga bogʻliq. Xususan, tibbiyot ham, — deydi Sogʻliqni saqlash vaziri. — Garchi, eng zamonaviy texnikalar, soʻnggi texnologiyalar sohaga kiritilsa-da, binolar rekonstruktsiya qilinib, mukammal boshqaruv tizimi shakllantirilsa-da, kadrlar masalasida oqsash boʻlsa, soha rivojida kutilgan natija boʻlmaydi. Davlatimiz rahbari boshchiligida shu yilning 5 yanvar va 7 fevral kunlari sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan boʻlgan uchrashuvlarda, shuningdek, 30 mart kuni oʻtkazilgan videoselektor majlisida tibbiyot xodimlarini tayyorlash masalasiga alohida toʻxtalib oʻtilgani bejiz emas.

Prezidentimizning "Oʻzbekiston Respublikasida tibbiy taʼlim tizimini yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qorori ushbu yoʻnalishda muhim burilish yasab berdi.

- Sir emas, hududlarda tibbiy kadrlar yetishmovchiligi bilan bogʻliq muammolar kuzatilmoqda. Aytingchi, Prezident qarorida buning yechimi ham nazarda tutilganmi?

— Joylarga chiqib mavjud holat oʻrganilganda, sogʻliqni saqlash sohasining birlamchi tizimida kadrlar taʼminotida nomutanosibliklar borligi ayon boʻldi. Masalan, mamlakatimiz boʻyicha shifokorlarning umumiy soni 72 ming nafar boʻlib, har 10 ming aholiga nisbatan 23,5 nafarni tashkil etadi. Ammo ayrim viloyatlarda bu koʻrsatkich talab darajasida emas.

Mamlakatimizda 7 ta oliy tibbiy taʼlim muassasalari hamda ularning hududiy filiallarida har yili 2 mingdan ortiq shifokorlar tayyorlanmoqda. Tan olish kerak, oliy tibbiy taʼlim muassasalarida bakalavriat bosqichining (davolash ishi) 7 yil davom etishi zamon talablariga javob bermasligi bilan birga, mazkur taʼlim uchun asoslanmagan holda ortiqcha moliyaviy mablagʻlarni ham talab etib kelayotgandi.

Davlatimiz rahbarining mazkur qarorida aynan tibbiy kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish masalasiga yechim koʻrsatilgan. Yaʼni, hujjatda tibbiy taʼlim yoʻnalishlaridagi bakalavriat tizimida oʻqish muddatlarini belgilash alohida qayd etildi. Unga koʻra, 2017/2018 oʻquv yilidan boshlab davolash ishi, kasbiy taʼlim (davolash ishi), harbiy-tibbiyot ishi (davolash ishi), pediatriya ishi 6 yil, tibbiy-biologik ish 4 yil, tibbiy profilaktika ishi 5 yil etib belgilandi. Eʼtiborli tomoni, hozirgi vaqtda "davolash ishi", "kasbiy taʼlim" (davolash ishi), "harbiy tibbiyot ishi" (davolash ishi), "pediatriya ishi" bakalavriat yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim olayotgan 2-5-bosqich talabalari ham taʼlimni 6 yillik oʻquv dasturi asosida davom ettirishi koʻzda tutilgan.

Shuningdek, Prezidentimizning joriy yil 5 maydagi "2017/2018 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisida"gi qaroriga muvofiq, 2017/2018 oʻquv yilidan boshlab maqsadli qabul yoʻlga qoʻyiladi. Endilikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari buyurtmalariga binoan tibbiyot kadrlariga talab yuqori boʻlgan hududlar uchun davlat granti asosida bakalavriat yoʻnalishiga qabul amalga oshiriladi.

- Oʻquv yili qisqarishi, tabiiyki, oʻquv dasturlariga ham taʼsir qiladi. Bunda oʻquv soatlari va fanlar boʻyicha ham oʻzgarishlar boʻlsa kerak.

— Tibbiyot xodimlarini tayyorlash borasida toʻplangan tajribalar ushbu sohani, ayniqsa, oʻquv dasturlarini yanada takomillashtirish vaqti kelganini koʻrsatmoqda.

