21:07 06 Avgust 2020
Efir
  • RUB137.46
  • EUR12021.09
  • USD10209.86
Siyosat
Havola olish
850 0 0

Oʻzbekiston prezidenti korruptsiya darajasi yuqori boʻlgan sohalarda bu illatdan qutulish boʻyicha dastur ishlab chiqib, ijrosini tashkil etish yuzasidan koʻrsatmalar berdi

TOSHKENT, 11 fev - Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 fevral kuni korruptsiyaga qarshi kurashish hamda jamoatchilik nazorati tizimlarini takomillashtirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Mirziyoyev Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida korruptsiya oqibatlari bilan kurashishdan koʻra barvaqt oldini olishga oʻtish kerakligini taʼkidlab, unga qarshi kurashishga masʼul boʻladigan alohida organ tuzishni taklif qilgan edi. Yigʻilishda ushbu yangi tuzilmani tashkil etish masalalari muhokama qilindi, deyiladi xabarda.

Korruptsiya iqtisodiyot rivoji, chinakam qulay tadbirkorlik va investitsiya muhiti uchun eng asosiy toʻsiqlardan biridir. Tahlillarga koʻra, bu illat jahon iqtisodiyotiga har yili oʻrtacha 2,6 trillion dollar zarar keltiradi.

Transparency International xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan yuritiladigan "Korruptsiyani tasavvur qilish 2019" indeksida Oʻzbekiston 25 ball bilan 5 pogʻonaga yuqorilagan va 153 oʻrinni egallagan edi.

Oʻzbekistonliklar fikricha, korruptsiya eng koʻp tarqalgan sohalar bu: sogʻliqni saqlash, taʼlim, bank, bojxona, sud, prokuratura, ichki ishlar, kommunal xizmat sohalarida, shuningdek, fuqarolarni ishga qabul qilish hisoblanadi.

Taʼkidlanishicha, korruptsiyaga qarshi kurashishning eng asosiy yoʻli davlat organlari faoliyati va ish jarayonlarini shaffof qilishdir. Bunda eng asosiy eʼtiborni ishga olish, davlat xaridlari, ruxsatnoma va litsenziyalar berish kabi jarayonlarda ochiq-oshkoralikni taʼminlashga qaratish lozim.

Adliya vazirligi va Bosh prokuraturaga Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda vazirlik, kompaniya va hokimliklarda ichki korruptsiyaga qarshi choralarni ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi "komplayens nazorat" tizimini joriy etish vazifasi qoʻyilgan.

Xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, davlat xizmatchilari mol-mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish tiziminining barcha tashkiliy-huquqiy asoslarini ishlab chiqib, amaliyotga kiritish shartligi taʼkidlangan.

Mutasaddilarga xorijiy tajriba asosida korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha tuzilmani tashkil etishga doir hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berilgan. Mazkur tuzilma nafaqat bu borada davlat siyosatini amalga oshirishi va muvofiqlashtirishi, balki korruptsiyaga qarshi kurashishda barcha kuch va vositalarga ega boʻlishi kerakligi koʻrsatib oʻtilgan.

 

Asosiy mavzular