03:50 23 Iyun 2018
Efir
  • RUB124.89
  • EUR9150.95
  • USD7883.99
Muxammadjon Kodirov

Oʻqituvchi zoʻrgʻa yuribdi, uni hurmat qilish kerak - dotsent Qodirov yangi qarorga izoh berdi

Sputnik
Siyosat
Havola olish
361691

Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi, falsafa fanlari nomzodi, dotsent Muhammadjon Qodirov Sputnik muxbiri bilan suhbatda Oʻzbekistonda taʼlim sifatini oshirish uchun qabul qilingan qaror borasida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi

TOSHKENT, 12 iyun — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Oʻzbekiston yangi oʻquv yilidan boshlab mutlaqo boshqacha, aniqroq qilib aytganda jahon taʼlim standartlariga mos tushadigan taʼlim tizimiga oʻtmoqda.

Oʻzbekiston prezidenti tomonidan 5 iyun kuni imzolangan "Oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi yangi qaror, jamoatchilik, qolaversa oliy oʻquv yurtlarida faoliyat yuritib kelayotgan professor-oʻqituvchilarning qizgʻin muhokamasiga sabab boʻlmoqda. Qarordagi baʼzi bandlarga eʼtirozlar ham yoʻq emas.

Xususan, hujjatda keltirilgan "2019 yil 1 martgacha boʻlgan muddatda 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalarida "talabaning oʻzlashtirish darajasi — professor-oʻqituvchilar faoliyatini baholashning asosiy mezoni" tamoyilini joriy qilishning aniq mexanizmlarini belgilash boʻyicha tegishli chora-tadbirlar koʻrilishi" belgilangan bandi nafaqat oʻqituvchilarning oʻzlari, balki bu yangilikdan xabardor etilgan fuqarolarda ham koʻplab savollarni tugʻdirmoqda.

Ushbu yangilik OAVlarda eʼlon qilingach, Feysbuk ijtimoiy tarmogʻida quyidagi izohlar qoldirildi:

"Shu kunlarda universitetda oʻqiydigan yosh oʻqituvchi bu borada menga shunday dedi: "Endi nima qildik? Uquvsiz talabalarga bahosini oshirib qoʻyishga majbur boʻlamiz-da. Shularni deb, ishsiz qolmaymizku! Bu muammoning notoʻgʻri yechimi", — deb yozgan foydalanuvchilardan biri. Shuningdek, boshqa foydalanuvchilar ham, bu ketishda oʻqituvchilarga ogʻir boʻlishi haqida oʻz fikrlarini yozib qoldirishgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi qizgʻin muhokamalardan keyin Oʻzbekiston oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari Dilmurod Nabiyev "Yoshlar" telekanaliga bergan intervyusida yangi qaror boʻyicha rasmiy sharhlarni keltirib oʻtdi.

Xususan, hujjatdagi "tabalaning oʻzlashtirishiga qarab domlaning reyting darajasi belgilanishi" bandiga toʻxtalar ekan, bu orqali oʻqish sifatini oshirish maqsad qilinganligini aytib oʻtdi.

"Bizlar bitta professor-oʻqituvchini 5 yilga tanlov asosida ishga olardik. U yaxshi ishlaydimi, yomon ishlaydimi sifatli dars beryaptimi yoki sifatsiz ishlayverardi. Endi har yili oʻquv yili yakuni boʻyicha professor oʻqituvchini faoliyatiga baho beramiz", — deb aniqlik kiritdi vazir oʻrinbosari.

Sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi, falsafa fanlari nomzodi, dotsent Muhammadjon Qodirov Sputnik muxbiri bilan suhbatda domlalarni baholash reytingi jahondagi taʼlim standartlarida keng qoʻllanilishini aytib oʻtdi.

"Oʻqituvchi nima qiladi? Darsini oʻtadi, oʻzlashtirishing yomon deb, talabani qulogʻini tagiga qoʻyib yubormaydi-ku! Oʻqituvchi talabaga oʻz nasihatlarini beradi, ammo uning nasihatlari talabaga taʼsir oʻtkazmasa, talaba domlaning aytganini qilmasa… Oʻqituvchi bugun zoʻrgʻa ishlab yuribdi, oʻqituvchini ardoqlash kerak", — dedi Qodirov. 

Qodirovning fikricha Feysbuk foydalanuvchilari qarorning aynan oʻsha bandi subʼyektivizmni keltirib chiqarishidan norozi boʻlishmoqda.

"Islom universitetida oʻz vaqtida oʻquv yili oxirida domlalarni xolis baholash maqsadida boshqa oliy oʻquv yurtlaridan mutaxassislar chaqirilib, talabalar oʻrtasida "Qaysi oʻqituvchining darsidan sizlar rozisizlar?" degan mazmunda soʻrovnoma oʻtkazilardi. Yaʼni talabalarning oʻzlari baho berish orqali oʻsha oliy oʻquv yurtida u yoki bu domlani qoldirish kerakmi-yoʻqmi, shu masalani hal etishardi. Bu tajriba Yevropa va AQSH oliy oʻquv yurtlarida ham keng qoʻllaniladi", — deb taʼkidladi dotsent.

Qodirovning soʻzlariga koʻra, xorijdagi oliy oʻquv dargohlari oʻquv yili boshida oʻqituvchi bilan bir yilga shartnoma imzolaydi. Oʻqituvchining shartnoma muddati yakunlanishiga bir oy qolganida, u lektsiya oʻqib yurgan maskanlarda talabalar oʻrtasida "Mana shu kursni keragi bormi?", "Shu oʻqituvchi oʻtayotgan darslardan qoniqish xosil qilyapsizlarmi", deb soʻrovnomalar oʻtkaziladi va talabalar oʻsha oʻqituvchiga yozma baho beradilar.

"Albatta, talabalar beradigan baho faqat rektoratda (talabalarning orasida emas) muhokama qilinadi. Agar talabalarning yarmi "bizga kerak emas", deb yozib berishgan boʻlsa, oʻsha oliy oʻquv yurti domla bilan xayrlashadi. Domla bilan hisob-kitob qilinib, siz oʻtadigan kurs tugadi, yana boshqa kurslar boʻlsa, eʼlon qilamiz internetda, kelaverasiz, sizga javob deyiladi, boʻldi. Oʻqituvchini ikkinchi yilga ishga olib qolishmadimi, u bundan xulosa chiqaradi, kelgusida auditoriyani ham hisobga oladigan boʻladi, oʻz ustida yanada qattiqroq ishlaydi", — dedi Qodirov va oʻz vaqtida, yaʼni sobiq Ittifoqi davrida institutda ishlaydigan domlalar bir para dars oʻtish uchun bir kun, baʼzan ikki kunlab tayyorgarlik koʻrishganini qoʻshimcha qildi.

Qodirovning soʻzlariga koʻra, talabalarning darsga qatnashmasligi bugungi kunda koʻpchilik oʻqituvchilarning xafsalasini qaytarmoqda, "Ammo bu boshqa masala, misol uchun mening lektsiyalarimni teng yarmini qoldirgan talabaga men hech qachon yaxshi baho qoʻymayman. Shunday ekan, mana shunday holatlar ham hisobga olinishi, oʻqituvchi bu yerda hamma uchun "kaltak yemasligi" lozim", — deb fikr bildirdi Qodirov va oʻqituvchiga "ziyon yetkazmagan holda" baholash tizimi Oʻzbekistonda ham yoʻlga qoʻyilsa, bu albatta, faqat ijobiy natijalar keltirishini taʼkidladi.

Asosiy mavzular