TOSHKENT, 22 dek — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti farmoni bilan Ayubxon Kamalov Markaziy bank raisi oʻrinbosari etib tayinlandi.
U Markaziy bankning naqd pul muomalasini tashkil etish, bank tizimida metodologiya ishlarini muvofiqlashtirish, kadrlar bilan ishlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida tijorat banklari faoliyatini monitoring qilish, tadbirkorlik subʼyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tijorat banklari faoliyatini monitoring qilish kabi yoʻnalishlarini muvofiqlashtirib boradi.
Ayubxon Kamalov 1971 yil Namangan shahrida tugʻilgan. 1993 yil Leningrad qishloq xoʻjaligi institutini, 2001 yil Namangan muhandislik-pedagogika institutini tamomlagan.
Bank tizimidagi faoliyatini 1994 yilda boshlagan. Keyinchalik Moliya vazirligida sektor mudiri, boʻlim boshligʻi, boshqarma boshligʻi oʻrinbosari boʻlib ishlagan. 2017-2019 yillarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi ijrochi direktori sifatida faoliyat yuritgan. 2019-2020 yillarda Namangan viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari lavozimida mehnat qilgan.
Kamalov yangi lavozimiga tayinlangunga qadar Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy oʻzgarishlar, moliya-bank tizimi, davlat aktivlarini boshqarish, raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari kotibiyati mudiri boʻlib ishlab kelayotgan edi.