19:17 30 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Siyosat
Havola olish
Oʻzbekiston va YEOII – integratsiya istiqbollari (51)
474 0 0

Oʻzbekistonda 22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga va xalq deputatlari mahalliy kengashlariga saylovlar boʻlib oʻtadi.

Parlamentdagi 150ta oʻrin uchun mamlakatda roʻyxatdan oʻtgan: OʻXDP, OʻzLiDep, "Adolat", "Milliy tiklanish" va Ekologik partiyalaridan 750 nomzod oʻzaro kurash olib bormoqda. Sputnik barcha siyosiy partiyalar vakillari bilan muloqot qildi va qonunchilikka ular qanday oʻzgarishlarni kiritishni taklif etayotganini aniqladi.

Oliy Majlis raisining oʻrinbosari, "Adolat" partiyasi rahbari Narimon Umarov Sputnik muxbiriga oʻz jamoasi saylovlar uchun qanday tashabbuslarni ilgari surgani va birinchi navbatda qanday muammolarni hal qilishni rejalashtirayotgani haqida gapirdi.

- Saylovoldi dasturingizning asosiy yoʻnalishlari haqida gapirib bersangiz?

- Biz nazariy hisobotlar, uzoq va murakkab dasturlarni oʻz ichiga olgan eski tajribadan uzoqlashdik. 2017 yilda prezident bilan uchrashgandan soʻng, taktikamizni oʻzgartirishga qaror qildik va ular aytganidek, intilishlari va aniq ehtiyojlarini qondirish uchun xalq ichiga kirib bordik.

Uch yil ichida biz mutaxassislarimiz ishtirokida sogʻliqni saqlash, taʼlim va advokatura sohasida jami 24 ta loyihani tayyorladik. Ushbu loyihalar asosida kelgusidagi faoliyatimizning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab oldik. Anʼanaviy ravishda ularni besh sohaga boʻlish mumkin: taʼlim, sogʻliqni saqlash, sud islohoti, korruptsiyaga qarshi kurash va fan va iqtisodiyotni rivojlantirish. Albatta, biz xalqaro munosabatlar bilan ham shugʻullanamiz, ammo asosiy beshtasi shu.

- Agar biz aniq tashabbuslar haqida gapiradigan boʻlsak, xususan, siz sudlarni birlashtirish tarafdorisiz. Buni qanday tushunasiz va bunday ehtiyojni keltirib chiqaradigan sabablar nimada?

- Biz yana xalq ehtiyojlaridan kelib chiqdik. Agar respublikamizda barcha sud instantsiyalarini birlashtirgan Oliy sudimiz boʻlsa, viloyatlarda bu organlar ajralgan - jinoiy ishlar boʻyicha, maʼmuriy, iqtisodiy va fuqarolik ishlari boʻyicha. Natijada, bir kishi bitta sudga, masalan, maʼmuriy sudga aniq savollar bilan boradi, ular undan hujjatlarni olishadi, ishni oʻrganishadi - bir-ikki hafta, yoki oydan soʻng ular: "Bu bizning javobgarlik doiramizda emas, siz iqtisodiy masalalar boʻyicha sudga borishingiz kerak", deb aytadi.

Bunday holatlarning oldini olish uchun biz yagona sudni yaratishni taklif qilamiz - bu odam oʻz iltimosi yoki muammolari bilan boradigan joy, deylik "Halq sudi" boʻlsin. Ushbu tuzilma fuqarolardan arizalarini qabul qilib, sudlarning qaysi biriga bu ishni yuborishni oʻzi taqsimlasin. Asosiy vazifa - odamlarning sudma-sud yugurishiga yoʻl qoʻymaslik, odamlar tumanlararo sudga yuzlab kilometr masofani bosib oʻtib bormasin, aksincha, shunday bir tuzilma borligini va u yerga murojaat qilib adolatli qaror olish mumkinligini bilishsin. Ha, tizim  noqulay boʻlmasligi shart, qaysidir jihatlarini optimallashtirish kerak boʻladi, ammo bu tafsilotlar ish jarayonida boʻladi.

