18:55 04 Dekabr 2020
Efir
  • RUB137.48
  • EUR12473.23
  • USD10427.38
Siyosat
Havola olish
118330

Bugun, 7 dekabr kuni "Oʻzbekiston" forumlar saroyida Konstitutsiyaning 27 yilligiga bagʻishlangan tantanali yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, yangilanayotgan Oʻzbekistondagi siyosiy-huquqiy oʻzgarishlar haqida maʼruza qildi.

Prezident nutqida jarang topgan eng yorqin iboralarni eʼtiboringizga havola qilamiz.

                                                                    ***

"Qonunlar, Farmonlar nima uchun kerak? Masalan, iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirishning muhim sharti boʻlgan, biz uchun yangilik boʻlgan - "Davlat-xususiy sherikchilik toʻgʻrisida"gi qonunni qabul qilganimizga 7 oy boʻldi. Hammamiz uchun yangi boʻlgan, koʻpdan buyon kutilgan, hayotning oʻzi talab etayotgan bu qonun loyihasi ustida biz uzoq vaqt ishladik. Koʻp-koʻp tajriba orttirdik. Ayrim tarmoqlarda davlat-xususiy sherikchilik boʻyicha loyihalar amalga oshishi boshlandi, ammo sogʻliqni saqlash, taʼlim, transport, yoʻl qurilishi, kommunal xoʻjaligi kabi yoʻnalishlarda aksariyat hududlarda hali bu borada tashabbus umuman sezilayotgani yoʻq. Hududlardagi rahbarlarimiz hali zamon oʻzgarganini sezmayapti! Eski tos, eski hammomga oʻrganib qolgan ular. 

Vazir yoki hokim yangi qonunning mazmun-mohiyatini tushunmasa, anglab olmasa, uni hayotga tatbiq etishda jonbozlik koʻrsatmasa, odamlarda tashabbus uygʻotish qiyin boʻladi. Agar biz oʻzimiz rahbar boʻlib odamlarni shunga inontira olmasak, ular bizga ergashmaydi, islohotlarning amalga oshishi juda qiyin boʻladi".

                                                                ***

"Hech kimning Qonunni buzishga haqqi yoʻq. Kim boʻlishidan qatʼiy nazar. Lekin ming afsus, joylarda bu narsalarga hali eʼtibor yoʻq. Yoʻq joydan muammo chiqayapti: "Uyni buzib ketdi", "Joyimni buzib ketdi", "Buzilgan joyning puli toʻlanmadi". Nega toʻlanmadi? Qonun bor-ku? Hali biz qonun ustuvorligini taʼminlay olmayapmiz, desak, bu ham adolatdan boʻladi".

                                        ***

"Bitta narsani bilib qoʻyinglar, bu ochiqlik hech qachon orqaga qaytmaydi. Ochiqlik qanchalik koʻp boʻlsa, ommaviy axborot vositalari haqiqiy muammolarni, haqiqiy holatni qonuniy yoʻllar bilan qancha koʻp bildirsa, men rahbar sifatida ulardan minnatdor boʻlaman".

                                         ***

"Xalqimiz qonun buzilishiga qarshi qattiq turmas ekan, davlat idoralari, mansabdor shaxslar qanchalik urinmasin, qonun ustuvorligini taʼminlash qiyin boʻladi".

                                         ***

"Ommaviy axborot vositalari qonuniylik taʼminlanishida chinakam jamiyat koʻzgusiga aylanishi kerak. Soʻz erkinligini taʼminlashga qaratilgan islohotlar oʻtgan 3 yilda jamiyatimiz hayotida tub burilish yasadi. Oʻzimiz sezmayapmiz, lekin jamiyat ham oʻzgargan, soʻz erkinligi ham bor bugun. Bir tasavvur qilinglar, 3 yil oldin televizorda bunaqa gaplar bilan birov chiqa olarmidi? Bunaqa savollar berarmidi? Hamma xuddiki 30 yil bilan oxirgi 3 yil orasida yuz bergan oʻzgarishlar farqini bilmayapti? Nimaga? Chunki oʻzimiz oʻzgarayapmiz, odamlarni dardi, talabi oʻzgarayapti. Lekin yana bir marta taʼkidlayman, bu oʻzgarishlar bilan bir qatorda madaniyat va ilm ham kerak. 