Oʻquv soatlarini tahlil qilib oʻrganganimizda, oʻquv dasturlaridagi mavzularning 15 foizi va hatto undan ham ortigʻi takrorlanishi aniqlandi. Bundan tashqari, bakalavriat va magistratura bosqichidagi oʻquv reja va dasturlarda mutaxassislikka oid boʻlmagan fanlarning koʻpligi ham talabalarning ortiqcha vaqtini olib, ixtisoslik boʻyicha bilim olishiga sezilarli taʼsir qilib kelmoqda. Yana bir muammoli holat — taʼlim jarayoniga tibbiyot sohasidagi zamonaviy bilimlarni kiritishda vujudga kelgan qiyinchiliklar bilan bogʻliq edi.

Davlatimiz rahbari qarori bilan, oliy tibbiy taʼlimning klinikagacha boʻlgan va klinik fanlar bloklari boʻyicha oʻquv soatlari salmogʻi oshirilishi, oliy tibbiy taʼlim standartlarini qayta koʻrib chiqish belgilandi. Shunga asosan, bakalavriat bosqichi uchun davlat taʼlim standartlari qayta ishlab chiqilmoqda. Yaʼni kasbiy fanlar bloki kengaytirilib, ijtimoiy-iqtisodiy fanlar blokini 7 foizgacha qisqartirish, klinikagacha va klinikaga oid fanlar uchun soatlar hajmini 85 foizgacha koʻpaytirish nazarda tutilgan. Avvalgi Davlat taʼlim standartlarida belgilangan oʻquv rejalarida gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar bloki boʻyicha oʻquv soatlari hajmi 15-20 foizgacha edi. Asosiy mutaxassislik boʻyicha esa 40-50 foizni tashkil qilgan, xolos.

- Davlatimiz rahbarining yuqorida nomi keltirilgan qarori bilan tibbiyot oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining diplomiga ixtisoslik qayd etilishi belgilab qoʻyilgan. Bundan koʻzlangan maqsad nima?

— Ilgari oliy tibbiy taʼlim muassasalari bitiruvchilari diplomida ixtisoslik koʻrsatilmas edi. Natijada ichki va tashqi mehnat bozorida oʻziga yarasha muammo va salbiy holatlar kuzatilayotgandi. Tibbiy taʼlimni rivojlantirishga qaratilgan ushbu hujjat bilan koʻplab yoʻnalishlar qatorida bitiruvchi diplomiga ixtisoslik qayd etilishi belgilandi. Bu esa, tibbiyot oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini yetakchi xorijiy tibbiy taʼlim muassasalari hamda ilmiy markazlarda malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash borasida duch kelinayotgan tushunmovchiliklarga barham beradi.

- Bergan maʼlumotlaringizdan anglashilib turibdiki, tibbiy taʼlim tizimida tub oʻzgarishlar kechmoqda. Ayting-chi, ushbu saʼy-harakatlar amalda qanday natija kutilmoqda?

— Tibbiy taʼlim sohasida davolash ishi yoʻnalishida oʻqish muddatlarining qisqartirilgan taʼlim tizimiga oʻtilishi, oʻquv soatlarining takomiilashtirilishi va maqsadli qabul yoʻlga qoʻyilishidan tibbiyot kadrlari yetishmovchiligi qoplanishi 15 foizga tezlashtiriladi, byudjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishiga erishiladi, shuningdek, tibbiy taʼlim xalqaro standart talablariga moslashtiriladi.

Hech ikkilanmay aytish mumkinki, Prezidentimizning uzoqni oʻylab, tibbiy taʼlimni kompleks rivojlantirishga qaratilgan mazkur qarorida belgilangan vazifalar ijrosi tibbiy taʼlim muassasalari kadrlari salohiyatini oshirish, tibbiyot oliy oʻquv yurti tilabalarining amaliy koʻnikmalarini mustahkamlash, oʻquv jarayonini samarali tashkil etish va pirovard natijada yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlashga xizmat qiladi.
Furqat SANAYEV suhbatlashdi

Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.

Asosiy mavzular