TOSHKENT, 3 dek — Sputnik. Toshkent shahar hokimligida Dushanbe shahri raisi Rustam Emomali boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazildi. Unda ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish masalasi muhokama etildi.
Poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabariga koʻra, Jahongir Ortiqxoʻjayev Toshkent Dushanbe bilan har tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga tayyor ekanligini bildirgan.
Rustam Emomali samimiy qabul va doʻstona muhit uchun minnatdorligini izhor etgan va Toshkentning qurilish sohasidagi tajribasi bilan tanishish niyatidaligini maʼlum qilgan.
Shuningdek, kelgusi yilda Dushanbeda Toshkent kunlarini tashkil etish va uning doirasida yoshlar forumini oʻtkazish rejalashtirilayotganligini aytgan.
Uchrashuv davomida ikki tomon vakillari oʻrtasida 2020-2021 yillarda Toshkent shahri va Dushanbe shahri ijroiya qoʻmitalari oʻrtasida savdo-iqtiosdiy va madaniy-gumanitar sohalarda birgalikda bajariladigan tadbirlar rejasini amalga oshirishga qaratilgan bitim imzolandi.