19:56 19 Oktyabr 2019
Efir
  • RUB147.25
  • EUR10438.58
  • USD9455.24
Semi jertv sgorevshix v avtobuse v Kazaxstane

Fargʻona viloyati hokimligi "Shuhrat Gʻaniyev oʻz xalqi uchun alamdan gapirgani"ga aniqlik kiritdi

© Facebook / Xushnudbek Xudayberdыev
Siyosat
Havola olish
3779517

Fargʻona viloyati hokimligi jurnalistlarni viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyevning oʻz xalqi uchun alamdan yonib gapirgan gaplarini "haqorat" sifatida boʻrttirib koʻrsatmaslikka chaqirdi

TOSHKENT, 26 yanv — Sputnik. Fargʻona viloyati hokimligi viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyevning Aqtoʻbedagi fojeadan soʻng oʻtkazilgan yigʻilishda aytilgan va ommaviy axborot vositalarida tarqab ketgach, katta shov-shuvlarga sabab boʻlgan "nutqi"ga aniqlik kiritish maqsadida rasmiy murojaat eʼlon qildi, deb xabar qildi Sputnik Oʻzbekiston muxbiri.

Jurnalistlarga atalgan murojaatnomaga sarlavha tarzida oʻzbek klassik yozuvchisi Abdulla Qodiriyning "Oʻtgan kunlar" romanidan jumla tanlangan — "Har narsaga yetgan aqlingiz shunga qolganda oqsaydur…".

Matbuot-kotib oʻz murojaatini kirish qismida "Aqtoʻbe viloyatidagi fojea butun xalqni, musulmonlarni, barcha doʻstlarni, koʻpchilikni kattiq qaygʻuga solganini alohida taʼkidlab oʻtgan.

"Ijtimoiy tarmoqlardagi Fargʻona viloyati hokimi toʻgʻrisidagi shov-shuvlarni va unga taniqli jurnalistlarning ham qimmatli vaqtlarini sarflab imlo xatolariga ham eʼtibor bermay, yozganlarini oʻqib, oʻzbek xalqining sevimli asari "Oʻtgan kunlar"dagi holat yodimga tushdi: Otabek oʻz otasi Yusufbek xojini bilib-bilmay ayblagandagi soʻzlariga bergan javobi: "Har narsaga yetgan aqling shunga qolganda oqsaydur. Nega yongʻan yuragimga sen ham zahar sochasan…."

Men bu fikrlarni avvalo viloyatning oddiy fuqarosi va fikrlarimni oʻqib boʻlib, oxirida bunga koʻnmaydiganlar uchun esa viloyat hokimligining matbuot kotibi sifatida ham bildirmoqdaman.

… 2018 yil 18 yanvar kungi Qozogʻiston Respublikasining Aqtoʻbe viloyatidagi fojea butun xalqimizni, musulmonlarni, barcha doʻstlarni, koʻpchilikni kattiq qaygʻuga soldi. Oddiy insondan tortib mutasaddi rahbarlargacha, fojeadan xabardor boʻlgan har bir odam oʻz dunyoqarashi bilan, taʼbir joiz boʻlsa ilmi bilan unga oʻz munosabatini bildirdi, oʻziga yarasha xulosalar chiqara boshladi.

Bu voqeaning yuz berishiga oid turli sabablar haqida ham hammada turli xil fikrlar boʻldi. Aksariyatimiz albatta, taqdiri ilohiy degan muqaddas eʼtiqodimizga tayanib tasallini shundan topdik. Zero, hech bir Allohning sinovi behikmat emasligiga haqiqiy musulmonlarning iymonlari komil", — deyiladi murojaatda.

