Arzon uylarning narxi 85 mln so‘mdan boshlanishi ma’lum bo‘ldi

© anhor.uzO‘zbekistonda qurilayotgan kottej tipidagi uylar
O‘zbekistonda qurilayotgan kottej tipidagi uylar - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Hozirda arzon uylarning dastlabki loyihalari va qurilish joylari aniqlanmoqda

TOShKENT, 6 dek — Sputnik. Samarqand viloyati tumanlarida 1 758 ta yangilangan loyihadagi namunaviy uylar quriladi, deb xabar qilmoqda "Zarafshon" nashri.

Nashrga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi "2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida"gi qaroriga asosan mazkur yo‘nalishdagi ishlar keng ko‘lamda davom ettirilib, qishloq aholisining turmush sharoitini yanada yaxshilashga e’tibor qaratilmoqda.

"Prezident qarori asosida 2017-yil dasturida qishloq joylarida namunaviy loyihalarni takomillashgan, energotejamkor, optimal yechimlarga ega, kamqiymatli, uyga muhtoj oilalarga mo‘ljallangan arzon narxlarda yakka tartibdagi uy-joylar namunalarining uchta turini qurish nazarda tutilgan", — deb ta’kidlagan nashrga bergan intervyusida "Qishloq qurilish invest" injiniring kompaniyasi viloyat filiali direktori Akmal Shukurov.

Shukurovning so‘zlariga ko‘ra, birinchi turi bo‘yicha uch yoki to‘rt yo‘lakli alohida oshxona, yuvinish xonasi va qo‘shimcha binolari bo‘lgan umumiy maydoni 42,4 metr kvadratdan iborat 2 xonali hamda 52,4 metr kvadratni tashkil etuvchi 3 xonali uylar qurish rejalashtirilgan. Ikkinchi turi bo‘yicha aholi zich joylashgan massivlarda 2 sotix maydondagi yer uchastkasida bir qavatli ikki va uch xonali arzon uylar quriladi. Hovli qismida bolalar o‘yingohi, uy egalari dam olishlari uchun sharoitlar e’tiborga olingan.

Namunaviy loyihadagi uy qurilishi - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonda yoppasiga arzon uylar qurilishi boshlanadi
Ta’kidlanishicha, kanalizatsiya tizimi alohida chiqindixonaga ulanadi. Suv ta’minoti qiyin bo‘lgan hududlarda esa har bir xonadonga alohida qo‘shimcha zaruriy binolar qurilishi mumkin. Suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan va markazlashgan kanalizatsiya tizimi mavjud hududlarga 3 qavatli 24 xonadonli uy-joylar qurilishi ham nazarda tutilgan.

Uchinchi turi bo‘yicha esa har biriga alohida 4 sotix maydonga ega 2 qavatli qo‘shib qurilgan 4 xonali 2 xonadonga mo‘ljallangan uylar quriladi. Bunda birinchi qavatda zal, oshxona, yuvinish xonasi, ayvon, qozonxona va boshqa xonalar rejalashtirilgan. Ikkinchi qavatda ota-ona va bolalar uchun 3 ta yotoqxona, yuvinish xonasi va yo‘lak loyihalashtirilgan. Hovli qismida qurilayotgan namunaviy uylardagi kabi darvozaxona, kirish eshigi, omborxona va boshqa qo‘shimcha binolar bo‘ladi. Bundan tashqari, hovlisida bolalar o‘ynashi, xonadon sohiblarining dam olishi, daraxt, ekin va gullar parvarishlashi uchun 81 kvadrat metr joy qoladi.

2 sotix maydonda uy-joylar quriladigan massivlarda eni 13 metrli ichki ko‘chalar, uy-joylar oraliq qismida xo‘jalik maqsadlari uchun 4 metrli yo‘laklar quriladi.

2009 yilda qabul qilingan qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joylar qurish dasturi doirasida uy quruvchining dastlabki badali 25 %ni tashkil etgan bo‘lsa, yangi dastur bo‘yicha birinchi va ikkinchi turdagi uylar uchun 15% miqdorida dastlabki to‘lov amalga oshiriladi.

Qaror asosida bunday uylarning qurilishi aholiga juda katta qulaylik yaratadi. Dastlabki hisoblarga ko‘ra, birinchi turdagi 2 qavatli 4 yo‘lakli 16 xonadonli uy-joylarning 2 xonasi narxi 85 million so‘m, 3 xonali esa 100,7 million so‘mni, ikkinchi turdagi aholi zich joylashgan tumanlarda 2 sotix maydondagi yer uchastkasida barpo etiladigan bir qavatli 2 xonali uylar 101,5 million so‘mni, bir qavatli 3 xonali uylar 118,7 million so‘mni, uchinchi turdagi 4 sotix maydondagi yer uchastkasida barpo etiladigan 4 xonali uylar esa 181,8 million so‘mni tashkil etmoqda.

Bunda birinchi va ikkinchi turdagi uy-joylarga 15 %lik boshlang‘ich to‘lov belgilangan bo‘lib, qolgan qismi 7 foizlik imtiyozli davr bilan 15-yilga uy egasi nomiga kredit ajratiladi.

Uchinchi turdagi 4 sotixli 4 xonali uylarning narxi 181,8 million so‘mni tashkil etib, birinchi to‘lov sifatida uy narxining 25 % miqdorida badal puli to‘lanadi. Ya’ni, xonadon sohibi 45,5 million so‘m atrofida birinchi to‘lovni to‘lashi lozim bo‘ladi. Qolgan qismi uchun 15-yilga 7 %lik imtiyozli kredit ajratiladi.

Namunali loyihalar asosida qurilgan uylar - Sputnik O‘zbekiston
Qishloq joylarda yangi uylar qurilishiga 700 mln $ ajratildi
Uy-joylarga elektr, gaz, ichimlik suv tarmoqlari tortish va ichki yo‘llarni qurish respublika budjeti hisobidan bajariladi.

"O‘tgan yillarda namunaviy loyihadagi uylarning moliyaviy tomonlari bilan asosan "Qishloq qurilish bank" TIF Milliy banki, "Ipotekabank" shug‘ullangan bo‘lsa, yangi qaror asosida Xalq banki, "Asakabank" va "O‘zsanoatqurilishbank" kabi moliya muassasalari ham jalb etildi", — deb ma’lum qilgan suhbatdosh.

Nashr xabariga ko‘ra, Samarqand viloyati tumanlarida barcha turdagi uylardan 1 758 ta yangilangan loyihadagi namunaviy uylar quriladi. Shu jumladan, Past Darg‘om tumanida 182 ta, Paxtachida 52 ta, Jomboyda 102 ta, Narpay tumanida 72 ta, Ishtixonda 102 ta, Bulung‘urda 57 ta, Kattaqo‘rg‘on tumanida 77 ta, Nurobod, Qo‘shrabot va Payariqda 42 tadan, Tayloqda 152 ta, Oqdaryoda 372 ta, Samarqand tumanida 319 ta, Urgutda 145 ta uylar qurilishi rejalashtirilgan.

Xabarda aytilishicha hozirda bunday uylarning dastlabki loyihalari va qurilish joylari aniqlanmoqda.

Yangiliklar lentasi
0