18:58 20 Yanvar 2021
Efir
  • RUB142.66
  • EUR12682.88
  • USD10500.81
Siyosat
Havola olish
96 0 0

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston fuqarolari hamisha oʻz davlati va Konstitutsiyasi himoyasida boʻlishi va bu tamoyil bundan buyon ham qatʼiy amalga oshirilishini qayd etgan.

TOSHKENT, 8 dek — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston xalqini mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilinganining 28 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.

“Dunyo miqyosida avj olgan koronavirus pandemiyasi tufayli bu yil Konstitutsiya kuniga bagʻishlangan tantanali marosimlarni keng miqyosda oʻtkazishning, afsuski, imkoni boʻlmayapti. Lekin, shunga qaramasdan, bu bayramning ruhi va shukuhi qalblarimizda, yuraklarimizda davom etmoqda. Bu ayyom yurtimizning mehnat jamoalari, taʼlim maskanlari, mahallalarda shodu xurramlik bilan nishonlanmoqda. Ana shu ulkan salohiyatga tayanib, xalqimiz bugungi kunda murakkab sinovlarni mardona yengib, yurtimizda erkin, obod va farovon hayot – yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida fidokorona mehnat qilmoqda”, - deyilgan tabrikda.

Prezident “Yangi Oʻzbekiston” degan ibora xalqaro maydonda nafaqat yangi tushuncha, balki real ijtimoiy hodisa sifatida qabul qilinayotganini taʼkidlagan.

“Konstitutsiyamiz yaratib bergan ulkan huquqiy imkoniyatlarning samarasi boʻlgan bunday yutuq va natijalar barchamizga albatta yuksak gʻurur va iftixor bagʻishlaydi”, - deya qoʻshimcha qilgan u.

Davlat rahbari “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” degan konstitutsiyaviy norma asosida mamlakatda xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qiladigan, Konstitutsiya va qonun ustun boʻlgan samarali va barqaror tizim shakllanayotganini taʼkidlagan.

“Ana shunday konstitutsiyaviy poydevorga asoslangan ushbu tizim dunyo shiddat bilan oʻzgarib borayotgan hozirgi murakkab vaziyatda turli tahdid va sinovlar, jumladan, global pandemiyaga qarshi kurashda, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida yuz bergan tabiiy va texnogen ofatlarning oqibatlarini bartaraf etishda oʻzini toʻla oqladi”, - deyiladi prezident tabrigida.

Mirziyoyev Oʻzbekiston fuqarolari hamisha oʻz davlati va Konstitutsiyasi himoyasida boʻlishi va bu tamoyil bundan buyon ham qatʼiy amalga oshirilishini qayd etgan.

“Bir haqiqat hammamizga ayon boʻlishi kerak: barcha sohalarda amalga oshirayotgan islohotlarimiz qatori jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralik, oʻzini oʻzi tanqid va demokratik yangilanish jarayonlari endi hech qachon ortga qaytmaydi va biz bu yoʻlni qatʼiy davom ettiramiz”, - deyiladi tabrikda.

Prezident xalq hayotini yanada obod va farovon qilish, mamlakatda yashayotgan, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, har bir insonga eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish – davlat va jamiyatning bosh vazifasi ekanini urgʻulagan.

Teglar:
tabrik, konstitutsiya, Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston

Asosiy mavzular