15:07 17 Oktyabr 2019
Efir
  • RUB147.25
  • EUR10438.58
  • USD9455.24

“Chirchiq” poligonida qudratli texnikalar bellashuvi yakunlandi

© Sputnik / Dilshoda Raxmatova.
Siyosat
Havola olish
135 0 0

“Chirchiq” poligonida oʻzbek armiyasi oʻz qudratini namoyish qildi. Musobaqada harbiy xizmatchilar ilk bor “Malva aksioma” parashyutidan foydalangan holda sakrashni amalga oshirdi.

TOSHKENT, 6 may – Sputnik. “Chirchiq” poligonida “Xotira va Qadrlash kuni”ga bagʻishlangan “Tank biatloni” musobaqasi yakunlandi. Bu haqda Sputnik Oʻzbekiston muxbiri xabar qildi.

Tantanali marosimni Oʻzbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov kirish soʻzi bilan ochib berdi va mazkur bellashuv harbiy xizmatchilar oʻrtasida musobaqadoshlik, oʻzaro jipslik va hamjihatlik muhitini shakllantirish, ularning kasbiy malaka va mahoratini yuksaltirishga xizmat qilishini aytib oʻtdi.

“Keyingi paytlarda dunyoning turli mintaqalarida sodir boʻlayotgan qurolli toʻqnashuvlarning tahlili, shuningdek, xorij armiyalarining eng ilgʻor tajribalarini oʻrganish asosida qoʻshinlar tarkibida yangi anʼanalar joriy etilmoqda. Barcha ixtisoslashgan, xususan, harbiy texnika vositalarini boshqarish hamda qurollarni qoʻllash boʻyicha tanlov va musobaqalar harbiy xizmatchilarning jismoniy va ruhiy jihatdan toblanishiga, chidamli boʻlishiga xizmat qilmoqda. Qoʻshinlarimiz hayotiga yangi anʼana sifatida kirib kelgan mazkur tank biatloni musobaqasi ham yuksak jangavor tayyorgarlik va professionalizmni, harbiy xizmatchilar oʻrtasida oʻzaro raqobatdosh ruhni kuchaytirish, oʻquv mashqlar faolligini, samadorligini oshirishga xizmat qiladi”, - dedi mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov

Shundan soʻng 1,5 mingdan ortiq harbiy xizmatchilar, 100 ga yaqin Ikkinchi jahon urushi yillaridagi va bugungi qurollanishda turgan zamonaviy harbiy texnika va 15 dan ziyod vertolyot ishtirokida bayramga bagʻishlab parad oʻtkazildi.

Parad davomida desantchilar qariyb 2000 metr balandlikdan parashyut yordamida sakradi. Qayd etish joizki, mazkur tadbirda harbiy xizmatchilar birinchi bor “Malva aksioma” parashyutidan foydalangan holda sakrashni amalga oshirdi.

Harbiy parad yakunlangach, tank biatloni musobaqasining soʻnggi bellashuvi boshlandi. T-62, T-64 va T-72 tanklari “Qudratli texnikalar jangi”ni oʻtkazishga moʻljallangan va xalqaro standartlarga mos boʻlgan maxsus maydondan start oldi. Musobaqa ishtirokchilari sunʼiy hovuz, minalashtirilgan va manyovr bajarish maydoni, tankka qarshi chuqur, qoʻrgʻon, eskarp (tankka qarshi devor), kolleyali koʻprik maketi va boshqa toʻsiqlardan iborat umumiy uzunligi 4200 metr boʻlgan masofani bosib oʻtdi.

Musobaqa yuksak saviyada oʻtkazilishi va gʻoliblarni odilona baholash maqsadida biatlonni malakali mutaxassislardan iborat hakamlar jamoasi kuzatib bordi.

Yakuniy hisob-kitoblarga koʻra quyidagi jamolar gʻoliblar qatoridan oʻrin oldi.

T-62 tank ekipajlari orasida: 1-oʻrin — Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug; 2-oʻrin — Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug; 3-oʻrin — Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug.

T-64 (takomillashtirilgan) tank ekipajlari orasida: 1-oʻrin — Sharqiy-harbiy okrug ekipaji; 2-oʻrin — Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti; 3-oʻrin — Sharqiy-harbiy okrug.

T-72 tank ekipajlari orasida: 1-oʻrin — Toshkent harbiy okrugi ekipaji; 2-oʻrin — Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug; 3-oʻrin — Markaziy harbiy okrug.

Gʻolib va sovrindor jamoalar mudofaa vaziri tomonidan diplom va qimmatbaho sovgʻalar, navbatdagi harbiy unvonlar hamda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan byudjet yengil avtotransport vositalariga imtiyozli ravishda kredit olish huquqini qoʻlga kiritishdi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari ilk marotaba 2019 yilda Xalqaro armiya oʻyinlari (ArMI-2019) doirasida oʻtkaziladigan eng nufuzli musobaqa – “Tank biatloni”da ishtirok etishi haqida xabar qilgan edik.

Asosiy mavzular