Advokaturalar bilan ham muammolar bor. Bizda ushbu sohada mutaxassilar yetishmayapti: 33 million aholiga atigi 4 ming advokat – bu juda kam. Bundan tashqari, ularning vakolatlarini kengaytirish, prokurorlarga tenglashtirish kerak. Hozirda holat bunday emas, shuning uchun advokatlar ushbu sohaga kelishmaydi. Advokatlik faoliyati koʻprok tadbirkorlikka aylandi. Sud himoyachilarining maqomi qonun bilan mustahkamlanishi kerak.

Yana bir muammo - tergov boʻyicha yagona qoʻmitani tuzish zaruriyati. Endi Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati qoshida alohida boʻlinmalar mavjud. Ammo bu maqbul emas, chunki toʻgʻridan-toʻgʻri idoralararo qiziqish mavjud. Hech kim statistika uchun choyshabni oʻziga tortib olmasligi uchun bizga bitta tuzilma kerak.

- Sizning partiyangiz muhokama qiladigan yana bir muhim mavzu - bu taʼlim. Xususan, siz universitetlarga kirish uchun kvotalarni bekor qilishni taklif qilyapsiz. Hozirgi tizim nimasi bilan yomon?

- Biz hozir jiddiy nomutanosiblikni boshdan kechirmoqdamiz. Mamlakatda oliy maʼlumotga ega boʻlishni xohlovchilar juda koʻp: shu yilning oʻzida 1,033 million abituriyent ariza topshirdi, ulardan 128 ming nafari oʻqishga kirdi, bu umumiy miqdorning 12 foizini tashkil etadi. Tugʻilishning yuqori darajasi hisobga olinsa, bu holat yildan-yilga takrorlanadi.

Taʼlim vazirligining yondashuvi mavjud boʻlib, unga muvofiq agar oliy oʻquv yurtlarini  oʻz-oʻzini moliyalashtirishga oʻtkazilsa, vaqt oʻtishi bilan qabul kvotalari asta-sekin oshirilishi mumkin. 2020 yilda dastlabki 10 ta oliy oʻquv yurti ushbu tamoyilni qabul qiladi. Oʻylaymanki, besh yil ichida loyiha mamlakatimizda amalga oshiriladi. Shunda har bir universitet yoki institut oʻz moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib, talabalar sonini ikki-uch baravar koʻpaytirishi mumkin. Oliy oʻquv yurti oʻzi uchun bino qurishi, kerakli oʻqituvchilarni, shu jumladan, xorijdan taklif qilishi, laboratoriya uskunalarini sotib olishlari yoki yotoqxonani taʼmirlashi mumkin. Yaʼni, bu vaziyatdan chiqish yoʻli.

Bir necha kun oldin biz Vazirlar Mahkamasiga oliy taʼlim tizimini rivojlantirish konseptsiyasi boʻyicha oʻz takliflarimizni bildirdik. Bu oʻz-oʻzini moliyalashtirish gʻoyasini, shuningdek talabalarni stipendiya orqali ragʻbatlantirish tashabbusini oʻz ichiga oldi. Xozirda  hamma talaba bir xil stipendiya olmoqda, ammo bu mutlaqo toʻgʻri emas.

- Baʼzi toifadagi abituriyentlar  uchun imtiyozlarning saqlanishini qoʻllab-quvvatlaysizmi yoki barchasi uchun shartlar bir xil boʻlishi kerakmi?

- Albatta, adolat hamma uchun teng sharoitlarni talab qiladi, ammo hozirga qadar biz buni talab qilmaganmiz. Oʻz vatanlari oldida burchini oʻtagan va mamlakatni himoya qilgan harbiy xizmatchilar uchun bizda bir qator afzalliklar bor. Agar ular oliy maʼlumot berishni xohlasalar, biz ularni qoʻllab-quvvatlashimiz kerak.

Ammo yana bir bor, bizning asosiy gʻoyamiz qabul jarayonini iloji boricha soddalashtirish, ammo mashgʻulotning oʻziga qoʻyiladigan talablarni yanada qatʼiylashtirishdan iborat. Ha, kimdir bu jarayonda oʻqishni tashlar, ehtimol, toʻliq boʻlmagan oliy maʼlumotli odamga aylanar. Ammo bu normal holat, bu jamiyat uchun ogʻriqli emas. Bu faqat kontraktni toʻlagani uchun uni sudrab toʻrtinchi kursgacha olib borgan va diplom olgan mutaxassislarga qaraganda yaxshiroqdir.

