21:57 29 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB136.11
  • EUR12285.78
  • USD10359.88
Siyosat
Havola olish
80710

Qirgʻizistonda 4 oktyabr kuni parlament saylovlari boʻlib oʻtgach, ommaviy norozilik aktsiyalari boshlanib ketdi. Respublika prezidentining oʻzi sal oldin mamlakatdagi siyosiy vaziyat oʻzining inqiroz nuqtasiga yetganini qayd etgan edi

TOSHKENT, 9 okt — Sputnik. Oʻzbekiston, Tojikiston, Qozogʻiston va Turkmaniston prezidentlari qoʻshma bayonot bilan chiqishdi va unda Qirgʻizistondagi voqealardan jiddiy tashvishda ekanliklarini bildirdilar.

Davlat yetakchilari, hozirda siyosiy vaziyat oʻtkir tus olayotgan qoʻshni respublika aholisini mamlakatda tinchlikni saqlab qolish uchun donishmandlikni namoyon etishga chaqirishdi.

"Qardosh Qirgʻizistonda sodir boʻlayotgan voqealar bizni jiddiy tashvishga solmoqda.

Koʻp asrlik doʻstlik rishtalari, yaxshi qoʻshnichilik, umumiy madaniy va maʼnaviy qadriyatlar bilan bogʻlangan yaqin qoʻshnilar sifatida biz ushbu qiyin kunlarda Qirgʻiziston xalqini mamlakatda tinchlikni saqlash va barqarorlikni tiklash uchun oʻziga xos donolikni namoyon etishga chaqiramiz.

Qirgʻizistonning barcha siyosiy partiyalari va jamoatchilik doiralari tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, Konstitutsiya va milliy qonunchilikka soʻzsiz rioya qilish bilan yuzaga kelgan muammolarni hal qilish uchun zarur boʻlgan saʼy-harakatlarni amalga oshirishiga umid bildiramiz.

Qirgʻizistonning ravnaqi mintaqaviy xavfsizlik va butun Markaziy Osiyo barqaror rivojlanishining muhim omilidir.

Mamlakatlarimizning oʻtmishi bir, ular umumiy kelajakni barpo etmoqda. Markaziy Osiyo xalqlarini tarixiy jihatdan kelajakdagi avlodlar farovonligi uchun barqaror tinchlik, totuvlik va bunyodkorlik istagi birlashtiradi.

Mushtarak maqsadlarga intilgan holda, davlatlarimiz savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar aloqalarni, chegaraoldi va hududlararo sheriklikni kengaytirish uchun mintaqaviy hamkorlikni faol ravishda mustahkamlamoqda.

Markaziy Osiyo birdamligini yanada mustahkamlash yoʻlidan borar ekanmiz, biz Qirgʻiziston xalqini uning hamjihatlik, tinch, mustaqil taraqqiyot va farovonlik borasidagi intilishida doimo qoʻllab-quvvatlaymiz", - deyiladi bayonot matnida.

Qirgʻizistondagi vaziyat 4 oktyabrda boʻlib oʻtgan parlament saylovlarining dastlabki natijalari eʼlon qilinganidan soʻng birdan keskin tus olgan va ommaviy protestlarga aylanib ketgan edi.

Jeenbekovning siyosiy karyerasi yakun topdi - siyosatshunos >>>

Bishkek qatorida Qirgʻizistonning yirik shaharlarida norozilik aktsiyalari boshlanib ketdi. Miting qatnashchilari parlament binosi va prezident administratsiyasini egallab oldilar.

Natijada, respublika bosh vaziri isteʼfo berdi. Shundan soʻng vaqtinchalik bosh vazir va parlament spikeri tayinlandi. Endilikda deputatlarning bir qismi amaldagi davlat rahbari isteʼfosini talab qilmoqda.

Shu bugun Qirgʻiziston prezidenti bosh vazir boshchiligidagi amaldagi hukumat isteʼfosi toʻgʻrisida farmonni imzoladi. 

Ilgariroq, davlat rahbari, Vazirlar mahkamasida "yangi tayinlovlar uchun qonuniy asoslarni yaratishga" har tomonlama koʻmaklashishga tayyorligini taʼkidlagan.

U shuningdek, oʻtgan saylovlar natijalarining bekor qilinishi va yangi ovoz berish jarayonlarini oʻtkazilishi muhimligini taʼkidlagan. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Qirgʻiziston MSQ parlamentga takroriy saylovlarni 6 noyabrga qadar tayinlaydi.

Qirgʻiziston prezidenti amaldagi hukumat tarkibidan tashqari, Bosh shtab rahbarini ham lavozimdan chetlatdi va yangi odamni tayinladi.

Jeenbekovning oʻzi ijro hukumati qonuniy rahbarlari saylanib, tasdiqlangach, mamlakat qonuniy yoʻlga turgach, isteʼfoga chiqishga tayyorligini aytgan edi.

Asosiy mavzular