Shavkat Mirziyoyev Tatariston prezidentini qabul qildi

Obuna bo‘lish
Uchrashuvda o‘zaro ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

TOShKENT, 27 noya – Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Tatariston Respublikasi prezidenti Rustam Minnixanov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasini qabul qildi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda Rossiya subyektlari orasida mamlakat hududlari uchun yetakchi hamkorlardan biri bo‘lgan Tatariston bilan aloqalarning bugungi bosqichidagi dolzarb masalalar va amaliy sheriklikni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

O‘zaro ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yilda Tatariston poytaxti Qozon shahrida O‘zbekistonning bosh konsulligi ochildi.

“Rossiyaning ushbu hududi bilan o‘zaro savdo hajmi ortmoqda. Mashinasozlik, neft-gaz, kimyo va boshqa tarmoqlarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda”, - deyiladi xabarda.

O‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash, tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, kooperatsiyani kuchaytirish hamda qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika va farmatsevtika tarmoqlari, axborot texnologiyalari, uy-joy kommunal xo‘jalik, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida amaliy loyihalarni ilgari surish muhimligi qayd etildi.

Elor Ganiyev - Sputnik O‘zbekiston
G‘aniyev Tatariston bilan tovar ayirboshlashni muvozanatga keltirishni taklif qildi

Uchrashuv so‘ngida 2020-yilga mo‘ljallangan "yo‘l xaritasi"ni qabul qilish va sheriklikni kengaytirish bo‘yicha ikki tomonlama ishchi guruhining muntazam uchrashuvlarini o‘tkazishga kelishib olindi.

Eslatib o‘tamiz, Tatariston prezidenti xizmat safari bilan O‘zbekistonga kelgan. Minnixanov Samarqandda KamAZ rusumli avtoulovlarni yig‘ishga mo‘ljallangan “UzAvto Trailer” MChJning yangi ishlab chiqarish liniyasi ochilish marosimida ishtirok etdi. Shuningdek, “O‘zbekiston – Tatariston” biznes forumida qatnashdi.

Yangiliklar lentasi
0