23:11 24 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB136.28
  • EUR12210.60
  • USD10315.62
Siyosat
Havola olish
25810

Oʻzbekiston-AQSH-Afgʻoniston uch tomonlama uchrashuvida aniq yoʻnalishlar va loyihalar boʻyicha tor doiradagi ekspertlar uchrashuvini oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

TOSHKENT, 23 iyul - Sputnik. Afgʻonistonni iqtisodiy qayta tiklash masalalari, transport, energetika, savdo, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari 21-iyul kuni Oʻzbekiston raisligida boʻlib oʻtgan "Oʻzbekiston-AQSH-Afgʻoniston" uch tomonlama hamkorlik mexanizmining Iqtisodiyot boʻyicha quyi qoʻmitasining birinchi majlisida muhokama qilindi.

Videokonferentsaloqa shaklida boʻlib oʻtgan tadbirda Oʻzbekiston delegatsiyasiga Tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Farhod Arziyev va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari Laziz Kudratov, AQSH delegatsiyasiga Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha yordamchisi oʻrinbosari Jonatan Henik va USAID administratori yordamchisi oʻrinbosari Nitin Madhav, Afgʻon delegatsiyasiga Tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Mirvays Nab va Savdo va sanoat vazirining oʻrinbosari Abdul Karim Malikiyor boshchilik qildi.

TIV rahbarining birinchi oʻrinbosari Farhod Arziyev Oʻzbekiston ushbu hamkorlik shaklini savdo, investitsiya, infratuzilmani rivojlantirish, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalaridagi oʻzaro manfaatli loyihalarni ilgari surish uchun dolzarb mexanizm sifatida koʻrib chiqishini taʼkidladi, ushbu sohalar uch tomonlama muloqot ishtirokchi davlatlari va butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Videokonferentsiyada AQSH va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida savdo va investitsiyalar boʻyicha Hadli bitimning toʻlaqonli aʼzosi maqomini Afgʻonistonga berish, Afgʻoniston iqtisodiyoti uchun muhim boʻlgan "Surxon – Puli-Xumri" elektr uzatish liniyasi va "Mozori-Sharif –Kabul" temir yoʻli marshruti qurilishi kabi loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Termiz shahridagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazining imkoniyatlaridan foydalanish va uning negizida turli sohadagi afgʻon mutaxassislari uchun qisqa va uzoq muddatli kurslar tashkil etish muhimligiga alohida eʼtibor qaratildi.

AQSH Davlat kotibi yordamchisining oʻrinbosari Jonatan Henik "Oʻzbekiston-AQSH-Afgʻoniston" uch tomonlama mexanizmining Iqtisodiyot boʻyicha quyi komissiyasi birinchi majlisini oʻtkazish tashabbusi uchun Oʻzbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.

Uning qayd etishicha, koronavirus pandemiyasi sharoitida jahonda yuzaga kelgan vaziyat Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada chuqurlashtirish, transchegaraviy savdoni ragʻbatlantirish va butun mintaqaviy bogʻliqlikni ilgari surish zarurligini talab etmoqda.

USAID vakili Nitin Madhav Oʻzbekiston-Afgʻoniston iqtisodiy hamkorligining jadal rivojlanib borayotganini yuqori baholadi va iqtisodiy rivojlanish, xususiy sektorni mustahkamlash, ayollar tadbirkorligini ragʻbatlantirish va savdo aloqalarini faollashtirish sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda USAID zarur yordam koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.

Afgʻoniston tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Mirvays Nab "Oʻzbekiston-AQSH-Afgʻoniston" uch tomonlama mexanizmining ahamiyatini qayd etar ekan, ushbu shakl xavfsizlik, iqtisodiyot, energetika, transport va qishloq xoʻjaligi kabi ustuvor sohalarda hamkorlikni kengaytirish boʻyicha aniq takliflarni ishlab chiqish uchun noyob maydon ekanligini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, "pandemiyaga qaramay, Oʻzbekistondan Afgʻonistonga turli tovarlar, oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar muntazam ravishda oʻtayotganligi afgʻon xalqiga nisbatan birodarlik munosabating namunasi boʻldi".

Kun tartibiga muvofiq transchegaraviy energetika, savdo va qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika mahsulotlarini yetkazib berish, transport va marshrutlar xavfsizligini taʼminlash sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari boʻyicha panel munozaralari tashkil etildi.

Tadbir soʻngida AQSH va Afgʻoniston vakillari Iqtisodiyot boʻyicha quyi komissiyaning birinchi majlisini yuqori tashkiliy darajada oʻtkazilgani uchun Oʻzbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi va munozaralarni ekspertlar darajasida davom ettirishni taklif etdi.

Majlis yakuniga koʻra aniq yoʻnalishlar va loyihalar boʻyicha tor doiradagi ekspertlar uchrashuvini oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Asosiy mavzular