07:23 21 Yanvar 2021
Efir
  • RUB142.66
  • EUR12682.88
  • USD10500.81
Siyosat
Havola olish
34101

Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va xodimlari xizmatni oʻtash vaqtida daxlsizlik huquqiga ega boʻladi. Ular Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi mumkin emas.

TOSHKENT, 7 dek — Sputnik. Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi toʻgʻrisidagi qonun eʼlon qilindi. Bu haqda “Norma” axborot huquqiy portali xabar qildi.

Ushbu qonun 2019 yilda qabul qilingan. Mamlakat prezidenti tomonidan 2020 yil 18 noyabrda imzolangan boʻlib, yarim yildan keyin kuchga kiradi.

Hujjat bilan quyidagilar tartibga solinadi:

  • Milliy gvardiyaning huquqiy maqomi va asosiy vazifalari, davlat organlari va boshqa tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar bilan hamkorligi;
  • Milliy gvardiya faoliyatini tashkil etish — tizimi, boʻysunishi va hisobdorligi masalalari, mansabdor shaxslarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish, Milliy gvardiya hayʼati tarkibi va maqomi;
  • harbiy xizmatchilar va xizmat xodimlari tomonidan xizmat oʻtash tartibi va shartlari — xizmatga qabul qilish va qasamyod qilish, harbiy xizmatchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish jihatlari, xizmatdan boʻshatish va xizmatga tiklash, xizmat muddatlari va ularni uzaytirish uchun asoslar, shuningdek, harbiy va maxsus unvonlar berish;

Milliy gvardiyaning huquq va majburiyatlari;

  • harbiy xizmatchilar (xodimlar) tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni, oʻqotar qurolni qoʻllash, tashkilotlarning va fuqarolarning transport vositalaridan foydalanish;
  • harbiy xizmatchilarni va xodimlarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish, shuningdek, ularning sogʻligʻini saqlash, uy-joy maydoni bilan taʼminlash, pensiya taʼminoti va boshqalar.

Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining va xodimining oʻz vakolatlari doirasida qoʻyilgan qonuniy talablari barcha davlat organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir. Shuningdek, zarur boʻlgan axborot, hujjatlar va boshqa materiallar ularning qonuniy talabi boʻyicha bepul taqdim etiladi. Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi va xodimining qonuniy talablari ustidan shikoyat qilinishi ularning bajarilishini toʻxtatib turmaydi.

Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va xodimlari xizmatni oʻtash vaqtida daxlsizlik huquqiga ega boʻladi. Ular tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi mumkin emas.

Shu bilan birga, harbiy xizmatchilar (xodimlar) qonunga xilof harakatlari yoki harakatsizligi, xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi. Xususan, jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning oʻrni Milliy gvardiya tomonidan byudjetdan tashqari jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qoplanishi lozim boʻlib, ushbu summa keyinchalik aybdor shaxsdan undirib olinadi. Hujjat 2021 yil 20 maydan kuchga kiradi.

Eslatib oʻtamiz, Senat 2019 yil 14 dekabrida mamlakat Milliy gvardiyasi toʻgʻrisidagi qonunni qabul qilgan edi.

Teglar:
qonun, Milliy gvardiya, Oʻzbekiston

Asosiy mavzular