13:09 26 Avgust 2019
Efir
  • RUB138.47
  • EUR10092.14
  • USD9061.00
SIZO

"Haqiqat qamoqdan chiqdi" - Oʻzbekistonda Samandar Qoʻqonov ozod qilindi

© Sputnik / Aleksey Filippov
Jamiyat
Havola olish
320794

Siyosiy mahbus - Samandar Qoʻqonovning 23 yildan soʻng qamoqdan chiqqani haqidagi xabar juda qisqa muddat ichida butun dunyoni aylanib chiqdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Kimdir bu voqeaga "Mirziyoyevning yana bir jasorati" deya izoh berdi, yana kimningdir taʼrifi boʻyicha "Haqiqat qamoqdan chiqdi"...

TOSHKENT, 26 noya — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Siyosiy mahbus Samandar Qoʻqonovning qamoqdan ozod etilishi internet olamini "yorib" yuborgan yangiliklardan biri boʻldi.

Samandar Qoʻqonovning ozod etilgani haqidagi xabar juda qisqa muddat ichida butun dunyoni aylanib chiqdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Kimdir bu voqeaga "Mirziyoyevning yana bir jasorati" deya izoh berdi, yana kimningdir taʼrifi boʻyicha "Haqiqat qamoqdan chiqdi"…

Samandar Qoʻqonovning ozodlikka chiqqani haqida eshitgan borki, bu yangilikni oʻz yaqinlariga, doʻstlariga yetkazishga shoshildi. Bu yangilik rostligiga ishonch hosil qilish uchun Qoʻqonovning qizlari Umida Qoʻqonova bilan bogʻlandik. Salomimizga juda quyuq alik oldilar — cheksiz shodu-xurramliklari, hatto, 4000 ming kilometr masofa uzoqlikda ham sezildi.

Samandar Kukanov
23 yillik qamoqdan ozod etilgan siyosiy mahbus Samandar Qoʻqonov

"Hozirgi holatimni sizga soʻz bilan taʼriflab berolmayman. Juda ham xursandmiz. Hamma xursand: onamlar ham, opa-ukalarim ham. Bir yigʻlayman xursandligimdan, bir kulaman. Bilasizmi, bizlar uchun bu voqea — yozda yoqqan qorday boʻldi. Sababi, 6 oktyabrda chiqishlari kerak edi. "Ana chiqadilar, mana chiqadilar", deb tayyorgarlik qilib, Toshkent bilan Navoiyning oʻrtasida yashayman, birinchi boʻlib men koʻrar ekanman deb xursand boʻlib, kutib turgandim, boʻlmadi. Bizga otangizga yana 3 yilu 5 kun "srok" berildi deb aytishdi. Buni eshitib, hammamizning "tarvuzimiz qoʻltigʻimizdan tushgandi". Shuning uchun ozodlikka chiqishlariga oxirigacha ishonmaganman, qarang, kirib kelishdi. Juda ham xursandmiz. Dadamlarning kelishlarini oxirigacha hech kimga aytmagandik. Tagʻin yolgʻon boʻlib chiqmasin, deb. Ammo kelishlari bilan bir pasda uyimiz mehmonga toʻlib ketdi", — deya koʻnglida kechayotgan tuygʻular bilan boʻlishdi Umida Qoʻqonova.

Suhbatdoshning soʻzlariga koʻra, yaqinlari hali ham Samandar Qoʻqonovning diydoriga toʻya olganlari yoʻq.

"Qarang, dadam shuncha yil oʻtirib, 15 ta nevaraning oldidan turolmadilar. Mening besh nafar nevaram bor, birortasini koʻrmaganlar. Ikkitasi dadamning ikki biqiniga yopishib oldi, bolalardan ortmadilar. Biz kattalar faqat mehmon kutdik. Hali bemalol oʻtirib, yuzma-yuz gaplashganimiz yoʻq. Bilasiz, 23 yil kam muddat emas. Vaqt baribir oʻz taʼsirini oʻtkazadi. Dadamlar bir oz oʻzlariga kelib olishlari uchun hozir u kishini sanatoriyga joyladik, hamma bilan suhbatni keyin ham davom ettiraverasiz, dedik".

23 yillik ayriliqdan koʻngilda nima qoldi, degan savolimizga Umida Qoʻqonova quyidagicha javob berdi: "Sogʻ-salomat koʻrishganimizning oʻzi koʻngildagi gʻuborlarni yuvib ketdi. Odam hamma qiyinchiliklar, ayriliq-azoblarni bir pasda unutar ekan. Har qanday qorongʻilikning orqasida yorugʻlik bor deyishadi-ku. Bugungi diydor hamma qorongʻilikni bir pasda shundoq surib tashladi.

Misol uchun bir narsani orzu qilasiz, lekin u orzuga yetishish qoʻlingizdan kelmaydi, chunki birgina sizga bogʻliq emas u. Agar shu orzuga yetishishga kimlardir sizga yordam bersa, qanchalik xursand boʻlasiz! Beayb parvardigor, lekin dadamning ozodlikka chiqishlari — bizlar uchun juda katta yaxshilik.  Men 29 yoshda edim dadam qamalganlarida, bir kunda ikki ukam ham qamalgan. Toʻrt yarim yil 3ta qamoqqa qatnaganman. Qahraton boʻladimi, jazirama boʻladimi… Otamlarga olib borish uchun farzandlarimning qoʻlidan yegulikni tortib olgan paytlarim boʻlgan. Bu kunlar unutildi. Men hozirgi hukumatimizdan juda ham minnatdorman… "

Samandar Qoʻqonovning ozodlikka chiqarilishiga Internet foydalanuvchilari qanday munosabat bildirishmoqda?

"Sobiq deputat va siyosiy mahbus Samandar Qoʻqonovning ozod etilgani nihoyatda muhim xabardir", — deb yozgan oʻzining facebookdagi sahifasida Namoz Normoʻmin.

"Samandar aka ozodlikda Shuning oʻzi men uchun katta bayram", — deya izoh qoldirgan Jabbor Pirimovich.

"Samandar akaning bundan 25 yillik oldingi telefonda gaplashayotgan suratlarini koʻrgandim. Endi… yetmish yoshdan oshgan, qalbidagi barcha orzu —umidlari yillar ortida qolgan, hayotga horgʻinlik va muhabbat bilan qarayotgan qariya bir odamning rasmini koʻrib turibman. Ming shukur yetti muchasi but va omon koʻrganimizga…" — Salomat Vafo.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Oliy kengashi deputati, Chinoz neftni qayta ishlash korxonasi sobiq boshligʻi Samandar Qoʻqonovga berilgan soʻnggi qamoq jazosi joriy yilning 6 oktyabr kuni tugagan edi. Ammo u belgilangan muddatda ozodlikka chiqarilmagan. Samandar Qoʻqonov mustaqil Oʻzbekiston tarixida eng uzoq qamalgan siësiy mahbusdir.

Asosiy mavzular