09:14 23 Yanvar 2021
Efir
  • RUB142.66
  • EUR12682.88
  • USD10500.81
Siyosat
Havola olish
572 0 0

Yigʻilishda xorijda mehnat faoliyatini olib borayotgan Oʻzbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, vatandoshlar bilan rishtalarni mustahkamlash va kengaytirish masalalari ham koʻrib chiqildi.

TOSHKENT, 19 dek - Sputnik. Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov joriy yili tashqi siyosiy faoliyat va iqtisodiy diplomatiyaning ustuvor yoʻnalishlarida olib borilgan ishlar hamda kirib kelayotgan 2021 yilga rejalar boʻyicha Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan yigʻilish oʻtkazdi.

Vazir oʻz nutqida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlari, "2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi"da va Strategiyani "Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalarni bajarish boʻyicha TIV markaziy apparati va chet eldagi vakolatxonalarning faoliyatini batafsil tahlil qildi.

Qayd etilganidek, koronavirus infektsiyasi bilan bogʻliq murakkab vaziyatda ham xalqaro hamkorlik va tashqi iqtisodiy faoliyatning ijobiy oʻsish surʼatlari saqlab qolindi.

Oʻzbekiston prezidentining Turkiya  va Rossiyaga rasmiy tashriflari, qator xorij davlatlari rahbarlari bilan videokonferentsiya shaklida muzokaralar va xalqaro tashkilotlarning yigʻilishlari boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston rahbarining BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasidagi xalqaro tashabbuslarini ilgari surish boʻyicha "Yoʻl xaritasi" izchil amalga oshirilmoqda.

Xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, shu jumladan, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasida hamkorlik muntazam rivojlanmoqda. Oʻzbekistonning joriy yili MDHdagi raisligi ijobiy natijalar bilan yakunlangani ham taʼkidlandi.

Afgʻonistonni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, afgʻonlararo muzokaralarni oʻtkazishga yordam berish va ushbu mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha faol ishlar davom ettirildi.

Koronavirus pandemiyasi davom etayotgan va dunyoning koʻplab davlatlari tomonidan cheklov choralari joriy qilingan sharoitda xorijiy sheriklar bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, sanoatning turli jabhalarida qoʻshma sarmoyaviy loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, hamkorlikning yangi oʻsish nuqtalarini belgilab olishga alohida eʼtibor qaratildi.

Xorijda mehnat faoliyatini olib borayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, vatandoshlar bilan rishtalarni mustahkamlash va kengaytirish masalalari ham koʻrib chiqildi. TIV tomonidan boshqa vazirlik va idoralar hamda xorijiy sheriklar bilan birgalikda Vatanimizga 500 mingga yaqin Oʻzbekiston fuqarosini qaytarish boʻyicha ishlar tashkil etildi. Chet elda ogʻir vaziyatda qolgan 60 mingdan ortiq Oʻzbekiston fuqarosiga elchixonalar va konsullik muassasalari orqali moliyaviy mablagʻlar, yashash joyi va oziq-ovqat bilan taʼminlash shaklida begʻaraz yordam koʻrsatildi.

Yigʻilish yakunida markaziy apparat va xorijdagi vakolatxonalarga prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqaro tashabbuslarini dunyo maydonida jadal ilgari surish, uzoq va yaqindagi davlatlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro va mintaqaviy institutlar bilan konstruktiv sheriklikni jadallashtirish, faol iqtisodiy diplomatiyani amalga oshirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish boʻyicha hamda boshqa ustuvor yoʻnalishlarda aniq vazifalar belgilab berildi.

Asosiy mavzular