TOSHKENT, 2 sen — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 sentyabr kuni Oʻzbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qoʻyib, uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Mustaqilligining yigirma toʻqqiz yilligiga bagʻishlangan nutqida birinchi prezident boshchiligida qoʻlga kiritilgan davlat mustaqilligi asriy orzusini amalda taʼminlagan olamshumul voqea ekanini taʼkidladi.
Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasida Qurʼon tilovat qilindi.
Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, Prezident administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, poytaxt jamoatchiligi vakillari ham monument poyiga gullar qoʻydi.

Islom Karimovning Samarqand va Qarshi shaharlaridagi haykallari poyiga ham gullar qoʻyildi.