09:53 26 Yanvar 2021
Efir
  • RUB139.72
  • EUR12798.46
  • USD10518.99
Siyosat
Havola olish
49401

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 dekabr kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining videoanjuman shaklidagi yigʻilishida ishtirok etdi.

TOSHKENT, 11 dek - Sputnik. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko raisligida oʻtgan tadbirda kengashning Faxriy Raisi, Qozogʻistonning Birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev, Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin, Qozogʻiston Respublikasi prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi prezidenti vazifasini bajaruvchi Talant Mamitov va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ishtirok etdi.

Bundan tashqari, uchrashuvda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) huzuridagi kuzatuvchi davlat rahbari sifatida Moldova Respublikasi prezidenti Igor Dodon hamda taklif etilgan Kuba Respublikasi Prezidenti Migel Dias-Kanel Bermudes qatnashdi.

Sammit kun tartibiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasiga YEOII huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini berish masalasi koʻrib chiqildi, shuningdek, birlashma doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb jihatlari muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida Oʻzbekistonning kuzatuvchi maqomini olish toʻgʻrisidagi murojaati qoʻllab-quvvatlangani uchun samimiy minnatdorlik bildirib, YEOIIning xalqaro nufuzi tobora ortib borayotgani, tashkilotning xorijiy mamlakatlar bilan amaliy hamkorlik geografiyasi keng ekanini alohida taʼkidladi.

Mamlakatda amalga oshirilayotgan keng miqyosli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning bugungi muhim bosqichida Oʻzbekiston barcha xalqaro sheriklar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni izchil kengaytirib borish, shu jumladan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan muloqotni rivojlantirish tarafdori ekani qayd etildi.

Bu quyidagi muhim omillar bilan izohlanadi.

YEOII mamlakatlari, eng avvalo, Oʻzbekistonning asosiy, tabiiy savdo sheriklaridir. Keyingi yillarda mamlakatda tashkilot davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar ortdi.

Mamlakatlar iqtisodiyotlari koʻp jihatdan bir-birini toʻldirib turadi, turli tarmoqlarda samarali kooperatsiya va mingdan ortiq qoʻshma korxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyilgani bundan dalolatdir.

Oʻzbekiston va YEOIIga aʼzo davlatlarning transport kommunikatsiyalari va infratuzilmasi chuqur integratsiyalashgan va oʻzaro yaqindan bogʻlangan.

Bundan tashqari, keng Yevroosiyo mintaqasi doirasidagi oʻzaro manfaatli munosabatlarga mehnat resurslarining yuqori darajadagi mobilligi xosdir.

Davlat rahbari mamlakatlar iqtisodiyotlarining ulkan salohiyatidan toʻliq hajmda foydalanish, savdo munosabatlaridagi toʻsiq va gʻovlarni birgalikda bartaraf etish, oʻzaro saʼy-harakatlar bilan yangi bozorlarni shakllantirishga chaqirdi.

Oʻzbekiston sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, ilgʻor tajriba va innovatsion yondashuvlar asosida qoʻshilgan qiymat yaratishning barqaror zanjirlarini shakllantirishdan manfaatdor ekani taʼkidlandi.

Transport va tranzit sohasida oʻzaro muvofiqlashgan yondashuvlarni ishlab chiqish muhimligiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu esa transport yoʻlaklarini yanada faol ishga solish, ularning raqobatbardoshligi va quvvatini salmoqli darajada oshirishga yordam beradi.

Mehnat migratsiyasi sohasida yaqindan hamkorlik qilish muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi. Bu aholi bandligi bilan bogʻliq koʻplab dolzarb masalalarni hal qilish hamda ishtirokchi davlatlar iqtisodiyotlarining malakali mutaxassislarga tobora ortib borayotgan ehtiyojini taʼminlashga xizmat qiladi.

Yuqorida qayd etilgan barcha omillar Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan kuzatuvchi davlat maqomida hamkorlik qilishi toʻgʻrisidagi taklif Oʻzbekiston Oliy Majlisi tomonidan maʼqullanishi uchun asos boʻldi.

Taʼkidlanganidek, bu amaliy va koʻp qirrali munosabatlarning sifat jihatidan yangi bosqichiga chiqish, tashkilot doirasida roʻy berayotgan muhim jarayonlarni yanada chuqur va aniq tushunish imkonini beradi.

Davlat rahbari soʻzining yakunida bunday sheriklikni rivojlantirish mamlakatlarimizning milliy manfaatlariga javob berishi, teng huquqlilik, oʻzaro foyda va manfaatlarni hisobga olish printsiplariga asoslangan boʻlishi lozimligini alohida taʼkidladi.

Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yigʻilishi yakunida YEOIIga aʼzo mamlakatlar yetakchilari Oʻzbekiston Respublikasiga tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini berish toʻgʻrisida bir ovozdan qaror qabul qildilar.

Asosiy mavzular