O‘zbekistonda yangi departament tashkil etiladi

Obuna bo‘lish
Departament Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatining tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi

TOShKENT, 9 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenti to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Mazkur hujjat lex.uz portalida joylashtirilgan.

Nizomga ko‘ra, Departament Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatining tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi va o‘z faoliyatini Bosh vazir rahbarligida amalga oshiradi.

Hujjatda qayd etilishicha, departament faoliyati Vazirlar Mahkamasini, uning Rayosatini, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatini hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha axborot-tahliliy materiallar bilan ta’minlashga yo‘naltirilgan.

Yangi departament hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari bajarilishi monitoringini olib borish va tahlil qilish, ularni tezkor hal etish, hududlarning iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasini rivojlantirishning holati bo‘yicha kompleks tahliliy materiallar, qabul qilingan hududiy dasturlarga tuzatishlar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlash bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, hududlar iqtisodiyotining barqarorligini va muvozanatli faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash, har bir hududning mineral-xom ashyo resurslaridan, mehnat va ishlab chiqarish salohiyatidan samarali foydalanish, mahalliy budjetlarning daromad qismini kengaytirishni amalga oshiradi.

Bundan tashqari, demografik jarayonlarni va hududlar aholisi jins va yosh tarkibini, aholi bandligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport tarmoqlarining darajasi va tuzilmasini, aholi hayot darajasini, shuningdek, madaniy-ma’rifiy ishlar sohasida ishlarning holatini tizimli tahlil qilish bilan shug‘ullanadi.

Yangiliklar lentasi
0