- Aytgancha, qabul qilish tartibini soddalashtirish haqida. Hozir juda ziddiyatli test sinovlari kerakmi? Yoki ixtisoslashtirilgan fanlar boʻyicha suxbat va maqsadli fan imtihonlari tizimini joriy etish samaraliroqmi?

- Oʻz paytida abituriyentlar oʻqishga kirayotganda inson omilini kamaytirish maqsadida testlar joriy qilingan, ammo bu yerda oʻziga yarasha qiyinchiliklari ham bor. Lekin, oʻylaymanki, ertami-kechmi yaxshiroq shakllarga oʻtamiz.

Imtihonlar qanday oʻtishi – bu endi alohida jarayonlar. Asosiysi, biz oʻz biznesini ochishi, hayotda oʻz oʻrnini egallashi, balki chet elda ishlashi uchun malakali va talabchan kadrlar tayyorlashimiz kerak. Bunda biz hech qanday salbiy holatni koʻrmayapmiz, bizda faqatgina ishchilar emas, balki malakali mutaxassislar ham boʻlishini hohlaymiz.

- Migratsiya masalasi yechimini qanday koʻrasiz? Siz qanday qoʻllab-quvvatlash choralarini taklif qilyapsiz?

- Aksariyat mamlakatlarda migratsiya oʻta keskin tarzda qabul qilinadi, ammo bu normal jarayon boʻlib, unga ehtiyotkorlik va amaliy nuqtai-nazardan qarash kerak. Biz muhojirlardan va ularning muammolaridan qoʻrqishimiz va cheklanishimiz kerak emas, aksincha bu bilan ishlashimiz kerak. Afsuski, faqat soʻnggi yillardagina ushbu keskin ijtimoiy-iqtisodiy masalaga eʼtibor berila boshlandi.

Bizning fuqarolarimiz mehnat shartnomalari boʻyicha oʻz vatanlaridan tashqarida qonuniy ravishda ishlashlari uchun himoyaga muhtoj. Yana bir muhim jihat - bu ularning ijtimoiy taʼminoti, birinchi navbatda sogʻligʻini saqlash. Buning uchun biz tashqi mehnat migratsiyasi toʻgʻrisidagi qonunni qabul qilishimiz kerak, shunda bizning tuzilmalarimiz ishlashi uchun, elchixonalar va konsulliklar har doim har hil holatlarga shay turishlari uchun.

Muammolarni hal qilish kerak, ammo asosiysi tegishli tuzilma va bazani yaratishdir. Masalan, ushbu masalalar boʻyicha Bosh vazirning maslahatchisi paydo boʻldi - bu juda yaxshi. Uning konsullik tajribasini hisobga olgan holda, u koʻp muammolarni hal qilishda yordam berishi kerak. Qoʻl rejimida bir martalik harakatlar emas, balki toʻgʻridan-toʻgʻri vakolatlarga va majburiyatlarga ega boʻlgan maxsus organlar boʻlishi kerak. Agar bizda parlamentdagi koʻpchilik boʻlsa, biz birinchi navbatlarda shu qonunni kiritamiz.

- "Adolat" partiyasining Oʻzbekistonni turli xalqaro tashkilotlar, tuzilmalar va uyushmalarga, masalan, YEOII yoki JSTga qoʻshilishiga munosabati qanday? Yoki ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga eʼtibor qaratish kerakmi?

Biz doʻst boʻlish va barcha davlatlar bilan, shuningdek, Rossiya, AQSH va Yaponiya bilan faol aloqada boʻlish istagini qoʻllab-quvvatlaymiz, ammo Markaziy Osiyo hamon ustuvor hisoblanadi. Bizning oʻz hayotimiz, umumiy madaniyatimiz, dinimiz va urf-odatlarimiz, mintaqadagi barcha mamlakatlarga yaqin boʻlgan muammolarimiz bor.