Namangan 31 oʻgʻlonidan ayrildi…

"23 yanvar, seshanba kuni tongda Namangan xalqaro aeroportiga Aqtoʻbeda halok boʻlganlarning tobuti ortilgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi samolyoti kelib qoʻndi. Samolyotda fojea qurboni boʻlgan 31 nafari Namangan, 16 nafari Fargʻona va 2 nafari Andijon viloyati fuqarolarining jasadlari keltirildi. Aeroportda uch viloyat hokimlari, huquqni muhofaza qilish idoralari rahbarlari hozir boʻldi. U yerdan nari tobutlar viloyatlarga olib ketildi. Shu kuni janoza namozlari oʻqildi…

Yuqorida hamma oʻziga yarasha xulosalar chiqara boshladi dedik. Lekin xulosa chiqarib hamma ham oʻzini toʻgʻri isloh qilishni boshladimi?

Aytaylik, kimdir oddiy moʻmin banda sifatida baʼzi maʼsiyatlariga astoydil tavba qilib bir kun kelib hayotdan koʻz yumishini va bu maʼsiyatlariga javob berishini oʻylab, buni qaytarmaslikka ahd qildimi?

Yoki masʼul rahbar boʻladimi, mutaxassismi, oʻqituvchimi, iqtisodchimi, har bir davlat xizmatchisi davlatimiz rahbariga oʻxshab oʻzini aybdor his qila oldimi, aybdor his qilgan boʻlsa ham biron bir oʻzgarish qilishga, qatʼiy bir qaror qabul qilib, biron bir ish qilishga kirishdimi? "Har bir davlat xizmatchisi har kuni oʻzining mehnati bilan egallab turgan lavozimiga loyiqligini isbotlashi shart" degan qoidani oʻziga toʻgʻri qabul qildimi? Hammaning bunga beradigan javobi avvalo oʻz vijdoniga havola.

Men bir narsani aniq ayta olamanki, Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev Toshloqlik ushbu fojea qurbonlariga oʻz farzandiga, oʻz jigariga kuygandek qattik alamda, oʻzini ham aybdor his qilayotgani aniq!"

Shundan soʻng matbuot-kotib Abdulazizxon Abdasov Fargʻona hokimi haqida u "toshloqliklarni yomon koʻrarkan", tarzida tarqalgan mish-mishlarni rad etgan.

"Shu bilan birga yigʻilishda aytgan hamma fikrlari aslo xalqini mensimaslik, Toshloq ahlini yomon koʻrish ham emas. Mutlaqo aksincha, nima qilib boʻlsa ham shunday holat, shunga oʻxshash holat yana takrorlanmasligi uchun hammani hushyor boʻlishga chaqirish, masʼuliyatni eng katta darajaga oshirish, oʻzini ham ayab oʻtirmay jon kuydirayotgani bu! Koʻpxotinlik qilayotgan, xotinlarini qoʻyvorib, bolalarni tirik yetim qilib, alimentini toʻlamayotganlarni, yoki boʻlmasa, ichki ishlar hodimlarini nohaq boʻla turib toshboʻron qilganlarni qaysi birining haqqiga kim iliq gap ayta oladi oʻzi!!! Bu yerliklarning Xajga borishni taqiqlayotgani sababi ortida nima maqsad borligini, "undan koʻra chetga chiqib ketishga majbur boʻlayotgan muhtojlarga ber shu pulingni" demoqchi boʻlyapti deb tushunib etganlar ham bormi oʻzi?"

Shuningdek, jurnalistlar tanganing ikkinchi tomonini unutib qoʻyishgani iddao qilingan.

"Koʻpam xayrli niyatda boʻlmagan, yashirincha koʻchirib olingan audioyozuvni eshitib olib, islom dinimizda ham aksariyat hollarda alohida shaxslarga, alohida holatlardan kelib chiqib hukm chiqarishga toʻgʻri keladigan masala boʻlishi mumkinligini ham ehtimolini olib oʻtirmay nima qilishini bilmay oʻtirgan biz qalami oʻtkirlar gursillatib toshboʻronni boshlab yubormasdan, tanganing ikkinchi tomonini ham hisobga olsak, sal insof qilsak boʻlar edi.

