03:26 27 Yanvar 2021
Efir
  • RUB139.72
  • EUR12798.46
  • USD10518.99
Siyosat
Havola olish
238 0 0

Qoʻshinlarni zamonaviy qurol-yarogʻ va texnikalar bilan taʼminlash, boʻlinmalarni boshqarishda axborot texnologiyalarini keng qoʻllash, jangovar tayyorgarlik va kasbiy mahoratni oshirish – bundan keyin ham ustuvor vazifalarimiz boʻlib qoladi, deya taʼkidlanadi prezident tabrigida

TOSHKENT, 13 yanv - Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti, Qurolli kuchlar Oliy bosh qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlar faxriylari, vatandoshlarni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tabrikladi.

"Taʼkidlash kerakki, milliy armiyamizning kuch-qudrati azmu shijoatli va har ishda yetuk salohiyatli harbiy xizmatchilarimizning, bagʻrikeng va olijanob xalqimizning birligi va hamjihatligidadir. Bu haqiqatni bugungi kunda har qachongidan ham chuqur his etmoqdamiz. Ishonchim komilki, ana shunday buyuk maʼnaviy qudrat manbai bor ekan, el-yurtimizning tinch va osoyishta hayoti, Vatanimiz mustaqilligiga hech qanday yovuz kuch rahna sololmaydi, demokratik islohotlarimiz yoʻlidan hech qachon ortga qaytara olmaydi", - deya taʼkidlanadi prezident tabrigida.

Mirziyoyev shuningdek, Qurolli Kuchlar saflarida xizmat qilayotgan qoʻrqmas va haqiqiy vatanparvar askar va ofitserlarning ota-onalariga, shuningdek, harbiy hayotning butun quvonch va tashvishlarini turmush oʻrtoqlari bilan baham koʻrib kelayotgan mehribon va sabr toqatli rafiqalariga ulkan minnatdorlik bildirgan.

Oʻzbekiston yetakchisi bundan toʻrt yil oldin mamlakatda harbiy qurilish sohasini tubdan isloh qilish boʻyicha eng muhim va ustuvor yoʻnalishlarni belgilab olinganini, shu asosda mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va Qurolli Kuchlarni rivojlantirish uchun keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotganini aytgan.

Oʻtgan qisqa davrda yangi Mudofaa doktrinasi qabul qilindi, harbiy tuzilmalarning tarkibi va vazifalari chuqur qayta koʻrib chiqildi, qoʻshinlarni boshqarish tizimi takomillashtirildi, milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarogʻ va texnika vositalari bilan taʼminlash boʻyicha oʻta muhim loyihalar amalga oshirildi, deya eslatgan prezident.

"Ana shunday saʼy-harakatlarimiz natijasida, bugungi kunda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari respublikamiz mustaqilligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishning chinakam kafolati boʻlmoqda. Eng asosiysi, milliy armiyamiz har qanday tahdid va xavf-xatarga qarshi munosib zarba bera oladigan el-yurt tayanchi va suyanchiga, yoshlar va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik va sadoqat ruhida tarbiyalashning muhim institutiga aylandi", - deya qayd etgan Mirziyoyev.

Davlat rahbari jahonda mafkuraviy kurashlar keskin tus olayotgan, axborot makonida turli xavf-xatar va tahdidlar tobora ortib borayotgan hozirgi sharoitda "barchamiz doimiy ogoh va sezgir, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlishimiz kerak", deya ogohlikka daʼvat etgan.

Ayniqsa, adashib, yot gʻoyalar taʼsiriga tushgan shaxslar va ularning farzandlarida mafkuraviy immunitetni shakllantirish va ularni sogʻlom turmush tarziga, toʻgʻri yoʻlga qaytarishda harbiy xizmatchilari davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikdagi ishlarni yanada kuchaytirishi lozimligi taʼkidlangan.

Bugun dunyoning olis va yaqin mintaqalarida murakkab mojaro va toʻqnashuvlar davom etayotgan bir paytda Oʻzbekistonda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash borasidagi ishlarni yanada samarali tashkil etish shart, deb hisoblaydi Mirziyoyev.

Xususan, Oʻzbekiston mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, qoʻshinlarni zamonaviy qurol-yarogʻ va texnikalar bilan taʼminlash, boʻlinmalarni boshqarishda axborot texnologiyalarini keng qoʻllash, jangovar tayyorgarlik va kasbiy mahoratni oshirish – bundan keyin ham ustuvor vazifalarimiz boʻlib qolishi aytilgan.

"Hech shubhasiz, birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan ana shunday ezgu maqsad va marralarga erishishga, xalqimizning tinch mehnati, osoyishta hayotini, yurtimizning  musaffo osmonini koʻz qorachigʻidek asrab-avaylashga har tomonlama qodirmiz", - deya ishonch bildirgan Mirziyoyev oʻz tabrigida.

Asosiy mavzular