Integratsion loyihalarga kelsak, bu oson savol emas - biz 10 yildan beri JSTga kirishga harakat qilmoqdamiz. Shuningdek, YEOIIga aʼzo boʻlish toʻgʻrisida faol munozaralar mavjud - koʻplab pozitsiyalar, fikrlar va urgʻular. Ishonchimiz komilki,boshqa davlatlar siyosatchilari va ekspertlari emas, balki bizning hukumatimiz, mutaxassislarimiz va iqtisodchilarimiz hammasini oʻlchab, hisoblab chiqishlari kerak. Aynan ular nimaga ega boʻlishimiz va va qanday yutuqlarga erishishimizni chamalashsin.

Boshlanishiga biz mahsulot ishlab chiqarish va standartlashtirish sohasidagi kechikishni yoʻq qilishimiz kerak. Bizda, ehtimol, faqat avtomobilsozlik sanoati maʼlum standartlarga javob beradi, boshqa sohalarda, ayniqsa oziq-ovqat sanoatida aniq mezon va standartlar yoʻq. Xuddi shu YEOIIda, agar biror mamlakat oʻz hududiga maʼlum mahsulotlarni eksport qilishga ruxsat bermasa, embargo darhol Ittifoqning barcha aʼzolariga qoʻllaniladi. Bizda fitosanitariya standartlari va bojxona nazorati - hamma narsa xanuzgacha eski tizimda ishlaydi, zamon talablari va xalqaro tajribani hisobga olgan holda uni qayta koʻrib chiqish va oʻzgartirish zarur.

Agar biz sheriklar bilan teng sharoitlarda boʻlsak, bu bizga ijobiy taʼsir qiladi va biz kechikayotgan jabhalarda oʻzimizni yuqoriga koʻtarishimiz kerak va undan keyingina integratsiya haqida oʻylashimiz kerak. Oʻylaymanki, yangi yilning dastlabki oylarida barcha nozik tomonlarini muhokama qilish, sarhisob qilish va zarur qarorlarni qabul qilish kerak.

— Siz kichik biznesni rivojlantirishga urgʻu bermoqdasiz. Bu yil maʼlum islohotlar boshlandi, ammo sizningcha, bu sohada yana nima qilish kerak?

— Kichik biznes - bu iqtisodiyotning rivojlanishiga tezda turtki beradigan juda harakatchan iqtisodiy tuzilma. Ha, ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda, ayniqsa soliq sohasida. Qaysidur jixati  tadbirkorlarga salbiy taʼsir qilmoqda, ammo moslashish vaqt talab etadi. Bundan tashqari, kichik biznesning oʻziga xos xususiyatlarini eʼtiborga olish kerak: u oʻz faoliyatini vaqtincha toʻxtatib qoʻyishi, profilini oʻzgartirishi yoki ish formatini oʻzgartirishi mumkin. Ushbu qiyin oʻtish davrida uni qoʻllab-quvvatlash kerak, masalan, soliq taʼtilini olti oy yoki bir yilga taqdim qilish kerak. Aks holda, tadbirkor uchun iqtisodiy vaziyatga moslashish juda qiyin boʻladi.

Grantlar qoʻllab-quvvatlashning yana bir samarali shakli. Xozirda ushbu mexanizm oʻzini nodavlat notijorat tashkilotlari misolida samaradorligini koʻrsatdi, ammo undan kichik biznes uchun foydalanilmayapti. Agar biz bugun tadbirkorga ozgina yordam bersak, u qisqa vaqt ichida ishlab chiqarish va daromadini oʻnlab barobar koʻpaytirib, davlatga tushum va foyda keltiradi.

Bundan tashqari, kichik biznes bank imtiyozli kreditlariga muhtoj. Koʻplab tadbirkorlar stavkalar juda yuqori ekanligidan shikoyat qilmoqdalar va qarzlarni toʻlash uchun mablagʻlarini tomchilab yigʻishlari kerak. Agar biz iqtisodiyotning ushbu sohasini qoʻllab-quvvatlamasak, u joyidan jilmay qotadi.