Viloyat hokimi achchiq soʻzlar deb haqiqatan ham butun Toshloq ahlini aytayotganiga ishonchingiz komilmi oʻzi? Nahotki inson butun boshli vatandoshlarini shunchalik yomon koʻrib, oʻzining butun xalqini haqorat qilishi mumkin deb oʻylaymiz…

Yoʻq. Bu yerda gap faqat va faqat oʻz vazifasiga noloyiq, oʻz burchini talab qilinayotgan darajada bajarmay, egallab turgan mansabini, olayotgan maoshini oqlay olmayotganlar haqida, egasini topib olishi lozim boʻlgan, ayrim maʼnaviyati buzuqlar haqida ketayotganini ichimizda koʻpchiligimiz bilib ham turibmiz…

Yana bir fikr ham bor: aslida kim kafolat bera oladi maqola yozayotgan mualliflarning fikri tiniqligigayu, koʻrib gaplashib koʻrmagan odami haqidagi chiqarayotgan xulosasi adolatligigayu, yoki "fursati keb qoldi, qandingni urib qol" deb, xalqni bir "yevropacha"ilgʻorlikka chorlab, gij-gijlamoqchi emasligiga?

Matbuot-kotib xulosa chiqarishga chaqirdi

Yoki boʻlmasa shu kungacha viloyat hokimligidagi olib borilayotgan bunyodkorlik, rivojlanish masalalari, yuzlab katta tadbirlar, amaliy ishlar toʻgʻrisida biron marta maʼlumot soʻrab qiziqmagan, lekin bir oʻziga yoqadigan gapni eshitib qolib, idoraning istalgan boʻlimlariga tinimsiz qoʻngʻiroqlar qilib "xolisona" axborot tarqatuvchi markazlarning koʻrinib turgan ayyorona berayotgan savollari, harakatlaridan ham xulosa chiqarib, mavzuga chuqurlashishni toʻxtatsak boʻlar?

Yana bir gap. Hamma maqola oʻqib, yangiliklardan xabardor boʻlib, internetda oʻzining chiroyli munosabatini bildirib oʻtirgani bilan hayot yaxshilanib qolmasliginiyam tan olish kerak, manimcha. Amalda nima ish qilish kerak oʻzi? Xamma oʻzi bilganicha ish qilaversinmi. Yoki kimdir qattiqroq tegib, hali nima boʻlganini his qilib ulgurmagan masʼullarni koʻzini ochib qoʻyishi ham kerakdir balki…

… Rahbar ham oddiy bir inson. Alamda qolgan har qanday inson singari u ham qizishib alamini kimdandir olgisi keladi yoki oʻzidan tashqari ham aybdor deb bilgan odamiga tushuntirib qoʻymoqchi boʻlishi ham mumkin. Lekin fursat oʻtib alam ustida aytilgan gaplarni bir chetga surib, har bir ishni oʻz qonun-qoidalariga koʻra amalga oshirish kerakligini ham tan oladi.

Soʻnggi fikr. Mamlakat rahbari ham uzoq vaqtdan buyon ayrimlarga qilayotgan ishlari yoqmasa ham, lekin belgilangan vazifalarni bor kuch-imkoniyati, butun vujudi bilan bajarib, sidqidildan, oʻzini ayamay ishlayotgan, koʻpchilik ham bilavermaydigan qiyinchiliklarni boshidan kechirib, viloyat erishayotgan yutuqlarga sabab boʻlayotgan aynan shu inson bilan shuncha vaqtdan beri birga ishlab, mazkur vazifada mehnat qilishiga hayrixoh boʻlib kelayotgani behikmat emasligi haqida ham oʻylab koʻrsak yomon boʻlmasdi…

Zero, Sadriddin Salim Buxoriy aytganlaridek,

Illat izlaganga illatdir dunyo,

Gʻurbat izlaganga gʻurbatdir dunyo.

Kim neni izlasa, topgay begumon,

Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo.

Abdulazizxon Abdasov viloyat hokimligi axborot tahlil guruhi yetakchi mutaxassisi-matbuot kotibi".

Teglar:
avtobus avariyaga uchradi, Aqtoʻbe, Shuhrat Gʻaniyev, Fargʻona, Qozogʻiston

Asosiy mavzular