17:57 28 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Siyosat
Havola olish
521 0 0

Qashqadaryo yoshlari oliy taʼlimga kirish koʻrsatkichi boʻyicha mamlakatda 13-oʻrinda. Bu yil 191 ta maktabning birorta ham bitiruvchisi oliy oʻquv yurtlariga kira olmagan.

TOSHKENT, 13 noya - Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo faollari, mahalliy kengash deputatlari, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokidagi yigʻilishda viloyatning iqtisodiy-ijtimoiy holati tanqidiy tahlil qildi.

"Bu yerga kelishimdan asosiy maqsad – sizlar bilan birga hudud rivojiga kuchli turtki berish boʻyicha aniq vazifa va chora-tadbirlarni belgilab olish. Qashqadaryo oʻzining salohiyatiga mos yashamayapti, mamlakatimizning koʻpgina hududlaridan ancha orqada", – dedi davlat rahbari.

Bu zamin ulkan imkoniyatlarga ega. Lekin uning iqtisodiyoti va ijtimoiy sohalar ahvoli bunga mutlaqo mos emas. Oxirgi 10 yil ichida yalpi ichki mahsulotdagi viloyat ulushi 9,4 foizdan 7,1 foizga, sanoatdagi ulushi esa 11 foizdan 6 foizga tushib ketgan.

"Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot mamlakatimizdagi eng past koʻrsatkichlardan biri. Qashqadaryo eli shunga munosibmi?" - deya savol qoʻygan Mirziyoyev.

Prezident oʻz chiqishida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishda ilmiy asos va innovatsion yondashuv yoʻqligini, viloyat iqlim sharoitiga mos yangi navlar yaratilmaganini, oʻtgan yili paxta hosildorligi gektariga 19 tsentnerni yoki mamlakatda eng quyi koʻrsatkichni tashkil etganini, qishloq xoʻjaligi texnikalari yetishmasligi va mahsulotlarni qayta ishlash darajasi ham pastligini qayd etib oʻtgan.

Mirziyoyev hududdagi irrigatsiya va melioratsiya holatini keskin tanqid qilgan. Notoʻgʻri sugʻorish oqibatida yerlarning 45 %i shoʻrlangan. Ayniqsa, bu borada Muborak, Gʻuzor, Nishon va Kosonda ahvol juda ogʻir. 38 ming gektar maydon foydalanishdan chiqib ketgan. Tomchilatib sugʻorish jami sugʻoriladigan maydonning bor-yoʻgʻi 2,4 foizida joriy qilingan.

Aholining ichimlik suvi taʼminoti viloyat boʻyicha 50 foizni, xususan, Kosonda 26, Dehqonobodda esa atigi 4 foizni tashkil qiladi. Quvurlarning 60 foizi taʼmirtalab boʻlib qolgan. Qarshi shahrining kanalizatsiya tizimi ham eskirgan. Avtomobil yoʻllarining 8 ming 700 kilometri yaroqsiz holga kelgan.

Taʼlim va tibbiyot sifati masalasiga toʻxtalib oʻtildi.

Viloyatning 88 maktabida "smena" koʻrsatkichi yuqori ekani, bir nechta maktab filiali binosi paxsadan qurilgani koʻrsatib oʻtildi. Qashqadaryo yoshlari oliy taʼlimga kirish koʻrsatkichi boʻyicha mamlakatda 13-oʻrinda. Bu yil 191 ta maktabning birorta ham bitiruvchisi oliy oʻquv yurtlariga kira olmagan.

Tor sohalar boʻyicha 257 ta, birlamchi boʻgʻinda 855 ta shifokor yetishmaydi. Hududda qoʻshimcha 18 ta oilaviy poliklinika va 30 ta oilaviy shifokorlar punktlariga talab mavjud. Har bir oilaviy poliklinikaga oʻrtacha 25-30 ming nafardan fuqaro toʻgʻri kelishi lozim boʻlsa-da, viloyatda bu koʻrsatkich 90 mingtani tashkil etadi.

Yigʻilishda shu kabi muammolar, mavjud imkoniyatlar tahlil qilinib, Qashqadaryoni kompleks rivojlantirish va aholining hayot sharoitini yaxshilashga doir ustuvor yoʻnalishlar muhokama qilinmoqda.

Asosiy mavzular