01:14 04 Dekabr 2020
Efir
  • RUB137.48
  • EUR12473.23
  • USD10427.38
Siyosat
Havola olish
278 0 0

Oʻzbekiston tomoni Afgʻonistonda faoliyat yuritayotgan Oʻzbekiston kompaniyalari va korxonalari xodimlari uchun xavfsizlik choralari kuchaytirilishini soʻragan.

TOSHKENT, 21 avg - Sputnik. Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov afgʻonistonlik hamkasbi Hanif Atmar bilan telefonlashdi. Vazirlar Afgʻonistonning Balx viloyatida 20 avgust kuni sodir boʻlgan "Soʻgʻdiyona trans" shoʻba korxonasi vakillariga qurolli hujum hodisasini muhokama qilganlar.

Taʼkidlanishicha, sodir boʻlgan koʻngilsiz voqea oqibatida Oʻzbekiston fuqarolari halok boʻlmagan.

Hanif Atmar mamlakatning vakolatli organlari tomonidan voqea tafsilotlari sinchkovlik bilan tekshirilayotgani va unga aloqadar shaxslar javobgarlikka tortilishini taʼkidlagan.

Oʻzbekiston tomoni Afgʻonistonda faoliyat yuritayotgan Oʻzbekiston kompaniyalari va korxonalari xodimlari uchun xavfsizlik choralari kuchaytirilishini soʻragan.

"Oʻzbekiston temir yoʻllari" aktsiyadorlik jamiyati bayonotiga koʻra, 20 avgust kuni "Soʻgʻdiyona trans" shoʻba korxonasi ishchi-xodimlarini ish joyiga olib ketish uchun kelgan korxona koordinatsiya boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari, haydovchi va Afgʻoniston Ichki ishlar vazirligining temir yoʻlni qoʻriqlash bataloni askari Xayraton ishchilar yashash bazasidan chiqishgan.

Shundan soʻng, temir yoʻlning taxminan 43 kilometri yaqinida ularga nomaʼlum shaxslar tomonidan qurolli hujum uyushtirilgan.

Hujum oqibatida korxona koordinatsiya boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari jarohat olgan, ikki nafar Afgʻoniston fuqarosi (Ichki ishlar vazirligining temir yoʻlni qoʻriqlash bataloni askari va bir nafar hujum qilgan nomaʼlum shaxs) halok boʻlgan.

Jarohat olgan korxona koordinatsiya boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari korxonaga tegishli avtomashinada Termiz shahridagi kasalxonaga yetkazilgan. Bugun – 21 avgust soat 7:00 dan Hayraton stantsiyasi oʻz ishini davom ettirish uchun ochilgan.

Asosiy mavzular