Bugun xalqimiz orasida yurib, uni qiynayotgan eng oʻtkir ijtimoiy muammolarni koʻrsatib berayotgan eng katta kuch - bu mustaqil va xolis ommaviy axborot vositalari vakillaridir. Demokratik islohotlarimiz natijasida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar mansabdor shaxslarni oʻz ishini qonuniy asosda toʻgʻri tashkil etishga undamoqda. 

Aslida demokratik jamiyatda barcha davlat xizmatchilari ommaviy axborot vositalari bilan yaqin ijtimoiy hamkorlik qilishga oʻrganishi kerak. Oʻrganmasak, ertangi islohotlarimiz amalga oshmaydi".

                                            ***

"Jamoatchilik nazorati ham, ommaviy axborot vositalari ham - yagona bir maqsad - xalqimizni rozi qilishga intilsin. Tanqid, albatta kerak. Tanqid boʻlayapti, xulosa ham boʻlayapti. Lekin biz hammamiz izlanishdamiz, oʻrganishdamiz, yangi Oʻzbekistonni quryapmiz. Yoʻnalishlarimiz, fikrlarimiz bir boʻlsa, shunda natija ham mutlaqo boshqacha boʻladi!"

                                            ***

"Oʻzbekistonda jamoatchilik nazorati va ommaviy axborot vositalari vakillarining qonuniy haq-huquqlariga hech qanday shaklda tazyiq oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi".

                                             ***

"Hammamiz koʻryapmiz, maktabgacha taʼlim, maktabga, ilmga qancha eʼtibor boʻlyapti. Agar shu tizimimizni zamini boʻlmasa, hamma islohotlar, kechirasiz, oʻz natijasiga yetmaydi. Zoʻr uskuna olib kelamiz, zoʻr texnologiya olib kelamiz. Kim unda ishlaydi? Tasavvur qilinglar, 5 yil ishlaydigan uskuna, bir yil ham ishlamaydi. Injener sifatida aytyapman, bir yil ham ishlata olmaymiz. Kim kerak bizga? Kadr kerak!. Kim oʻqitadi? Kim Oʻzbekiston uchun raqobatbardosh kadr tayyorlab beradi? Hech kim, hech qachon! Faqat oʻzimiz! Qanday qiyin boʻlmasin, millatimiz kelajagi - yoshlarni agar bugun oʻqita olmas ekanmiz, ertaga jamiyatimiz oʻz oldiga qoʻygan katta-katta marralarga erisha olmaydi. Ana shuni hammalaring bilinglar!".

                                              ***

"Deputatlar, aqlli, hayotiy savollarni berib, rahbarlarni dunyoqarashini oʻzgartirar ekan, mendan baxtli odam yoʻq".

                                              ***

"Bir xil maktablarda fizkultura oʻqituvchisini siyosat, tarixni oʻrgatishga qoʻyib qoʻyishadi. Bu narsalar jamiyatimizda hozir bor. Bu illatlarni yoʻq qilmagunimizcha, ongimiz oʻzgarmaydi".

                                                ***

"Qonun va adolat tantanasi uchun kurashadigan insonlar bugungi kunning qahramonlari boʻlishi kerak. Biz aytamiz, qahramon yoʻq, deb. Bor qahramonlar! Mana shularni biz qahramon qilishimiz kerak. Biz ularni umuman yomon odam, deymiz. Yoʻq, ular yomon odam emas, ular halol odamlar. Ular ertangi kunga befarq odamlar emas, ular fidoyi odamlar. Aynan ana shunday odamlarni hayoti shoir va adiblar, rejissyorlar, jurnalistlar uchun ijodiy mavzu boʻladi, deb ishonch hosil qilsam, sizlar qoʻllab-quvvatlaysizlarmi?"

Asosiy mavzular