— Sizning partiyangiz boshqa shaxarlardan kelganlarni poytaxtda roʻyxatdan oʻtkazish tartibini iloji boricha soddalashtirishga chaqirmoqda. Buni qanday amalga oshirmoqchisiz? Bu Toshkentda haddan tashqari gavjumlikka va zichlikka olib kelmaydimi?

- Aholisi haddan tashqari koʻp boʻlgan poytaxtlar - dunyo miqyosida odatiy hol.  Mexiko shahrida taxminan 20 million kishi, Moskvada faqat rasmiy ravishda - 12 milliondan ortiq. Hamma joyda shunday. Toshkentda hozirda 38 ta turli boʻlimlar fuqarolarni taklif qilish va roʻyxatdan oʻtish huquqiga ega. Xoʻsh, ular soni qancha boʻlishini nima ahamiyati bor? Inson oʻz mamlakatining fuqarosi, u oʻzi xohlagan joyda va oʻzi uchun foydali boʻlgan joyda yashash va ishlash huquqiga ega. Hamma ham poytaxtda qolishi, yuqori maoshli ish topishi yoki biznesini boshlashi mumkin emas - kimdir olti oy yashaydi, Qoraqalpogʻistonga yoki Xorazmga qaytib ketadi, masalan, oʻzlari uchun sharoitlarni bir xil deb bilgani uchun. Bundan qoʻrqmaslik kerak - bu vaqtinchalik hodisa. Natijada, har kim oʻzi uchun qayerda yomon va qayerda yaxshi ekanligini tushunadi. Agar biz oʻn yoki undan ortiq boʻlim va tuzilmalarga roʻyxatdan oʻtkazish huquqini beradigan boʻlsak, bu faqat korruptsiya va subʼyektiv omilni keltirib chiqaradi. Muammo tubdan hal qilinishi kerak.

Ehtimol, bir paytlar bu kabi cheklovlar oqlangan, ammo endi zamonlar oʻzgarmoqda, bizda ochiq siyosat, va bu ochiqlik ushbu masalada ham oʻz ifodasini topishi kerak.

— Saylovdan keyin birinchi navbatda qanday qonunchilik tashabbuslarini ilgari surmoqchisiz?

— Sud-huquq va migratsiya islohotlaridan tashqari, yuqorida aytib oʻtganimdek, bizda taʼlimni, shu jumladan, maktab taʼlimi sohasini rivojlantirish boʻyicha aniq dastur mavjud. Bizning maqsadimiz maktab oʻqituvchisi maqomini qonuniy ravishda kuchaytirish va koʻtarishdir, chunki uning faoliyati ham taʼlim, ham tarbiya bilan bogʻliq. Biz ilgari boʻlgan oʻqituvchilar uchun maʼlum ijtimoiy imtiyozlarni qaytarishga chaqiramiz.

Xozirda hammaning ogʻzida boʻlgan yana bir dolzarb ijtimoiy mavzu - bu tibbiyot xodimlarini noqonuniy xatti-harakatlardan himoya qilishdir. Faqatgina bu yilning oʻzida tez tibbiy yordam shifokorlariga qariyb 400 marta hujum holatlari qayd etildi. Biz Jinoyat kodeksiga oʻzgartirish kiritishni maʼqullaymiz, unga koʻra shifokorlarga jiddiy hujum uchun uch yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin. Bu masalada koʻpchilik bizni, birinchi navbatda, professional tibbiyot hamjamiyati qoʻllab-quvvatladi. Xizmatda boʻlgan odam yordamga kelsa-da, va unga hujum qilishsa yoki haqorat qilishsa? Bu holat yoshlarni umuman tibbiyotda ishlash istagidan qaytaradi. Bunday munosabatga chek qoʻyilishi kerak va bunda maʼmuriy emas, jinoiy javobgarlik qoʻllanilishi kerak.

Umuman olganda, bizda dasturlarning barcha bandlari boʻyicha aniq takliflar mavjud, ularning baʼzilari bajarilmoqda va baʼzilari ishlab chiqilmoqda. Qanday boʻlmasin, biz oʻz tashabbuslarimizni amalga oshirishda davom etamiz.

Mavzu:
Oʻzbekiston va YEOII – integratsiya istiqbollari (51)

Asosiy mavzular