06:51 26 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB133.19
  • EUR12153.63
  • USD10371.76
Siyosat
Havola olish
30710

Oʻzbekiston prezidenti iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi muammosi, qashshoqlikka barham berish va kambagʻallikni qisqartirish masalalari kabi zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surishi kutilmoqda.

TOSHKENT, 20 sen — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi yetmish beshinchi yubiley sessiyasining yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarida ishtirok etadi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Bosh Assambleyaning markaziy tadbirlari jahonda vujudga kelgan epidemiologik vaziyat munosabati bilan BMT tarixida ilk bor videoanjuman shaklida boʻlib oʻtadi.

“Davlatimiz rahbari sessiyaning yalpi qismida soʻzga chiqib, xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan oʻz nuqtai nazarini taqdim etadi hamda Oʻzbekistonni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab beradi”, - deyilgan xabarda.

Muhokamalarning asosiy mavzusini hisobga olib, koronavirus pandemiyasiga qarshi birgalikda kurashish va kasallik tarqalishining salbiy oqibatlarini yengib oʻtish masalalariga toʻxtalib oʻtiladi.

Mirziyoyev mintaqada va global miqyosda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyot, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, konstruktiv muloqotni kengaytirish, shuningdek, iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi muammosi, qashshoqlikka barham berish va kambagʻallikni qisqartirish masalalari kabi zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surishi kutilmoqda.

Oʻzbekiston yetakchisi 2017 yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida ham qator muhim taklif va fikr-mulohazalarini bayon etgan edi.

Asosiy mavzular