Salomatlik reytingida O‘zbekiston MDH davlatlari o‘rtasida 1-o‘rinni egalladi

Obuna bo‘lish
Nufuzli "The Lancet" tibbiyot jurnali tomonidan tabobat, hayot va salomatlik bilan bog’liq barqaror rivojlanishning ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyo mamlakatlari reytingi e’lon qilindi. Unga binoan, jahondagi 188 davlat o‘rtasida O‘zbekiston 55-o‘rinni egalladi. Bu Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari orasidagi eng yaxshi ko‘rsatkichdir.

TOShKENT, 23 sen — Sputnik. Eng yaxshi ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan beshta davlat ro‘yxatidan Islandiya, Cingapur, Shvetsiya, Andorra va Buyuk Britaniya joy olgan. MDH mamlakatlari orasida O‘zbekistondan keyin Turkmaniston (60-o‘rin), Ozarbayjon (75), Moldova (80), Qozog’iston (85), Armaniston (86), Tojikiston (99), Qirg’iziston (113), Ukraina (118), Rossiya (119) va Belorus (120-) o‘ringa munosib topilgan, deb xabar qiladi "Jahon" AA.

Reyting noldan (eng yomon ko‘rsatkich) yuzgacha (eng yaxshi ko‘rsatkich) bo‘lgan muqoyasada 33 ko‘rsatkich bo‘yicha umumlashtirilgan baholar hisobga olingan holda tuzilgan. Mamlakatlar o‘rinlarini belgilashda nazarda tutilgan mezonlar orasida bolalar va chaqaloqlar o‘limi, yo‘l-transport hodisalaridagi o‘lim, bolalardagi ortiqcha vazn, alkogol va tamaki iste’moli darajasi, odam immuniteti tanqisligi virusi (VICh), sil va V gepatiti bilan kasallanish, o‘z joniga qasd qilish ko‘rsatkichlari mavjud.

Bundan tashqari, ekspertlar zo‘ravonlik harakatlari va urushlardagi o‘lim holatlarini ham hisobga olishgan. Har bir mezon bo‘yicha hisoblar 1990 —2015-yillar oralig’idagi vaziyatlarning tahlili asosida chiqarildi.

Masalan, "Doyalar ishtirokidagi tug‘ruqlar" mezoni bo‘yicha O‘zbekiston maksimal darajadagi bahoni, "Kasalliklar tibbiy profilaktikasi darajasi" bo‘yicha — 93, "Havo ifloslanishi tufayli kasallikka chalinish" mezoni bo‘yicha — 89, "Oilani rejalashtirish va reproduktiv yosh" bo‘yicha — 84, "Chekish" va "Ichishga yaroqsiz suv iste’moli bilan bog‘liq kasalliklar" mezoni bo‘yicha 81 ballarni to‘pladi.

"The Lancet" ushbu reytingni tuzish uchun inobatga olgan ko‘rsatkichlar 2015-yil sentabr oyidagi BMT Bosh Assambleyasida qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlariga asoslangan. Ular 17 ta global maqsadni (qashshoqlikni bartaraf etish, ochlikka barham berish, ta’lim olish imkoniyatini ta’minlash va hokazo), 169 ta vazifa hamda 230 ta aniq maqsadga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlarni o‘z ichiga olgan. BMT rejasiga bo‘yicha 15-yil mobaynida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishilmog‘i lozim.

"The Lancet" jurnali tadqiqotining natijalari O‘zbekiston bo‘yicha boshqa nufuzli xalqaro institutlar tomonidan berilgan baholarni to‘la tasdiqlaydi. Shuni eslatib o‘tish o‘rinliki, O‘zbekiston jahondagi nufuzli tashkilot — “Save the children” ("Bolalarni asraylik") xalqaro muassasasi tomonidan tuzilgan dunyo reytingida bolalar salomatligini mustahkamlash borasida katta g’amxo‘rlik ko‘rsatilayotgan eng ilg’or o‘n mamlakat qatoridan joy olgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ko‘magida AQShning Kolumbiya universiteti sotsiologlari tomonidan o‘tkazilgan yana bir tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston "Dunyoning eng baxtli mamlakatlari" reytingida 158 mamlakat orasida 44-o‘rinni, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari o‘rtasida esa birinchi o‘rinni egallagan.

Eslatib o‘tamiz, "The Lancet" — Britaniyada nashr etiladigan haftalik jurnal. U tibbiyot bo‘yicha eng mashhur, ko‘hna va eng nufuzli nashrlardan biri hisoblanadi. Lanset, ya’ni jarrohlik asbobining nomi qo‘yilgan ushbu jurnalga ingliz jarrohi Tomas Uokley tomonidan 1823-yili asos solingan. Nashrda muhim tadqiqotlarga oid maqolalar, kitoblar sharhlari, yangiliklar, kasalliklar tarixi va boshqa materiallar chop etiladi. London, Nyu-York va Pekinda jurnal tahririyatlari joylashgan.

Yangiliklar lentasi
0