21:20 16 Sentyabr 2019
Efir
  • RUB142.96
  • EUR10360.56
  • USD9395.63
Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Islom Karimov. Arxiv surat

Islom Karimov oʻzbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish toʻgʻrisida farmon imzoladi

© Sputnik / Aleksey Nikolskiy
Jamiyat
Havola olish
59454

2016-2017 oʻquv yillarida ishga tushadigan universitet tarkibida oʻzbek filologiyasi, oʻzbek tili va adabiyoti, oʻzbek-ingliz tarjima fakultetlari boʻladi.

TOSHKENT, 14 may — Sputnik. Oʻzbekiston respublikasi Prezidentining 13-maydagi farmoniga binoan Toshkent shahrida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent Davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etiladi, nuz.uz xabari asosida.

Hujjatda qayd qilinishicha, universitetni tashkil etish bilan bogʻliq qaror oʻzbek tili va adabiyotining oʻziga xos betakror xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, uning bugungi holati va istiqboli bilan bogʻliq masalalarni chuqur oʻrganish, bu borada olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari samaradorligini kuchaytirish, taʼlim-tarbiya tizimining barcha boʻgʻinlarida oʻzbek tili va adabiyoti fanini oʻqitish, shuningdek, ushbu soha boʻyicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirish bilan bogʻliqdir.

Yangi oliygoh Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining oʻzbek filologiyasi va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining oʻzbek tili va adabiyoti fakultetlari hamda Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti negizida tashkil etilmoqda.

Universitet tarkibida 3 ta fakultet: oʻzbek filologiyasi, oʻzbek tili va adabiyotini oʻqitish, oʻzbek-ingliz tarjima fakultetlari. Bundan tashqari, oliygoh tarkibida Oʻzbek tili va adabiyoti ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi. Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi Universitet tarkibiga oʻtkazilib, uning negizida Oʻzbek tili va adabiyoti muzeyi tashkil etiladi.

Universitet oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha filolog mutaxassislar, ilmiy-pedagog kadrlar, yuqori malakali tarjimonlar tayyorlab beradi, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boradi, soha xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan shugʻullanadi, shuningdek, ayni shu yoʻnalishlarda ilmiy va oʻquv-metodik materiallar tayyorlab beradi.

Yangi universitetda oʻquv jarayoni 2016/2017 oʻquv yilidan boshlab tashkil etiladi.

Universitetning bosh binosi oldidagi maydonda ulugʻ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalini oʻrnatish rejalashtirilgan.

Asosiy mavzular